AQSh prezidenti Jo Bayden Kolorado shtatida yirik o‘rmon yong‘inlari tufayli tezlashtirilgan favqulodda holat e’lon qilinishini ma’qulladi. Bu haqda Axios nashri xabar berdi.
Kolorado gubernatori Jared Polisning aytishicha, prezident Jo Bayden talafot yetgan hududlarni tiklash va uyidan ayrilganlarga yordam berish uchun tezlashtirilgan favqulodda holat e’lon qilishni taklif qilgan.
Qisqa vaqtda katta hududlarga tarqalgan o‘rmon yong‘inlari qariyb 1600 gektar maydonga zarar yetkazgan, 500 dan ortiq uyni vayron qilgan. Luisvill va boshqa aholi punktlarida 30 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.
Avvalroq Kolorado shtatida o‘rmon yong‘inlari sababli mahalliy aholini evakuatsiya qilish boshlangani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, AQShning Kaliforniya shtatida 14-iyulda boshlangan “Diksi” tabiiy yong‘inlari Kaliforniya kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng yirik yong‘inlar, deb qayd etilgandi. Yong‘in xizmatlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Kaliforniyada 15 mingga yaqin uy xavf ostida qolgan.