“Respublika hududlarida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari tashkil etilgan.

Jamg‘armalarni shakllantirishning asosiy manbasi yerni xususiylashtirishdan va yerni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘lar hisoblanadi.

Jamg‘armalar mablag‘lari quyidagilar uchun sarflanadi:

  • “Yangi O‘zbekiston”, davlat uy-joy dasturlaridagi massivlarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya bilan ta’minlash;
  • 200 milliard so‘mdan oshadigan, investorning o‘z mablag‘lari 25 foizdan kam bo‘lmagan, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash;
  • aholi punktlari bosh rejalari, hududlarning ma’muriy-rejalashtiruv topshiriqlari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish.

Farmon bilan, shuningdek, Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasi tugatildi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishiga oid loyiha taqdimoti bilan tanishgandi. Loyihaga ko‘ra, 2022-yilda 22 ta yangi massiv barpo etiladi, kichik sanoat zonasi, tadbirkorlik obyektlari tashkil etish orqali kamida 50 mingta ish o‘rni yaratiladi.