“Daryo” “Qizlarga maktub” loyihasi doirasida turmush zarbalariga yengilmay, rivojlanishdan to‘xtamagan, hayotda o‘z o‘rnini topayotgan ayollarning maktublarini chop etishda davom etadi.

Bu galgi qahramonimiz — tushunmovchilik sabab chaqalog‘i bilan turmushidan ajralgan ayol.

Loyiha qahramonining iltimosiga ko‘ra uning ismi o‘zgartirildi.

Foto: “Daryo”/ Gulira’no Musayeva

Ismim Habiba, yaqinda 36 yoshni qarshilayman. O‘zimni juda kuchli ayol deb hisoblayman. Sababi yolg‘iz boshim bilan ne-ne mashaqqatlarni yengib o‘tdim. Bugun menda aksariyat insonlar orzu qilgan barcha narsa bor. Shaxsiy mashina, uy-joy, obro‘-e’tibor, do‘stlar, daromadli ish. Qo‘limni cho‘zsam, ko‘p narsaga yetishi mumkin.

Biroq bu kunlarga osonlikcha yetib kelmadim: yuzimga yopilgan eshiklar, ortiqcha gap-so‘zlar, xiyonatlar, yo‘qotishlar...

To‘g‘ri, juda qiyin bo‘ldi, ko‘p bor sindim, sindirildim. Ammo vaqt o‘tib, o‘sha ko‘ngil siniqlaridan yangi “men”imni yaratdim. Hayot zarbalari meni jur’atli, kuchli ayolga aylantirdi. O‘zimni qo‘lga olib, maqsadlarim sari intilishdan to‘xtamadim.

Agar bu hayotiy tajribamga avvalroq ega bo‘lganimda, balki, kamroq xato qilib, qiynalarmidim bilmadim...

Oila qurish arafasida turgan singillarim, erining xiyonatiga uchragan ayollarimiz uchun bu hayotiy hikoyam ibrat, motivatsiya bo‘lar degan maqsadda maktub yo‘llashga qaror qildim.

Bu yerlarda nomim chiqmay o‘lib ketishni istamayman

Farg‘onaning eng chekka qishloqlaridan birida tug‘ilib o‘sganman. Yaqinda 36 yoshni qarshilayman.

Bolalikdan orzulari osmon qiz bo‘lganman. Eng katta orzum shifokor bo‘lish va yaxshi joylarda ishlash edi.

Bolaligim deyarli dalada o‘tgan. Paxta terib yurgan paytlarim “Bu hayot men uchun emas. Bu yerlarda nomim chiqmay o‘lib ketishni istamayman. Hali shunday kunlar keladi, zo‘r bo‘lib ketaman, shaharda yashayman” derdim. Dugonalarim “bu jinni bo‘lib qolibdi” deb ustimdan kulardi. Onam “kel, endi ishingni qil”, deb e’tibor bermasdilar. Go‘yo orzularim boshqalar uchun yetib bo‘lmas cho‘qqidek tuyulardi.

9-sinfni bitirib, tibbiyot kollejiga topshiraman deganimda ota-onam tomonidan qattiq qarshilikka uchradim: “Shaharda o‘qish uchun ko‘p pul kerak. Seni qanday qilib o‘qitamiz? Yo‘lkirang, yotog‘ing, oziq-ovqatingga qayerdan pul topib beramiz?”

O‘sha paytlari tibbiyot kollejlariga 200-300 dollar berib kirishardi. Oilaviy sharoitimiz yaxshi bo‘lmagani uchun otam-onamni qiynagim kelmadi. Noiloj shaharda o‘qish fikridan voz kechdim.

Dadam bemalol piyoda borib kelaverishimni o‘ylab, uyimiz yaqinidagi texnikumga kirgizdi. U yerda ikki yil tikuvchilikka o‘qidim.

Texnikumni bitirib, universitetga o‘qishga kiraman deganimda ota-onam yana rozi bo‘lmadi: “O‘zi endi o‘qishni bitirding-ku, yana o‘qiysanmi? Yana o‘qisang, qariqiz bo‘lib qolasan”.

Xullas, tinchgina dadamning aytganini qilib, maktabga ishga kirdim.

Maqsadim — oila qurish orqali orzularimga erishish edi

O‘shanda 20 yoshda edim. Tabiiyki, qishloqda bo‘yi yetgan qizlarga xaridorlar ko‘payadi. Meni ham so‘rovchilar ko‘p edi, ammo hammasini rad qilardim. Chunki turmushga chiqishga orzularimga yetishishning so‘nggi imkoniyati sifatida qarardim. Sovchilarning esa keti uzilmasdi.

Uyimdagilarga o‘qituvchi yigitdan kelayotgan sovchilar ma’qul keldi. Oliy ma’lumotli, oilaviy sharoiti ham yomon emasdi. Uchrashuvga chiqdim, gaplashdik, ochig‘ini aytsam, unga ko‘nglim bo‘lmadi.

Keyinroq eshitishimcha, yigitning uydagilari ham o‘qimaganim uchun meni kelin qilishni istamagan. U esa “mayli, o‘zim o‘qitib olaman” deb oyoq tirab turib olgan. Taqdir ekan, qarshiliklarga qaramay to‘yimiz bo‘ldi.

Men hamma orzularimni unutdim-da, kelinlik xizmatlariga kirishib ketdim.

Oradan biroz vaqt o‘tib, men ham erim dars beradigan maktabga ishga kirdim. Birgalikda ishga borib kela boshladik.

Tezda bo‘yimda bo‘lib, toksikoz boshlandi. Tinmay asabiylashaverardim. Go‘yo erim o‘quvchisi bilan menga xiyonat qilayotgandek tuyulaverardi. Chunki u qiz har xil bahonalar bilan erimga tinmay telefon qilar, erimning ham unga moyilligi borday ko‘rinardi. Turmush o‘rtog‘im noto‘g‘ri o‘ylayotganimni aytsa-da, baribir xayolimga yomon o‘ylar kelaverardi. Vaqt o‘tib, gumonim haqiqatga aylandi.

Uylarni tozalayotib, bir necha bor xonadan yirtilgan xatlarni topib oldim. Erinmay tiklab o‘qidim. Bilasizmi, ular nafaqat o‘quvchi qizning, balki erimning ham javob xatlari edi.

Ishga borganimda hamkasblarim ham “ering bilan hali o‘quvchisini ko‘rdim, indamaysanmi? Bunaqada eringni yosh qizga berib qo‘yasan”, deb qayrayverardi.

Oxiri chidolmay, o‘sha qizning uy raqamini topib, telefon qilganman. Go‘shakni buvisi ko‘targan. Alamda nabirasini yig‘ishtirib olishini, erimga tinmay telefon qilib, oilamizni buzayotganini aytganman. Kechki payt turmush o‘rtog‘im ishdan kelib men bilan qattiq janjallashgan.

Bilishimcha, qiz maktabdan kelganida buvisi va onasi dadangga aytib beraman, endi maktabga bormaysan deb urgan. U erimga telefon qilib, “Xotining tufayli kaltak yedim, o‘zimni o‘ldiraman. Sababiga seni yozib ketaman, xotining yoki sen qamalib ketasan” deb tahdid qilgan.

Erim esa kelib, bor alamini mendan olgan.

“Bitta o‘quvchingizni ortidan meni shuncha xafa qilyapsizmi? Homiladorman, qornimda bolangizni ko‘tarib yuribman”, deb ichimdagi bor alamimni sochganman.

Go‘zal edingiz, sizga kimlar havas qilmasdi. Hamma orzularingizdan kechib, bir yigitni deb kelasiz. Uni rozi qilish uchun homilador holingizda sahardan katta hovlidagi bor ishni qilasiz. Ishdan charchab kelib, ovqat tayyorlab, mol-qo‘yiga qaraysiz.

Eringizni paypog‘igacha yechib, tirnoqlarigacha olasiz. Bir ayol eriga qanday xizmat qilishi kerak bo‘lsa, ortig‘i bilan bajarishga, minnatdor qilishga harakat qilasiz-da, ammo u sizni tashlab, yosh qiz bilan don olishib yuradi.

Qayerda xato qildim, nimani noto‘g‘ri qildim? Yo eskirib qoldimmi, yoki ko‘nglingizdagidek xizmatingizni qilolmadimmi, deb yig‘ladim.

U gaplarimni eshitmay “sendek ayol kerak emas, yo‘qol, uyingga ket” deb turib oldi. Mayli, agar ketsam ko‘ch-ko‘ronim bilan ketaman, dedim. U esa qarshilik ko‘rsatmadi.

Qo‘shnilar ko‘rib qolib, gapirmasin deb hatto hojatga ham chiqmasdim

Qizlik uyimga qaytdim. Sal o‘ziga kelib, ayblarini tushunib, meni olib ketadi, axir qornimda bolasi bor-ku, deb umid qildim.

O‘sha paytlari ostona hatlab ko‘chaga chiqmaganman. Birov olti oylik kelin qaytib kelibdi demasin, ota-onamga isnod bo‘lmasin, deb hovliga ham chiqmasdim.

Sandalga o‘ranib, yig‘lab yotaverardim. Ertalab vaqtli turib, namozimni o‘qib olardim-da, shomgacha hatto hojatga ham chiqmasdim (Hozir shunchalik oriyat kuchli bo‘lgan ekanmi deb o‘ylab qolaman).

Shu zaylda oy-kunim yetib, qizli bo‘ldim, hech yo‘q farzandini ko‘rgani kelmadi. Faqat ota-onam boshimda turdi. Erim taraf kelavermagach, o‘zimiz xabar berdik. Bir necha kundan keyin esa uyimizga ajrim qog‘ozi keldi.

Nimalar bo‘layotganini tushunmasdim. Aybim nima? Rashk qilganimmi? Axir o‘zimdan o‘zim rashk qilmadim-ku? Xo‘p, men nohaq bo‘lgan taqdirimda ham qaysi ayol erini qizg‘anmaydi, shunga ajrashish kerakmi deb hazm qilolmasdim.

Dunyoda onani yo‘qotishdan ortiq baxtsizlik yo‘q ekan

Peshonada bor ekan, ajrashdik. Oradan olti oy o‘tib onam qattiq kasal bo‘lib qoldi.  Singlim ishlardi. Ukam yosh. Bolamni belimga bog‘lab, olti oy shifoxonada yotib qaradim. Operatsiya qildirdik. Ammo sog‘lig‘i yomonlashib boraverdi.

Onam haliyam erimning kelishiga umid qilardi. Ona, o‘z bolasini ko‘rishga kelmayapti-ku, qanday sizni ko‘rishga keladi, derdim ichimda. O‘shanda erimdan shunaqangi nafratlanardimki... Hali ham o‘sha alamzadalik ichimda bor.

Bolam bir yoshga kirganda onam vafot etdi. Onangizni sizga ko‘zi mo‘ltillab, bolalarimni uyli-joyli qilib, baxtini ko‘rolmaganidan qiynalib, o‘lgisi kelmasdan hayotni tark etishini ko‘rish... Men o‘shanda haqiqiy baxtsizlik nima ekanligini his qilganman.

Aslida eringizni tashlab ketishi, xiyonati, moddiy yetishmovchiliklar onani yo‘qotish oldida hech narsa emas ekan.

“Qo‘y, qizim, yig‘layverma”, deyishsa quloq solmagan ekanman. Ko‘z yoshlarimni ko‘rib, onajonimni ichi dardga to‘lib ketgan ekan. O‘shanda farzandlar g‘am-tashvishini onasiga hech qachon bildirmasligi kerakligini tushunganman.

Hayotimni ukalarimga, qizimga bag‘ishladim

Onamdan so‘ng oilada asosiy odamga aylandim-qoldim. Qaytib turmush qurmadim. O‘zimni oilamga, bolamga bag‘ishladim.

Dadam, ukalarimning yeyish-ichishi, kiri, uy ishlari mening zimmamda edi. Har kuni ertalab ular ishga chiqib ketishardi. Men esa bolamni aravachaga bog‘lab, meva-chevalarga, ekinlarga qarardim.

Qo‘shnilarimiz “sen belim deysan, shunaqa ish qilganingdan keyin og‘riydi-da” derdi. “Tirikchilik-da” deb yelkamni qisib ketardim. Singlimning bo‘yi yetgandi. Sep yig‘ib, erga berdik.

Ikki yildan so‘ng erim uylandi. Eng qizig‘i, o‘quvchisiga emas, hamkasbim bilan oila qurdi. Ular bilan ko‘rishmaslik uchun maktabga qaytib bormadim.

Erim yo‘qligini eshitib, ko‘pchilik og‘iz solardi

Oliy ma’lumotli emasligim sabab ishga kirishga qiynalganman. Uyimiz yaqinidagi kollej direktori rasman ishga olgisi kelmagan. Juda yalintirgan. Oxiri yetakchi sifatida ishga kirdim. Kollejda arzimagan 50 ming so‘m oylikka ishlardim. U pulga bir litr yog‘, ortganiga bolamga pechenye olardim.

O‘sha paytlari alimentdan 14 ming so‘m olardim. U bog‘cha puliga ham yetmasdi.

Yana pul topish uchun uyda dehqonchilik qilardim. Imkon boricha ro‘zg‘orga kerakli mahsulotlarni yerimizga ekib, uydan chiqarardim. Saharda meva-chevalarimizni terib, bozorga olib chiqib sotardim.

Pulim ko‘paysin deb qo‘shnilarimizning ham mevalarini qo‘shib olardim.

Bozorchilar “bizni joyimizda o‘tirma”, deb janjal qilardi. Ular bilan urishib, tortishib, savdo qilaverardim. Eh-he, hozir o‘sha kunlarni eslasam...

Bozordan to‘plagan pullarimga vaqt o‘tib kompyuter, printer sotib olib, kollejda kompyuter xizmati ochganman.

Yangi kelgan kollej direktori mehnatkashligimni ko‘rib, meni 0,5 stavkaga ishga olgan. Oyligim oshgan. Tushlikkacha kollejdagi ishlarimni bitirib, qolgan payt o‘quvchilarga qog‘oz chiqarib o‘tirardim.

Kollejga endi o‘rnashdim degan paytimda yana direktor almashgan. U negadir hech men bilan chiqishmasdi. Paxtaga chiqmayapsan deb gapirardi, chiqsam yana boshqa bahonalarni keltirib, urishaverardi. “Kamolot” yetakchiligidan olib, kutubxonachi qilib qo‘ygan. Rosa yig‘lardim, lekin hech kimga aytolmasdim. Keyinroq bilsam, erim yo‘qligini eshitib, yalintirmoqchi bo‘lgan ekan.

Ochig‘ini aytsam, erim yo‘qligini eshitib, ko‘pchilik og‘iz solardi. Gap tegishtirardi. Lekin yon bermasdim. Erkak kishidan shu darajada ko‘nglim qolganki, qaytib oila qurish haqida o‘ylamasdim.

Ajrashishim sababini 7 yildan keyin bildim

Allohga shukr, qizim ota mehriga zor bo‘lmay ulg‘aydi. Chunki dadamni “dada” deb katta bo‘ldi. Bizga bermagan mehrini ham bolamga berdi. Ayamdan keyin bolamga juda suyanib qoldi.

Bir kuni qizim, dadamga gapirayotganimda “oyi, nega doim mening dadamni dada deysiz, o‘zingizning otangiz qayoqqa ketgan?” deb so‘radi.

Shunda dadam “Qizim, men oyimning dadasiman. Sening dadang uzoqqa ketgan” deb tushuntirgandi.

Bolam besh yoshdan tayyorgarlik kursiga bora boshladi. Topganlarim yetmay qoldi. O‘shanda aliment beradigan tashkilotga borib, erimning ustidan ariza yozdim. Shundan keyin erim menga telefon qilib, hech qayerga rasmiy xat bilan murojaat qilmasligimni, hammasini to‘lashini aytib, qizimni ko‘rsatishimni so‘radi.

Yaqin dugonamga bu haqda aytdim. Uning “Ko‘rsat, shu paytgacha ko‘rmagan bo‘lsa, shunday bolasi borligini ko‘rib, kuysin, mehri tushsin. U baribir bolangning otasi” degan maslahatidan so‘ng rozi bo‘ldim.

Maktabga borib, qizimni oldim. Sobiq erimning mashinasiga chiqqanimizda qizim qayoqqa ketayotganimizni so‘radi.

Shunda otasi “Assalomu alaykum, qizim” dedi. U ham hali tili to‘liq chiqishga ulgurmagan tillari bilan salom berdi.

Otasini umuman ko‘rmagan emasmi, mendan “Oyi, bu kim?” dedi. Erim qizimning savollariga o‘zi javob berdi.

— Dadang bo‘laman, qizim.

— Iye, mening dadam bor-ku?

— U sening bobong, oyingni dadasi, sening dadang menman.

— Unda shu paytgacha qayerda edingiz?

Erim g‘alati bo‘lib ketdi.

— Uzoqda, safarda edim, endi keldim, qizim, — deb o‘zini oqlashga urindi.

Biroz aylanganimizdan so‘ng, qizim uxlab qoldi. Mashinada o‘tirib, gaplashib qoldik.

— Nega turmushga chiqmading?

— Vaqtim bo‘lmadi, onam o‘lib ketdi. Qolaversa, dadam ham uylanmadi. Uni, ukalarimni tashlab qayoqqa ketardim.

— Agar boshqa turmushga chiqmasang, men senga yordam beraman. Ayb hammamizdan o‘tgan, yosh bola bo‘lganmiz.

— O‘zi mendan nima ayb o‘tgan? Aybim — o‘z erimni rashk qilganimmi? Kim erini rashk qilmaydi?

— O‘zing yozaverib tinch qo‘ymading-ku!

— Qanaqa yozuv? Tushunmadim.

— Mening ustimdan hokimiyatlargacha yozibsan, arizalarni deb ancha yugur-yugur bo‘ldim...

— Men yozmaganman.

— Sen yozmasang kim yozadi?, — erim asabiylashib ketdi.

Erim maktabda o‘qituvchilik qilish bilan birga “zavxoz” bo‘lib ham ishlardi. Tushunishim bo‘yicha men ketganimdan so‘ng, maktabdagi narsalarni o‘zlashtirgan deb uning ustidan kimdir yozib bergan. Uydagilari buni men qildi deb o‘ylagan. Opalari yozuvchi ayol senga hech qachon xotin bo‘lmaydi, deb ajrashishini maslahat bergan.

Qarang, hayot qanchalar beshafqat. Birovning bir og‘iz gapi, taxmini bilan oilam buzildi, bolam otasiz katta bo‘ldi. Yemagan somsamga yoshligim bilan tovon to‘ladim.

O‘zimni tutib turolmadim. O‘shanda oldimda kelib “Nega unday qilyapsan?” deb bir og‘iz so‘rasangiz bo‘lmasmidi? Yetti yil nimaga ajrashganimni bilmay yurdim. Xudoga shukur, yuzim yorug‘ ekan. Meni aybsiz holimda shuncha azobga mahkum qildingiz. Taqdirimga kuyib onam o‘lib ketdi. Siz ham bola-chaqa qilyapsiz, ilohim, ulardan qaytsin, deb yig‘ladim.

U mendan tinmay kechirim so‘rardi: “Hamma narsangni, uy-joyinggacha qilib beraman. O‘zim hamma narsa bilan ta’minlayman, faqat kechirsang bo‘ldi”.

Ammo uning hech bir so‘zi qulog‘imga kirmasdi. Onamning qabriga borib, to‘ygunimcha yig‘ladim...

Endi ko‘z yoshlardan foyda yo‘q!

Bolam katta bo‘lgani sari o‘zimni qo‘lga olishim, kuchli bo‘lishim kerakligini tushundim. Bolalikdagi orzularimni amalga oshirib, qizimni yaxshi joylarda o‘qitishni maqsad qildim.

Kollejdagi ishlarim bilan birga dugonamning saloniga borib, hunar o‘rgandim. Qo‘limdan ish kelganidan so‘ng kredit olib, go‘zallik saloni ochdim. Toshkentdan kelin ko‘ylaklar olib kelib, o‘zim makiyaj qilib, qo‘shimcha pul topdim.

Orada dorixonachi o‘rtog‘im ishga taklif qildi. Ishim — joylarga dorilarni eltib berishdan iborat edi. Salonda mijozlar yo‘q paytlari dorilarni yetkazib berardim. Shu ishdan baraka topdim. Orada farmatsevtlikka o‘qib ham oldim.

Shu sohadan ko‘proq pul topganim uchun kollejdan ishdan ketdim. Salonni yopdim. Bir dugonam bilan hamkorlikda xususiy maktab ochdik. Ishlari yurishib, oyoqqa turganida u sherikchiligimiz tugaganini aytdi. Ha mayli, deb qo‘limni qo‘ltig‘imga urib, indamay ketdim.

Alamzada edim. Bor kuchimni o‘sha dori-darmonga berdim. Yaxshi ishlaganim uchun firmadan qo‘shimcha ish berishdi. Qattiq mehnat qildim. Ishimiz yurishib ketib, shahardan uy, mashina oldim. Orzu qilganimdek, qizim yaxshi maktabda tahsil olyapti. Haliyam diplom olish niyatidaman.

Habiba bo‘lish oson bo‘lmadi. Bu kunlar uchun Allohga qanday minnatdorlik bildirishni bilmayman. Nima orzu qilgan bo‘lsam hammasiga bitta-bitta erishib kelyapman.

Agar o‘tmishga qaytganimda ajrashmasdim

Agar hozirgi aqlim bilan o‘tmishga qaytganimda oilani tanlardim. Istalgan ayolga er topiladi, erkakka xotin, lekin farzandlarga o‘ziniki kabi ota-ona topilmaydi. Farzand tarbiyasida mening qattiqqo‘lligim mehrim kamlik qiladi. Qayta oila qurishga esa juda qo‘rqaman. Qizim katta bo‘lib qoldi, bunday tavakkal qilolmayman.

Bilasizmi, men o‘sha kelinchaklik paytimda qolib ketganman. U kunlarni ko‘p o‘ylayman. Ajrashib ketishga loyiq emasdim, deb ba’zida ham yig‘layman. Ammo Allohning irodasi. Nolimayman, lekin agar  o‘sha paytga qaytsam, erim bilan aslo ajrashmasdim.

Borib katta odamlardek gaplashib, vaziyatga oydinlik kiritib olardim. “Aybim bo‘lsa, kechiring, sizdan o‘tgan bo‘lsa, mayli men kechirdim” derdim. Nima bo‘lgan taqdirda ham oilamni asrab qolishga harakat qilardim.

Ayol janjal, to‘polon bilan biron nimaga erisholmaydi

Opa-singillarimga maslahatim — biror kasb-hunar egasi bo‘lmay diplomsiz birovning xonadoniga bormang. Agar oliy ma’lumotli bo‘lganimda pul topishda bunchalik qiynalmasdim deb o‘ylayman. Shuning uchun ko‘p kitob o‘qing, ilm oling.

O‘zingizga e’tiborli bo‘ling. Alloh bergan tanangizni parvarish qiling. Ayol kishining o‘zi, qalbi, harakatlari go‘zal bo‘lishi lozim. Agar eringiz bilan qandaydir kelishmovchiliklar bo‘lsa, baqir-chaqir qilib, arazlab ketib qolmay o‘tirib, gaplashib oling. Nima yoqmasa, chiroyli yo‘l bilan tushuntiring, do‘stona munosabatda bo‘ling. Ayol janjal, to‘polon bilan biron nimaga erisholmaydi. Bu tajribamdan ko‘p o‘tgan.

Bir ish boshlashdan qo‘rqmang. Mehnatdan qochmang. Birov qildimi, demak, sizni ham bu qo‘lingizdan keladi. Alloh hech bandasini tashlab qo‘ymaydi. Har kim harakatiga yarashasini oladi. Shunday ekan, faqat intiling, harakat qiling.

Loyiha muallifi va suhbatdosh: Xonzodabegim A’zamova

Muharrir: Dilshod Sharipov

Loyihada ishtirok etishni istagan ayollarimiz Telegram’dagi @daryomuxbiri’ga murojaat qilishlari mumkin.