Rossiya tomonidan Ukrainada olib borilgan urush matbuot erkinligi uchun halokatli oqibatlarga olib keldi. Bu haqda “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan 2022-yil uchun tuzilgan matbuot erkinligi reytingi hisobotida aytiladi.
Hisobotga ko‘ra, Ukrainada Rossiya bosqinining birinchi oyida kamida besh nafar jurnalist va OAV xodimlari o‘qqa tutilib halok bo‘lgan. Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, bosib olingan hududlarda Rossiya armiyasi “axborot manbalarini atay nishonga olgan va mahalliy OAVni hamkorlikka majburlashga uringan”.
“Rossiyaning o‘zida hukumat axborot ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi, ommaviy harbiy senzurani joriy qildi, OAVni bloklab qo‘ydi va itoat qilmagan jurnalistlarni ta’qib qilib, ularni ommaviy emigratsiyaga majbur qildi. Bu harakat 2021-yilda, ‘xorijiy agentlar’ to‘g‘risidagi qonun qat’iylashtirilgach va hozir qamoqda bo‘lgan muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy jinoiy javobgarlikka tortilganidan so‘ng boshlangan”, — deyiladi “Chegara bilmas muxbirlar” hisobotida.
2022-yilda Rossiya ushbu reytingda 155-o‘rinni egallab, matbuot erkinligining “ahvoli juda yomon” bo‘lgan 28 davlat ro‘yxatiga kirdi. Rossiyaning umumiy ro‘yxatdagi o‘rnini aniqlashda tashkilot, boshqa narsalar qatori, rus nashrlari va jurnalistlarini “xorijiy agentlar” ro‘yxatiga “o‘zboshimchalik bilan” kiritish tahdidini va Rossiya armiyasi haqida “feyklar” to‘g‘risidagi yangi modda ostida ta’qiblar, shuningdek, G‘arb ijtimoiy tarmoqlari va mustaqil OAVlarning bloklanishini hisobga olgan.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti har yili 180 mamlakatda ommaviy axborot vositalari va internetdagi so‘z erkinligi darajasini aks ettiruvchi matbuot erkinligi reytingini tuzadi. 2022-yilgi ro‘yxatda birinchi o‘rinni Norvegiya, oxirgi o‘rinni Shimoliy Koreya egalladi. O‘zbekiston ushbu reytingida 24 pog‘onaga yuqorilab, 133-o‘ringa chiqdi.
Izoh (0)