AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazadi. Suhbat 2022-yilning 2-yanvarida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oq uy vakili ma’lum qilgan, deb yozadi “RBK”.
Bayden AQShning Ukraina suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlash uchun suhbat o‘tkazadi, deyiladi xabarda. Shuningdek, prezidentlar Ukraina bilan chegarada “Rossiya armiyasining to‘planishi” va mintaqadagi vaziyatni diplomatik yo‘l bilan qanday hal qilish masalasini muhokama qilmoqchi, deya qo‘shimcha qilgan Oq uy vakili.
Keyinroq muzokaralar haqidagi ma’lumotni Zelenskiy ham tasdiqladi. Twitter’da u muzokaralarni “sabrsizlik bilan” kutayotganini yozgan. Suhbat “Ukrainada tinchlik va Yevropada xavfsizlik yo‘lidagi qadamlarimizni muvofiqlashtirishga bag‘ishlanadi”, — deya qo‘shimcha qilgan Ukraina prezidenti.
30-dekabrdan 31-dekabrga o‘tar kechasi Jo Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgandi. Rossiya yetakchisining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilishicha, muloqot davomida Rossiya prezidenti Amerika rahbariga “biz muzokaralarga katta ahamiyat beramiz”, biroq ayni paytda ular “oddiy suhbatga aylanmasligi kerak”, degan.
2021-yilning kuzida bir qancha G‘arb ommaviy axborot vositalari, jumladan, Politico, The Washington Post va boshqalar Ukraina bilan chegaralar yaqinida Rossiya qo‘shinlarining soni ko‘paygani hamda Rossiyaning ushbu mamlakatni “bosib olishga” tayyorlanayotgani haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Moskva bu xabarlarni rad etib, bunday reja yo‘qligini ta’kidladi. Shuningdek, dekabr oyi boshida Bayden bilan bo‘lib o‘tgan videosammit chog‘ida Putin “NATO Ukraina hududini bosib olish uchun xavfli urinishlar qilayotgani” va Shimoliy Atlantika alyansi Rossiya chegaralari yaqinida harbiy salohiyatni oshirish bilan shug‘ullanayotganini ta’kidlagan edi.
Shu bilan birga, Kiyev yaqin kelajakda Rossiyadan bosqin xavfini ko‘rmayotganini bildirgan. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha mamlakatda favqulodda holat joriy etish uchun asoslar yo‘q, u yaqinlashib kelayotgan “bosqin” haqidagi ma’lumotlarni “Ukrainaga qarshi axborot hujumlaridan biri” deb atagan.
Mavzuga doir:
- Zelenskiy Ukrainaning Rossiyaga qarshi turish bo‘yicha axborot xavfsizligi strategiyasini tasdiqladi
- Oq uy Rossiyaning Ukraina masalasi bo‘yicha AQSh, NATO va YeXHT bilan muzokaralari qaysi sanada o‘tkazilishini ma’lum qildi
- Zelenskiy Putin bilan uchrashishga tayyor — Ukraina prezidenti ma’muriyati
- Putin: “Zelenskiy Ukraina xalqining tinchlik haqidagi so‘roviga javob bermayapti, u ‘radikal unsurlar’ ta’siriga tushib qolgan”