“Daryo” “Qizlarga maktub” loyihasi doirasida turmush zarbalariga yengilmay, rivojlanishdan to‘xtamagan, hayotda o‘z o‘rnini topayotgan ayollar hikoyalarini chop etishda davom etadi.
Bu galgi qahramonimiz — farzandlari bilan ikkinchi marta oila qurgan ayol Rozaliya Gabdulhaqova.
Rozaliya Gabdulhaqova — 37 yoshda. Andijon viloyati Jalaquduq tumanida tug‘ilgan. Andijon davlat chet tillari universitetining ingliz tili filologiyasi yo‘nalishini tamomlagan. Qozon shahridagi Povoljkiy institutida psixologiya yo‘nalishida ikkinchi mutaxassislikka o‘qigan.
Ayni vaqtda Gruziyadagi Bilimlar integratsiyasi institutida (IKIacademy) islomiy bilimlar integratsiyasi bo‘yicha magistraturada onlayn tahsil oladi.
Uch farzandning onasi. Hozirda mustaqil bolalar va ayollar psixologi bo‘lib faoliyat yuritmoqda.
Bolaligimda hamma bolalardek bo‘lmaganman. Millatim, ism-familiyam, ko‘rinishim bilan ajralib turardim. Ayniqsa, sochim sap-sariq edi. Boshqalardan ajralmaslik uchun xinada qoraga bo‘yardim. Ammo baribir, tezda o‘sib, bilintirib qo‘yardi. Yana ism-sharifimni o‘zgartirish haqida ham o‘ylaganman.
Vaqt o‘tgani sari o‘zim uyalgan, meni boshqalardan ajratib turgan taraflarim aslida faxrlanishga arzirli xislatlar ekanini tushuna boshladim va o‘zimni borimcha qabul qildim. Hatto ikki marta turmushga chiqsam ham familiyamni o‘zgartirmadim.
Ikki bola va bir dunyo muammolar bilan yolg‘iz qoldim
Universitetni bitirgach, magistraturada tahsilni davom ettirish uchun xorijga ketmoqchi edim. Lekin bir yigit hayotimda paydo bo‘lib, uylanish uchun astoydil harakat qila boshladi. Uni ko‘rib, dugonalarim: “Sevgining qadriga yetmasang, xor bo‘lasan” deyishardi.Shu kabi gaplardan ta’sirlanib, tavakkal qildim, o‘zbek xonadoniga kelin bo‘ldim. Qaynona-qaynotam ajoyib insonlar edi. Yaxshi joyda ishlashardi. Lekin turmush o‘rtog‘im erkatoy, tayinli ishlamas, doim boshqalarning qo‘lloviga o‘rganib qolgandi.
Oila qurishdan oldin “qalbi toza bo‘lsa bo‘ldi, kasbi muhimmas, rizqni Alloh beradi” derdim. O‘shanda erkakning ishi, uyga olib keladigan puliga qarab ro‘zg‘or to‘kis bo‘lishi mumkinligini tushunib yetgandim.
Ko‘p o‘tmay Rossiyaga ishlashga ketdi. Musofirlikda oilasining qadriga yetadi, ko‘zi ochiladi, deb o‘ylovdim, ammo u xorijdan muammolari bilan qaytdi. Uyga har kuni turli idoralardan so‘rab kelishardi. Bilishimcha, u chet elda kimlar bilandir aloqada bo‘lgan.
Shundan keyin hayotimizda kutilmagan kunlar boshlandi. Tinimsiz so‘roq-savol, turli idoralarga chaqirilaverganidan, bir kuni hech kim bexabar izsiz g‘oyib bo‘ldi.
27 yosh edim. Esimda, to‘ng‘ichimni bog‘chaga tashlab, qaytayotganda olib kelishi kerak edi. Telefon qildim, ko‘tarmadi. Qochib ketganini o‘shanda bilmagandik. Lekin ko‘nglim endi qaytmasligini, ikki bola bilan yolg‘iz qolganimni sezgandi.
