Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘zbekistonliklarning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga targ‘ib qilish holatlariga munosabat bildirib, fuqarolarni fitna chaqiriqlariga aldanmaslikka chaqirdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya va Ukraina kabi urush kechayotgan yerlarda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini turli va’dalar bilan urushga targ‘ib qilish holatlari kuzatilmoqda. Ayrim terrorchi tashkilot vakillari esa paytdan foydalanib, “jihod” da’vosi ostida turli xunrezliklarga chaqiriq bilan chiqmoqda.

Aslida musulmon kishini o‘z vatanini himoya qilishdan boshqa har qanday harbiy harakatlarda ishtirok etishi shar’an joiz bo‘lmaydi. Bu haqda mazhabimizning buyuk olimlaridan biri Imom Muhammad “As-Siyarul-kabir” kitobida aytadilar: “Musulmonlar g‘ayridinlar bilan birlashib, boshqa g‘ayridin jamoaga qarshi urushishi joiz emas”, deganlar.

Ushbu urushga “jihod” nomini berish jaholatdan boshqa narsa emas. Chunki Islom shariatida jihod uchun belgilab qo‘yilgan o‘ziga xos shart va talablar mavjud. Agar shartlar topilmasa, u hech qanday jihod hisoblanmaydi. Balki u Islomda harom qilingan urush bo‘ladi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida bo‘ladi. Unda o‘ldirganlar qotil, o‘lganlar esa gunoh uzra jon bergan bog‘iylar bo‘ladi.

Biz bugungi kunda kurashlar, ziddiyatlar, dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o‘yinlar avj olgan bir vaziyatda yashamoqdamiz. Hozir zulm va istibdod, terror va buzg‘unchiliklar, axloqsizlik va ma’naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Shuning uchun bugungi kunning musulmon kishisi harqachongidan ko‘ra ogoh va xushyor bo‘lishi darkor. Xususan, insoniyat taraqqiyotiga tahdid solayotgan turli bo‘xronlar va notinchliklar paytida turli fitnalarga aralashmasligi lozim, — deyiladi xabarda.

Bu kabi fitnalarga aralashish shar’an harom hisoblanadi. Qolaversa, amaldagi qonunchilikda ham xorijiy mamlakatlarning harbiy tuzilmalari, noqonuniy diniy tashkilotlar va terrorchi guruhlar tarkibiga a’zo bo‘lish ta’qiqlangan.

Ta’kidlanishicha, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: ‘Yaqinda fitnalar bo‘ladi. U paytda o‘tirgan turgandan yaxshidir, u paytda turgan yurgandan yaxshidir, u paytda yurgan yugurgandan yaxshidir. Kim fitnaga kirishsa halokat yoqasiga keladi, kim fitna payti panohgoh yoki saqlanadigan joy topsa u bilan saqlansin!’ (Imom Buxoriy rivoyati).

“Xulosa qilib aytganda Islom dini ikki jamoa o‘rtasida urush boshlansa, ulardan biriga qo‘shilib, uni alangalatishga emas, balki tinchlikka erishishga chaqiradi. Shundan kelib chiqib, biz vatandoshlarimizni turli aldamchi targ‘ibotlarga uchmaslikka, fitnalardan yiroq bo‘lishga da’vat etamiz”, — deyiladi Musulmonlar idorasi murojaatida.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Qirg‘iziston ta’lim vaziri xorijlik talabalardan pora olayotgan vaqtda ushlandi
Dunyo
Qozog‘iston Rossiyaga harbiy texnika yuborayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan mamlakat Mudofaa vazirligi izoh berdi
Mahalliy
O‘zbekistonda 30-sentabrda qanday ob-havo kutilmoqda?