Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

2022-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar jami aholining 49,7 foizini tashkil qiladi. Ular orasida 25 yoshdan oshgan ayollarning atigi 13,2 foizi oliy ma’lumotga ega, deb yozmoqda The Diplomat.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Umuman olganda, O‘zbekistonda ayollarning atigi 17,7 foizi oliy ma’lumotga ega, ba’zi hududlarda bu raqam undan ham past.

Masalan, Qashqadaryoda xotin-qizlarning atigi 8 foizi oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan bo‘lsa, Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 9,1 foizga teng.

O‘zbekistonda oliy ta’limning o‘rni

O‘zbekistonda oliy ta’lim qadrlanadi — unga yaxshi ishga joylashish kafolati sifatida qaraladi (garchi yuqori maoshli ish bo‘lmasa ham).

Mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari soni so‘nggi olti yil ichida keskin oshdi — 2016-yildagi 77 tadan 2021-yilda 154 taga yetdi.

 

Biroq bu o‘sish hali to‘liq talabni qondirmadi. 2015-yilda davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul koeffitsiyenti 9,5 foizni tashkil etgan (605 836 nafar abituriyentdan atigi 57 800 nafari qabul qilingan).

Bu yil davlat davlat universitetlarida atigi 121 395 o‘ringa 1,2 milliondan ortiq abituriyent bor, bu esa qabul darajasining 10 foizini tashkil etadi.

Bu 1996-yildan beri keskin pasayish — o‘sha paytdagi abituriyentlarning qariyb yarmi (46,2 foiz) universitet diplomlarini olishi mumkin edi.

Ta’lim sohasidagi gender tafovutlari

Garchi oliy ta’lim butun O‘zbekiston jamiyatida qadrlansa-da, universitet talabalari o‘rtasida jiddiy gender tafovut mavjud.

2021—2022-o‘quv yilida O‘zbekiston davlat oliy o‘quv yurtlarida 808,4 ming talaba tahsil olmoqda, ularning 45,6 foizini ayollar tashkil etadi (439,4 ming nafar yigitlar, 369 ming nafar qizlar).

 

2019-yilda bakalavr darajasini olgan 65,4 ming nafar bitiruvchining atigi 38,3 foizini ayollar tashkil etgan.

Gender tafovuti ba’zi sohalarda yaqqol namoyon bo‘ladi — fan, muhandislik, ishlab chiqarish va qurilish yo‘nalishlarida asosan yigitlar tahsil oladi. 2020-yilda ushbu yo‘nalishlar bitiruvchilarining atigi 30,1 foizini ayollar tashkil etgan.

Agar bu sohalarga moslashtirilgan oliygohlarga nazar tashlansa gender tafovuti yaqqol namoyon bo‘ladi.

Masalan, Toshkent davlat transport universitetida talabalarning 92 foizini yigitlar tashkil etsa, Toshkent davlat texnika universitetida esa bu ko‘rsatkich 89 foizga teng.

 

Bu tendensiya nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham kuzatilmoqda. Jumladan, Buxoro muhandislik-texnologiya institutida 83 foiz yigitlar, 17 foiz qizlar tahsil oladi.

Shu bilan birga, til va o‘qituvchilik yo‘nalishida qizlar ko‘proq — Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalarning 84 foizi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida esa 74 foizi ayollardir.

Hududlarda ham shunday vaziyat, masalan, Samarqand davlat chet tillar institutida talabalarning 71 foizini qizlar tashkil qiladi.

Qizlarning stereotiptik tarzda “ayol” mutaxassisliklarini tanlashi

O‘tgan yili oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talaba qizlarning deyarli yarmi (260 ming nafardan 126,3 ming nafari) o‘qituvchilik yo‘nalishida tahsil oldi.

Qizlarning STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo‘nalishlarni o‘rniga stereotip “ayol” mutaxassisliklarini tanlashi jamiyat bosimi bilan bog‘liq.

 

Ayollarning turmush qurgandan so‘ng uy-ro‘zg‘ori va bolalariga g‘amxo‘rlik qilishi kutiladi, bu esa ularga to‘liq vaqtli ish bilan shug‘ullanishiga to‘sqinlik qiladi degan stereotip bor. O‘qituvchilik kasbi esa uy-ro‘zg‘orga ko‘proq moslashuvchan hisoblanadi.

O‘zbekistonda yolg‘iz ayollar o‘rtasida bandlik darajasi (52 foiz) turmushga chiqqan ayollarga (36 foiz) nisbatan yuqoriroqdir.

2020-yilda o‘tkazilgan so‘rovnomada ishsiz ayollarning 43 foizi uy ishlari bilan bandligi sababli ish izlamayotganini bildirgan, erkaklarning atigi 7 foizi esa xuddi shu sababni keltirgan.

STEM mutaxassisligi, ayniqsa erta turmushga chiqqan yosh qizlar uchun murakkab hisoblanadi. 2021-yilda ro‘yxatga olingan nikohlarning uchdan birida kelin 20 yoshdan kichik bo‘lgan.

Ayollar turmush qurgandan keyin bir yoki ikki yil ichida farzand dunyoga keltirishi kutiladi. Shunga qaramay, davlat universitetlari bolalar bog‘chalari yoki ovqatlantirish xonalari bilan jihozlanmagan.