Turli idoralar endi meni tinmay so‘roqqa chaqirar, kunlarim tobora chigallashib borardi. Kutilmaganda otam ham yurak xurujidan vafot etdi.
Qattiq tushkunlikka tushib qolganman. Yaqinlarim kelib meni quchoqlab, hamdardlik bildirar, lekin yig‘lolmasdim. Balki ketma-ket kelgan ayriliq sabab qalbimdagi tuyg‘ularni his qilolmagandirman, bilmayman...
Biroq ko‘p o‘tmay, ishlashimga to‘g‘ri keldi. Chunki endi bolalarimni boqish uchun pul topishim kerak edi. To‘g‘ri, yordam bera oladigan akalarim bor edi. Lekin ularning oilasi, tashvishlari yetarlicha edi. Yuk bo‘lishni istamasdim. Ikkinchi farzandim Yusuf to‘rt oylik payti o‘quv markazida ish boshladim. O‘shanda kelinlik uyimda yashardim. Ovsinim bolamga qarab turardi. Keyinroq qaynonam bizga bergan ko‘p qavatli uyga ko‘chib chiqdik.
Ajrashganimdan uyalardim
O‘zimga kelib, ajrim haqida o‘ylashimga bir necha yillar kerak bo‘lgan. Ajrashganimdan so‘ng, buni kimgadir aytishdan uyalardim. Doim bolalarimni o‘zim bilan olib yurardim. Shungami, ko‘pchilik sezmasdi.Vaqt o‘tib tushundimki, odam qancha yashirgani sayin o‘ziga bosim qilaverarkan. Atrofdagilarning ko‘z o‘ngida rol o‘ynashga majbur bo‘larkan. Birov noto‘g‘ri o‘ylamayaptimikan, degan xavotir yashashga xalal berarkan.
Qanchadir yil o‘tib, bolalikda sariqligimni tan olganimdek, taqdirimni ham qabul qildim. Hatto Facebook’da statusimni “ajrashgan”ga o‘zgartirib qo‘ydim. Barchasini boricha tan olgach, hayotim yengillashdi.
Ochig‘ini aytsam, turmush qurish asosiy maqsadim bo‘lmagan. Bolalar bilan shundoq ham yaxshi yashardim. Oldimga qo‘ygan maqsadlarim talaygina edi. Yaxshi pul topganim sabab moddiy tomondan qiyinchilik bo‘lmagan. Shuning uchun ayrim ayollardek endi faqat beva pensionerga tegaman yoki kimningdir ikkinchisi bo‘laman, degan o‘yga bormaganman.
Farzandlarimni otasiz hayotni to‘g‘ri qabul qilishga, usiz yashash mumkinligiga o‘rgatganman. Ya’ni “Biz bechoramasmiz, oila a’zolar bo‘lmasligi tabiiy hol. Kimningdir buvisi yo bobosi, boshqaning amma yo xolasi, oyisi yoki dadasi yo‘q”, — deb chiroyli tushuntirardim. Ko‘chada bitta o‘zi turgan uylarni ko‘rib qolsak, “mana qaranglar, hatto kimningdir qo‘shnisi bo‘lmaydi”, — deb hazillashardim. Bolalarim hammasini oddiy qabul qilishdi.
Bog‘chada boshqalarning dadasi bor, nega meniki yo‘q, deb yig‘lab kelmasmikin degan qo‘rquvim ham yo‘q emasdi. Alhamdulillah, unday bo‘lmadi.
Bolalarimga yaxshiroq hayot berish maqsadida Toshkentga keldim
Boya aytganimdek, har bayram oldidan tinimsiz so‘roqqa chaqirilish, takror va takror bitta savolni eshitishdan charchagandim. Qolaversa, bolalarimga yaxshiroq sharoit, hayot beraman degan niyatda Toshkentga ko‘chib keldim.Avvaldan ingliz tilidan dars berganim uchun eng ko‘p haq to‘laydigan o‘quv markazlariga ish so‘rab bordim. Chunki bu yerda maktabdagi kabi bolalarni o‘qishga majburlamaysiz, 09:00 dan 18:00 gacha o‘tirishga hojat yo‘q.
