Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 500 million yevro miqdorida qo‘shimcha harbiy yordam beradi, dedi ittifoqning tashqi ishlar bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel.

Foto: Shutterstock

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, yordam Ukrainaga og‘ir qurollar, jumladan, tank va artilleriya yetkazib berishga yo‘naltiriladi. Ushbu paket bilan hisoblaganda Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ko‘rsatgan yordami jami ikki milliard yevroga yetadi.

Borrel, shuningdek, yaqin kunlarda Yevropada Rossiya neftining importiga embargo qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilishiga ishonch bildirdi. Shu bilan birga, Bloomberg va Politico ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa barcha mamlakatlar uchun maqbul yechimni tezda topa olmagani sabab Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketidan embargoni chiqarib tashlash variantini ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga lend-liz dasturi bo‘yicha harbiy yordam jo‘natish haqidagi qonunni imzolagan edi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Ukrainaga yana 375 million dollarlik harbiy yordam yuborayotganini ma’lum qilgan. Aprel oxirida Germaniya birinchi marta Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berishi haqida xabar berilgan.