 

O‘zbekiston ta’lim sohasida gender nomutanosibligini ta’lim sohasida ham kuzatish mumkin. 2021—2022 o‘quv yilida umumta’lim maktablaridagi o‘qituvchilarning 68 foizi (343 961) ayollar, 32 foizi (158 726) erkak o‘qituvchilardir.

Shu bilan birga, daromadi va ijtimoiy mavqei yuqori bo‘lgan universitetlarda 2020-yil holatiga ko‘ra, ayollar o‘qituvchi va professorlarning atigi 44,1 foizini tashkil qilgan.

Ba’zi hududlarda bu raqam undan ham past. Masalan, Sirdaryoda universitet o‘qituvchilarining atigi 29 foizini ayollar tashkil etadi, Jizzaxda bu 30 foiz.

O‘zbekistonda ba’zi ayollarning oiladagi zo‘ravonlikka toqat qilib yashashi

Oliy ma’lumotga ega bo‘lmaslik ayollarning moliyaviy ahvoliga ta’sir qiladi, bu esa ularni boshqa qiyinchiliklar qatorida maishiy zo‘ravonlikka ko‘proq moyil qiladi.

 

2021-yilda o‘tkazilgan so‘rovnomada respondentlarning 42 foizi moliyaviy sabablarga ko‘ra uydagi zo‘ravonlikka toqat qilishini ma’lum qilgan. Ular ajrashgan taqdirda o‘zini va bolalarini ta’minlay olmaslikdan qo‘rqadi.

Ularning shunday o‘ylashiga asos bor: 2022-yil holatiga ko‘ra, qonuniy ravishda aliment to‘lashi kerak bo‘lgan 290 ming erkakdan 172 ming nafari sud qarorlariga qaramay, to‘lovlarni amalga oshirmaydi.

Yaratilayotgan imkoniyatlar

O‘zbekistonda gender tafovutini bartaraf etish va talaba qizlarni ko‘proq jalb etish choralari ko‘rildi.

Masalan, 2021-yilda kam ta’minlangan oilalardagi 2 ming nafar qizga bakalavriatda o‘qish uchun davlat mablag‘lari ajratildi.

2022-yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022—2026-yillarda xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi qabul qilinganini ma’lum qildi.

 

Dastur qizlarga yetti yilgacha universitet to‘lovlari uchun foizsiz kreditlar berishni, shuningdek, faqat ayollar uchun yangi universitetlar va texnik maktablarni tashkil etishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, endilikda O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalarida xotin-qizlar uchun magistratura yo‘nalishlari bepul. Shu maqsadda hukumat har yili kamida 200 mlrd so‘m ajratadi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi har yili 60 nafar qiz va ayolning xorijda oliy ma’lumot olishi uchun mablag‘ ajratadi — bakalavriat bo‘yicha 50 nafar, magistratura bo‘yicha esa 10 nafar.

Nega ba’zi o‘zbek oilalarida qizlardan ko‘ra ko‘proq yigitlar ta’limiga e’tibor qaratiladi?

Yuqoridagi chora-tadbirlarning barchasi oliy ma’lumotli ayollarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

O‘zbekistonda o‘rta ta’lim bepul va majburiy bo‘lsa-da, oliy ta’lim ixtiyoriy va deyarli butunlay pullik.

 

To‘lovlarni asosan ota-onalar amalga oshiradi va keng tarqalgan patriarxal qadriyatlar tufayli ota-onalar o‘g‘illarining oliy ta’limidagi moddiy yukni muammosiz o‘z zimmalariga oladi, lekin qizlari uchun bu narsani kamdan-kam qiladi.

Urf-odatlarga ko‘ra, kenja o‘g‘il ota-onasi bilan qoladi va qariganda ularga g‘amxo‘rlik qiladi, qizlar esa ko‘pincha moliyaviy jihatdan ham, sharaf nuqtai nazaridan ham "yuk" sifatida ko‘riladi.

Majburiy ta’lim — bu ko‘plab ota-onalar (ayniqsa, viloyatlarda) uchun o‘z qizlarini imkon qadar erta turmushga berishga to‘sqinlik qiladigan choradir. Birgina 2021-yilning o‘zida 20 yoshgacha bo‘lgan 93 mingdan ortiq qiz turmushga chiqqan.

Hukumatning ayollarni oliy ma’lumot olish uchun rag‘batlantirishi ayni vaqtdagi to‘g‘ri qadamdir.

Hozirgacha mamlakatda oliy ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish o‘z samarasini bermoqda. Universitetlar soni oshgani sayin, o‘qimishli ayollarning foizi ortib bormoqda.

 

2016-yilda butun mamlakat bo‘ylab ayollarning atigi 5,6 foizi oliy ma’lumotga ega edi, hozir bu ko‘rsatkich 17,7 foizni tashkil etadi.

Kelgusi yillarda ularning soni keskin o‘sishi kutilmoqda, bu esa gender tafovutni yanada qisqartirishga yordam beradi.

Ammo o‘qimishli ayollar turmush qurganidan keyin mehnat bozoriga kiradimi yoki yo‘qmi, aniq emas.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Qurilish vazirligi ogohlantiradi: yangi uy xarid qilayotganda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar
Mahalliy
“Ba’zida o‘zim ham noto‘g‘ri parkovka qilaman” — Rasul Kusherbayev
Mahalliy
Toshkent shahri bosh rejasining bir qismi 2022-yil oxirigacha yakunlanadi