Ko‘p o‘tmay “Cambridge” o‘quv markazida ish boshladim. Bir haftadan keyin asosiy o‘qituvchiga aylandim. Vazifam — dars o‘tish va yangi kelgan o‘qituvchilardan intervyu olish edi. Yana boshqalarning darsiga kirib, o‘qituvchining uslub-mahoratini tahlil qilardim.
Yaxshi daromad qilish bilan birga bolalarimga ko‘proq vaqt ajratishni xohlardim. Alloh ham niyatimga yarashasini berdi. Kam ishlab, ko‘p maosh olardim.
Katta o‘g‘lim Mustafo birinchi sinfni tugatgan, Yusuf esa 6 yosh edi. Bog‘chaga joylash qiyin deb, uni ham maktabga bergandim. O‘sha paytda onam ham biz bilan yashardi. Faqat darsim bor paytlari bir-ikki soatga ishga borar, qolgan vaqtimni oilam bilan o‘tkazardim.
O‘zimdan kichik yigit bilan oila quraman deb o‘ylamagandim
Ikkinchi marta oila qurish masalasiga kelsak, turmush o‘rtog‘im bilan qarindosh edik. Andijonda kamchilik millatlardan bo‘lganimiz uchun oilaviy yig‘inlarga uzoq-yaqin qarindoshlar ham kelardi. Bir kuni Ramazonda iftorlik payti turmush o‘rtog‘im bilan suhbatlashib qolgandik.O‘shanda Andijonda yashardim. Asosiy ishimdan bo‘shagach, viloyat bo‘ylab gul yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘ygandim. Iftorlik payti turmush o‘rtog‘imga shu ishim haqida so‘zlab berganman. Keyin Facebook’da do‘stlashdik. Ishlarimni ko‘proq odamlar ko‘rsin, deb “layk” qo‘ydirardim. U ham postlarimni ulashardi. Shu tarzda munosabatlarimiz davom etdi. Lekin hech qachon bu insonning rafiqasi bo‘laman, deb o‘ylamagandim.
Oradan yillar o‘tdi. Bir kuni u oila qurish taklifini berdi. Aqlimga sig‘dirolmadim. U yosh, o‘qimishli, hali oila qurmagan, men esa ajrashgan va ikki farzandning onasi edim. Qolaversa, yoshim ham kattaroq edi. Rozi bo‘lmadim. Chunki men uchun boshqalarning ham roziligi muhim edi. Tabiiyki, onam ham qattiq qarshilik qildi. O‘g‘illarim esa aksincha.
Sakkiz yashar farzandim kechasi turib, onam rozi bo‘lsin, deb Allohdan so‘ragan ekan. Hatto onamning oldiga borib, “Siz dadasizlik qanchalik qiyinligini bilmaysiz” deb ko‘ndirmoqchi bo‘lgan. O‘zi bu haqda yig‘lab aytib bergan. O‘shanda qancha mehr bermay, bolalarga baribir ota kerakligini tushunganman.
Shundan keyin turmush qurishga rozi bo‘ldim. Chunki shar’iy jihatdan ham o‘zim qaror qilishga haqqim bor edi. Akam kelib, turmush o‘rtog‘imga “Oila qurishdan maqsad nima?” deb so‘roqqa tutganida, erim: “Boshqalar yoki siz nima maqsadda oila qurgan bo‘lsangiz, bizning ham niyat shu”, deb javob bergan ekan. Akam indamay ortiga qaytib ketgan.
To‘yimiz bo‘ldi. Ammo boshida ko‘pchilik oilamizga jiddiy qaramadi. Baribir, oxirigacha bormaydi, deyishdi.
Turmush o‘rtog‘imdan yoshim kattaligi uchun to‘ydan keyin negadir o‘zimga nisbatan ishonchim sal pasaydi. Ichimda turli xavotirlar bor edi. Xo‘jayinim bilan bu haqda gaplashishga qaror qildim. Chunki bu ichimdagi hislar bilan yashay olmasdim. Xavotir, shubha odamni qanchalar qiynashini juda yaxshi bilardim. Qolaversa, ko‘rinishim, go‘zalligim meni hurmat qilish, kimdir yoqtirishiga yagona sabab deb o‘ylamayman, bunday bo‘lishini xohlamayman ham. U kishi esa meni “men” ekanim uchun tanlaganini aytdi. Taqdirim va bolalarimni ham. Suhbatdan keyin hammasi joy-joyiga tushdi.
Erini boshqargan ayol hech qachon baxtli bo‘lmaydi
Yetti yil yolg‘iz ayol bo‘lish, jamiki mas’uliyatni yelkaga olib yashash oson emas. Tabiiy ravishda kuchli ayolga aylanib ketgandim. Hamma narsani nazoratimda ushlashga urinardim. Turmushga chiqqach, aksar masalalarda mas’uliyatni erimga topshirdim. Ishim, mashg‘ulotim bo‘lishidan qat’i nazar, undan ruxsat so‘rayman.To‘ydan oldin o‘quv markazidagi boshqaruv vazifamdan ketdim. Rahbarlik oilamga, shaxsiyatimga ta’sir qilishini xohlamadim. E’tibor bersangiz, maktabda direktor bo‘lib ishlagan ayollar, uyda ham boshliq bo‘lib qoladi. Bu mening shaxsiy fikrim. Bitta rolni hamma joyda o‘zi bilmagan holda o‘ynaydi.
Kimnidir boshqarish, nazorat qilish ayol tabiatiga mos emas. U bu bilan baxtli bo‘lolmaydi. Qisqasi, kuchli, hamma muammoni o‘zi hal qiladigan ayoldan itoatkor rafiqaga aylandim. Shukr, uning borligi hayotimda ko‘p narsani o‘zgartirdi. Sakina olib keldi. Kasbda, ruhan o‘sishimga sabab bo‘ldi.
Oilada bor mas’uliyat uning bo‘ynida. O‘qishim tugamaydi. Birini tugatsam, yana boshqasiga kiraman. U hamisha qo‘llab-quvvatlaydi. Mendan ideal bekalikni talab qilmaydi. Ovqat qilishga ulgurolmasam, ko‘chadan nimadir buyurtiramiz. Uy ishlarida ko‘maklashadi. Shunday paytlari erimning yordamini yanada yaxshiroq sezaman.
To‘g‘ri juft tanlash muhimligini ikkinchi turmushimda tushundim. Juft sizning rivojlanishingiz yoki orqaga ketishingga sababchi bo‘lishi mumkin ekan.
Bolalarim qizg‘anmasmikin, deb xavotirlanardim
Turmush o‘rtog‘im bolalarni boricha qabul qilgan. O‘g‘illarim ham uni juda yaxshi ko‘radi. Kattam musobaqada g‘olib bo‘lsa, diplomiga yangi otasining familiyasini yozdirib keladi. Ba’zida dadamning familiyasiga o‘taylik, deydi. Bolalar dadasining bir bo‘lagi bo‘lishni xohlashadi.Albatta, uyimizda hech kim bir-biriga baqirmaydi, hamma “rahmat”, “marhamat” deb gaplashadi, demoqchimasman. Tan olaman, oilamizda har bir turmushda bo‘ladigan turli kelishmovchiliklar uchrab turadi. Muhimi, vaqtida hal qilib olish.
2019-yili uchinchi farzandimga homilador bo‘ldim. Rosti, yangi mehmon ikki bolamga qanday ta’sir qilarkan, deb cho‘chidim. Shunda psixologiyani o‘qiganim katta foyda berdi.
Qornimdaligidayoq uning nomidan o‘g‘illarim bilan gaplashishni boshladim. Masalan, har kuni akalarim qalaysizlar, menga maktabinglar, ko‘chalar haqida aytib beringlar deb gapirardim. Ularga juda kulgili tuyilardi. Lekin bola psixologiyasi shunaqaki, u eshitgan narsasini bor deb tasavvur qiladi. Vadud tug‘ilganda, ular uzoq kutgan do‘stlarini ko‘rgandek quvonishdi.
Yana ular onam ukamizga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilyapti, degan fikrga bormasligi uchun oilaviy albomni tez-tez ko‘rsatardim va chaqaloqlik paytlari haqida gapirardim.
Ya’ni ular ham go‘dakligida qorni ochgani, pampersi to‘lganini bilmagani, men ham doim ularning yonida bo‘lganim, Vadud ham hozir shunday bosqichdaligini, unga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilishim kerakligini tushuntirardim.
Farzandlarim ukasini yaxshi ko‘radi. Vadud ham akalari bilan birga o‘ynashni, ularning yonida bo‘lishni xohlaydi. Masalan, “Vadud, sen meni asalimmisan?” desam, “yo‘q” deydi. Dadasi so‘rasa “yo‘q”, lekin akalari so‘rasa “ha” deydi.
Zulmga sabr qilinmaydi
Oilaviy psixologiyani o‘rganib, agar turmush o‘rtoq aqlan sog‘lom bo‘lsa, har qanday oilani saqlab qolish mumkinligini tushundim. Agar zo‘ravonlik kasallik darajasiga yetsa, uning oldidan ketish kerak, tamom.Facebook’da bir ayolning eri boshqa ayollar bilan uchrashib yurgani, ayoli esa chidab, sabr qilgani haqida o‘qigandim. Eri mazax qilib ustidan kulsa ham yana chidagan. Oxiri, ayolning ruhiy bosimlardan sabri tugab, bolasining oldida erini chopib tashlagan.
Hamma erni ayblagan, lekin bu yerda ayolning ham hissasi bor. Inson o‘ziga yoqmagan narsani aytishi kerak. Muammoga chidash ko‘pchilikning nazarida “sabr” deyiladi. Lekin diniy jihatdan olib qarasak, bu sabr emas. Zulmga sabr qilinmaydi. Muammoga ko‘nish uning kattalashishiga olib keladi.
Masalan, er ayolining ustidan kuldi, buni bildirib qo‘yishi kerak. Albatta, faqat urush, janjal bilan emas, hech yo‘q, yoqmaganini qovog‘ini olib bo‘lsa-da ko‘rsatishi kerak. Ayol qancha gap eshitsa-yu, sal o‘tib hech narsa bo‘lmagandek kulib gapirib ketsa, erkak ham “bunga bo‘laverarkan” deb zulmini oshiraveradi.
Ayol kaltak yeganda, u bilan bunaqa qilish mumkinmasligini ko‘rsatishi kerak. To‘g‘ri, ayrim erkaklarda ayolini kaltaklash odat, to o‘zi xohlamagunicha, birov uning fe’lini bunga o‘zgartira olmaydi. Ba’zida ayollar ham erning jahli chiqqanda undan uzoq turishi, yo g‘azabini qo‘zg‘atadigan gapni aytmasligi kerak. Bu o‘zining himoyasi uchun eng maqbul chora.
Ajrashganini aytishdan uyalmaslik kerak
Ajrashgan ayollarga birinchi tavsiyam: taqdirini to‘g‘ri qabul qilish kerak. Ajrashish hammasi tugadi degani emas. Erkak baxtli yoki baxtsiz bo‘lish uchun yagona sabab ham emas. Ayol bechoramasligini, harakat qilsa, qo‘lidan ko‘p ish kelishini anglasa, u shundoq ham baxtli bo‘la oladi.Ayrim ayollar ajrashganini aytishga uyaladi, yashiradi. Endi menga kim uylanardi yoki biror yoshi kattaroqqa tegaman, kimgadir ikkinchi bo‘laman, degan o‘ylar o‘tadi. Gohida kimdandir umidvor bo‘ladi. O‘z ustida ishlagan, maqsadlari tomon yurgan ayol taqdir yo‘llarida, albatta, o‘zi istagan hamrohini topa oladi.
Ayrim turmushi buzilgan ayollar jinsiy aloqa to‘xtaganidan asabiy bo‘lib qolganman, deb o‘ylaydi va hayotini yanayam qiyinlashtiradi. To‘g‘ri, turmush o‘rtoq bilan yashash kishining stressini kamaytirish uslublaridan biri. Ammo bu yagona usul emas. Ayollar dam olishni, o‘z ehtiyojlarini tinglashni bilishlari kerak. Masalan, tabiat qo‘yniga sayrga chiqish, magniy bilan vanna qabul qilib ham tinchlanish mumkin. Shunchaki farzandlari bilan vaqt o‘tkazish, ularni quchoqlash, o‘pish ham samarali.
Afsuski, ayrimlar ajrimdan so‘ng sobiq turmush o‘rtog‘iga zo‘rligini isbotlamoqchi bo‘lib, chetga ishlagani ketadi. Ko‘p hollarda sharoit sabab bolasini ham tashlab ketadi. O‘zi uchun emas boshqalar uchun yashashni boshlaydi.
Bir o‘quvchim bo‘lardi. Darsda juda xafa o‘tirdi. Nima bo‘ldi, deb so‘raganimda u: “Bugun dadam uylandi, oyim Rossiyaga ishlagani ketdi”, dedi. Ota-onaning qarori sabab hali ruhan, jismonan ulg‘aymagan bola o‘rtada jabr tortgan.
Yana boshqa holatda ajrimdan keyin er-xotin o‘rtasidagi aloqa uziladi. Ikki taraf ham boladan o‘ch olish uchun foydalanadi. Ayol erini yomonlab, unga o‘xshamagin, deb urishadi. Bola esa ruhan sinadi. Iloji boricha, hamma narsani ochiq tushuntirib, “biz kelisholmadik, otang seni yaxshi ko‘radi”, deb o‘rgatish kerak.
Yana bir maslahat. Hozir ayollarning juda ko‘p qismi mustaqil bo‘lishni, ishlashni, pul topishni xohlayapti. Ayolning o‘z qiziqishi, sevimli ishi, shaxsiy mablag‘i bo‘lishi juda yaxshi, lekin bu masalaning ham boshqa jihatlari bor.
Eng avvalo, ishlash uchun qo‘yilgan maqsad faqat pul bo‘lmasligi kerak. Hatto pul uchun qiladigan ishimiz o‘zimizga yoqadigan bo‘lsin. Shunda malollanmay, maza qilib ishlaymiz, natija ham a’lo bo‘ladi. Undan tashqari, ayol hayoti faqat ishidan iborat bo‘lib qolmasligini ta’kidlagan bo‘lardim.
Har bir ayol baxtli bo‘lishi uchun onalik vazifalarini, o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishni, hobbilari, do‘stlari, ayollik imkoniyatini unutmasligi kerak deb o‘ylayman. Agar yo‘nalishlaridan biriga og‘ib ketsa, masalan, faqat ishlasa, bu vazifa tugaganida qattiq tushkunlikka tushib qoladi.
Har doim nimanidir to‘g‘rilash imkoni bor
Hayotimdan juda mamnunman, shukr. Ba’zan ishga chalg‘ib, farzandlarimga yetarli e’tibor bermayapman, deb ko‘nglim g‘ash bo‘ladi. Buni tezda to‘g‘rilashga harakat qilaman. Chunki doimo nimanidir yaxshilash, to‘g‘rilash mumkin.Kelajak uchun rejalarim ko‘p. Kasbim orqali ayollar, bolalar hayotini yaxshi tarafga o‘zgartirish uchun harakat qilmoqchiman. Ona sifatida baxtli, o‘ziga ishongan, sinovlar zarbiga sinmagan bolalarni tarbiyalamoqchiman. Ayol, juft sifatida o‘zim va turmush o‘rtog‘im farog‘atda yashashini xohlayman. Eng asosiysi, bu harakatlar davomida o‘zimni, o‘z tanamni, ruhimni unutmoqchi emasman.
Mavzuga doir:
Loyihada ishtirok etishni istagan ayollar Telegram’dagi @daryo_muxbiri’ga murojaat qilishlari mumkin.
Izoh (0)