Joriy yilning 27-yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (keyinchalik O‘zmilliybank) bosh binosida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti K.Limitovskiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar joriy hamkorlik holatini muhokama qilishdi, o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarining yangi o‘sish nuqtalari hamda investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishdi. Xususan, tomonlar infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, transport tizimi, turizm, ko‘priklar va yo‘llar qurish, tog‘-kon sanoati va boshqa sohalardagi loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi va OIIBga a’zo boshqa mamlakatlarning yetakchi moliya institutlari bilan ko‘p tomonlama amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha “O‘zmilliybank” va OIIB o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-dekabrdagi 780-sonli “Koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kredit liniyasini jalb qilish va undan foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga asosan 200 million AQSh dollarlik imtiyozli kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu kelishuvning asosiy maqsadi — davom etayotgan koronavirus pandemiyasi oqibatida zarar ko‘rgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes subyektlariga infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hamda ishlab chiqarish, umumiy ovqatlanish, transport va xizmatlar sohasidagi loyihalarni, kredit ajratish yo‘li bilan, aylanma mablag‘ bilan ta’minlash va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish.

Imzolangan kelishuv birinchi navbatda, Yangi O‘zbekistonning 2022—2026-yillar uchun rivojlanish strategiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi. Uning ustuvor yo‘nalishlaridan biri — milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, shu jumladan, iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha hukumat tashabbuslarini bajarish, sog‘lom raqobatni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini va mamlakat aholisi farovonligini yaxshilashga va yangi ishchi o‘rinlarini yaratishga asos bo‘ladi.

Shuningdek, kelishuv O‘zbekistonning OIIBga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarini yanada kengaytirish va ularning hamkorlik istiqbollarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) — Xitoy hukumati tashabbusiga ko‘ra tashkil etilgan xalqaro moliya tashkiloti. OIIBning asosiy maqsadlari — moliyaviy hamkorlikni rag‘batlantirish va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish. O‘z ichiga 105 ta a’zo davlatni qabul qilgan. Shundan 50 tasi mintaqaviy a’zolar.

Bankning yirik aksiyadorlari: Xitoy — 32 foiz, Hindiston — 8,9 foiz, Rossiya — 7 foiz, Germaniya — 4,8 foiz, Janubiy Koreya — 4 foiz, Avstraliya — 3,9 foiz, Fransiya — 3,6 foiz, Buyuk Britaniya — 3,2 foiz va O‘zbekiston — 0,229 foiz.

Reklama huquqi asosida.