Surxondaryo viloyatida “Kun.uz” sayti jurnalisti Abbos Salaydinov samosud qilingan. U dorixona sotuvchisi va egasi tomonidan kaltaklanib, bosim va tahdidga uchragan. Viloyat prokuraturasi mazkur voqeaga munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, Termiz tumanining “Navro‘z” mahallasida yashovchi Abbos Salaydinov 2022-yilning 18-mart kuni Termiz shahridagi dorixonaga borib, dori xarid qilgan. Va dorixona sotuvchisi S.R.dan xarid qilingan dori uchun chek talab qilgan. Sotuvchi esa unga plastik kartochkasidan pul yechib olingani uchun boshqa chek berilmasligini aytgan. Bunga javoban Abbos Salaydinov soliq organlariga xabar berishini bildirgan. Sotuvchi S.R. va dorixona egasi Sh.N. esa xaridor jurnalistni bu harakati uchun avvaliga haqorat qilgan. So‘ngra bir xonaga qamab qo‘yib, bir soat davomida tazyiq va bosim o‘tkazgan. Yaqinlariga tajovuz qilinishi bilan qo‘rqitgan.Sayt jurnalisti holat bo‘yicha Termiz shahar IIBga murojaat qilgach, profilaktika inspektori tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilgan. Sud tibbiyot ekspertizasining 2022-yilning 24-martdagi xulosasiga ko‘ra, jurnalistning olgan tan jarohati olti kun muddatdan o‘tmaydigan, tez o‘tib ketuvchi yengil tan jarohati deya baholangan.
Mazkur voqeaga munosabat bildirgan viloyat prokuraturasi Abbos Salaydinovning samosud qilinishi ma’muriy javobgarlik bilan hal qilinishini bildirgan.
“To‘plangan hujjatlar, taraflardan olingan tushuntirish xatlari va ekspertiza xulosasiga ko‘ra, biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani bois jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etib, S.R va Sh.N. larga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat) va 52-moddasi 2-qismi (qasddan yengil tan jarohati yetkazish) bilan, A.S. ga nisbatan esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, material 2022-yilning 31-mart kuni mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudiga yuborilgan”, — deyiladi viloyat prokuraturasining bu haqdagi rasmiy bayonotida.
Mavzuga doir:
- “Bu Prezidentimiz shaxsan o‘zlari kafolatlayotgan so‘z erkinligiga tahdid”. Sherzod Asadov “Qalampir.uz” jurnalisti bilan bog‘liq voqea yuzasidan bayonot berdi
- Jurnalistga Samarqandda o‘ldirish bilan tahdid qilindi. Viloyat IIB holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshladi
- “Bu kabi holatlar davlat siyosatiga ziddir”. AOKA Qarshi shahar IIB xodimlari “Daryo” muxbiri faoliyatiga to‘sqinlik qilgani yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi