AQSHda COVID-19 pandemiyasi oqibatidagi o‘limlar soni 1 milliontadan oshayotgan bir paytda mamlakat fuqarolarining o‘limga bo‘lgan munosabati o‘zgarmoqda, deb xabar beradi Reuters.

LifeGem kompaniyasida kuldan olmos hosil qilish jarayonining natijasi

Skrinshot: Reuters

Jasad kuydirish (krematsiya) ko‘paymoqda, azadorlar esa o‘z yaqinlarining xokini taqinchoq va boshqa bezaklar uchun brilliant ko‘rinishidagi yodgorlikka aylantirmoqda.

Bu sohada yetakchilik qilayotgan ikkita kompaniya bo‘lib, bular Illinoysda joylashgan LifeGem (u kulni brilliantga aylantirish jarayonini birinchi bo‘lib boshlab bergan) hamda Texasning Eterneva (u esa bozorda yetakchi hisoblanadi) kompaniyalaridir.

“Biz an’analar o‘zgarayotganini, ko‘plab iste’molchilar an’anaviy dafn qilishdan voz kechayotganini ko‘ra boshlagandik. Keyin esa pandemiya bu jarayonni juda tezlashtirib yubordi, chunki bu endi shunchaki variant emasdi”, — dedi Eterneva asoschisi va bosh direktori Adel Archer.

Haqiqatan ham, Shimoliy Amerika Krematsiya assotsiatsiyasi (SANA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yildayoq jasadni kuydirish dafn qilishdan oshib ketgan. Pandemiya davrida AQShda jasadlarning taxminan 55 foizi kuydirilgan.

LifeGem kompaniyasi murda kuydirilganidan keyin qolgan kulni olmosga aylantirish uchun ilk patentni qo‘lga kiritgan, bu jarayonni u 20 yil avval ilk bor sinab ko‘rgan.

Jarayonning o‘zi Yer yuzasidan katta chuqurlikdagi yuqori haroratlarni hosil qilishga asoslanadi.

LifeGem’da kul zarralarni maydalaydigan uskunaga joylashtiriladi. “Maydalash jarayonini tugatganimizdan keyin, biz uglerodni elakdan o‘tkazib olamiz desa ham bo‘ladi, so‘ng u yuqori bosimli yacheykaga solinadi”, — dedi LifeGem vitse-prezidenti Din Van den Bisen.

U yerdan olingan zarralar bir necha hafta davomida “qotish” jarayonini boshdan o‘tkazadi, keyin esa yakuniy olmos yasash mashinasiga o‘rnatiladi.

Bunday muhitda olmos ishlab chiqarish uchun toza uglerod ajratib olish mumkin. Yakuniy natija esa “haqiqiy brilliantlar”dan iborat bo‘ladi.

Butun jarayon o‘z narxiga ega, u 3000 dollardan boshlanadi.

Archer izohlashicha, bunday yodgorlik azador kishiga qayg‘uni yengib o‘tish uchun tayanch bo‘lishi, hayotiga mazmun berishi mumkin.