AOKAda 5-may kuni o‘tkazilgan brifingda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Husan Tangriyev “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni haqida ma’lumot berdi.
Farmonga binoan, 2022-yil 1-sentabrdan boshlab, xavf darajasi past bo‘lgan bojxona yuk deklaratsiyalarini bosqichma-bosqich inson omilisiz avtomatik ravishda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish hajmi oshirib boriladi. 2023-yil 1-yanvarga qadar eksportda ushbu ko‘rsatkich 80 foizga yetkaziladi. 2022-yil 1-iyulga qadar “Toshkent xalqaro aeroporti”da, 2022-yil 1-oktabrga qadar “Termiz xalqaro aeroporti”da hamda 2023-yil yakuniga qadar respublikaning qolgan barcha xalqaro aeroportlarida Samarqand xalqaro aeroporti tajribasi asosida “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi joriy etiladi.
2022-yil 1-dekabrdan boshlab, bojxona ko‘rigi jarayonlari qamrab olingan mobil elektron tizim ishga tushiriladi. Bojxona xizmatlari to‘liq raqamlashtirilgan holda “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 40 taga yetkaziladi.
Bugungi kunda tashqi savdo yuklarining 70 foizidan ortig‘i temir yo‘llar orqali tashiladi. Shu sababli Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Davlat bojxona qo‘mitasi bir oy muddatda temir yo‘l orqali keladigan tovarlar bo‘yicha ma’lumotlarni oldindan elektron almashish tizimini yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek:
- 2022-yil 1-iyuldan bir bojxona postida uch yildan ortiq xizmatni o‘tagan xodimlar rotatsiya qilinadi;
- 2022-yil 1-sentabrga qadar xalqaro standartlarga muvofiq komplayens nazorat tizimi to‘laqonli ishga tushiriladi hamda ushbu tizim bo‘yicha xodimlarning bilim va malakasi oshirib boriladi;
- 2022-yil 1-oktabrga qadar bojxona yuk deklaratsiyalarini “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlarida rasmiylashtirish tartibi joriy qilinadi;
- 2022-yil 1-dekabrga qadar bojxona organlarida korrupsion xavflarni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqiladi;
- 2023-yil 1-yanvardan boshlab bojxona organlari xodimlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash amaliyoti bosqichma bosqich joriy etiladi.
Farmonga binoan, 2022—2024-yillarda bojxona organlari tizimida ayol xodimlar ulushini kamida ikki barobarga oshirish choralari ko‘riladi.
Avvalroq O‘zbekistonda bojxona xodimlari va ularning farzandlariga OTMga kirishda alohida kvota ajratilishi, bojxona organlariga qabul qilingan xodimlar majburiy tartibda kasbiy qayta tayyorgarlikdan o‘tishi, O‘zbekistondagi asosiy bojxona postlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashga 370 milliard so‘m ajratilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mavzuga doir: