AQSh va Shimoliy Atlantika alyansi Rossiya bilan Yevropada xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolashdan bosh tortdi, shuningdek, ular NATOni kengaytirmaslik talabini qo‘llab-quvvatlamayapti. Bu haqda Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kiritgan takliflariga AQSh va NATOning maxfiy javoblarida aytilgan. 2-fevral kuni Ispaniyaning El Pais gazetasi javoblarning to‘liq matnini chop etdi.
Shuningdek, hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, AQSh va alyans Moskvaga qurolsizlanish bo‘yicha kelishuvlar va “ishonchni mustahkamlash choralari” to‘g‘risida muzokaralar olib borishni taklif qilgan.
Nashr ingliz tilidagi ikkita hujjat nusxasini chop etdi: besh sahifalik Vashingtonning javobi, to‘rt sahifadan iborat alyansning javobi. Matnlar orasidagi asosiy farq shundaki, Vashington Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) tomonidan tasdiqlangan xavfsizlikning bo‘linmasligi prinsipini muhokama qilishga tayyor, deb yozadi El Pais. Ushbu tamoyildan kelib chiqib Moskva Ukrainaning NATOga kirishi Rossiya xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishini da’vo qilgandi. AQSh bunga javoban Rossiyaning nuqta’i nazariga qo‘shilmasligini aytib, xavfsizlikning bo‘linmasligi tushunchasi “yakka holda ko‘rib chiqilmasligini” bildirgan. Ayni paytda Amerika rasmiylari ushbu tamoyilning “talqinlari”ni muhokama qilishga tayyor.
1999 va 2010-yillarda YeXHTga a’zo davlatlar (57 ta davlat) rahbarlari xavfsizlikning bo‘linmasligi prinsipini mustahkamlovchi hujjatlarni imzolagan. Bu tamoyil ikkita yondashuvni nazarda tutadi: har bir davlat harbiy ittifoqchilarini tanlashda erkindir, shuningdek, o‘z xavfsizligini boshqalarning xavfsizligi hisobiga mustahkamlamaslikka majburdir.
Rossiya Yevropada xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflarini 2021-yilning dekabrida taqdim etgandi. Yanvar oyida AQSh va NATO Rossiya tomoniga javob yubordi, Vashington ushbu hujjatlarni oshkor qilmaslikni so‘radi. Davlat departamenti va alyans vakillarining bayonotlarida ular qurol nazorati, shaffoflikni oshirish va xavflarni kamaytirish bo‘yicha muloqotdan manfaatdor ekani ko‘rinib turardi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Rossiyaning asosiy talablari “e’tiborga olinmaganini” aytgan.