Daryo

O‘zbekiston Ukrainadagi fuqarolarini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda

Hozirda Kiyevdagi elchixona tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati shakllantirilmoqda

1 daqiqa o‘qish30 728 ko‘rishlar0 izoh0
O‘zbekiston Ukrainaning Kiyev shahridagi elchixonasi vatandoshlar uchun murojaat bilan chiqdi. Murojaat matni elchixona saytida e’lon qilingan.
Hozirda O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Ukraina havo hududining yopilishini inobatga olgan holda jo‘nab ketish yo‘nalishlari va jo‘nab ketish joyi ishlab chiqilmoqda.

Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlarning manfaatdor xizmatlari bilan kelishilgach, O‘zbekiston fuqarolari elchixonaning “Uzbekistan.org.ua” sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi. Ukrainadan chiqib ketishni xohlovchi O‘zbekistonning barcha fuqarolari pasport ma’lumotlarini elchixonaning [email protected] elektron manziliga yuborishlari so‘raladi.

Ukrainada bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolaridan tinchlik saqlashlarini va qo‘shimcha savollar tug‘ilganda elchixona bilan aloqada bo‘lishlarini so‘raymiz.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi
Avvalroq Uzbekistan Airways’ning Namangandan Krasnodarga uchgan HY-9825 reysi Rostov viloyatidagi havo maydoni yo‘lovchi samolyotlarining qatnovlari uchun yopilishi munosabati bilan viloyatga majburiy qaytarilgani, Toshkentdan Kiyevga uchgan samolyot Moldovaga yo‘naltirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga doir: “Dunyo kun sayin emas, soat sayin tahlikali bo‘lib boryapti” — Shavkat Mirziyoyev

Ma’lumot uchun, 24-fevralga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “mintaqa aholisini genotsiddan himoya qilish” uchun maxsus harbiy operatsiya boshlanganini ma’lum qildi. Rossiyaliklarga murojaatida u Kreml Ukrainani demilitarizatsiya va denazolifikatsiya qilishga intilishi, biroq Ukraina hududlarini bosib olish rejada yo‘qligini aytdi.

Putinning murojaatidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainaning ko‘plab shaharlarida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko 24-fevral kuni erta tongda Kiyev, Xarkov va Dneprda harbiy infratuzilma obyektlariga raketa zarbalari berilganini ma’lum qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa “Ukraina harbiy infratuzilmasi ishdan chiqarilayotganini”, mamlakatning tinch aholisiga hech qanday tahdid yo‘qligini e’lon qilgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar