Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yashash uyida noqonuniy diniy ta’lim bergan shaxs jazoga tortildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Qayd etilishicha, 22-fevral kuni viloyati IIB va DXX xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Yozyovon tumanida yashovchi U.G‘. ismli fuqaro diniy ta’lim berish uchun hech qanday litsenziyaga ega bo‘lmay turib, arab tili grammatikasi bo‘yicha ta’lim berish bahonasida o‘z uyida norasmiy ravishda hujra tashkil qilgani aniqlangan.
Ushbu shaxs 5 nafar fuqaroga diniy saboq berib kelgan. Ulardan 4 nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlar bo‘yicha Yozyovon tumani sudiga yuborilgan. Sud tomonidan ushbu fuqaroga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasi (diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Avvalroq Farg‘onada uyida noqonuniy hujra tashkil qilgan shaxslar 10 sutkaga qamalgani xabar qilingandi. Shuningdek, Surxondaryoda uyida voyaga yetmagan bolalarga diniy saboq bergan erkak jarimaga tortilgani, Qashqadaryoda 13 nafar voyaga yetmagan bolaga noqonuniy diniy ta’lim berish bilan shug‘ullangan ona-bola aniqlangani haqida xabar berilgan.