1939-yil boshlangan Ikkinchi jahon urushi dunyoning deyarli barcha qudratli davlatlarini o‘z domiga tortdi. Biroq buyuk davlatlardan AQSh bu urushda betaraflikni saqlab qoldi. Amerika hukumati urush davomida Buyuk Britaniyaga iqtisodiy yordam bersa-da, harbiy harakatlarga qo‘shilmadi. Ammo 1941-yil 7-dekabr kuni Germaniyaning ittifoqchisi bo‘lmish Yaponiya nafaqat AQSh, balki butun urush taqdirini o‘zgartirib yuborgan hujumni amalga oshirdi. Yapon samolyotlari hech qanday urush e’lon qilmasdan, AQSh harbiy floti joylashgan Perl-Harborga dahshatli hujum uyushtirdi.

Hujum sabablari nima edi?

1939-yil Germaniya Buyuk Britaniya va Fransiyaga urush e’lon qilgach, Germaniyaning ittifoqchilari Italiya va Yaponiya ham Buyuk Britaniya hamda Fransiyaga qarshi urush e’lon qiladi. Shu tariqa insoniyat tarixidagi eng dahshatli va kulfatli urush boshlanadi. Germaniya va Italiya Yevropada Fransiyani mag‘lub etgan bir paytda Yaponiya Uzoq Sharqda katta harbiy harakatlar olib borayotgandi. Xususan, yaponlar Koreya va Hindi Xitoy yarimoroli hamda Xitoyning katta qismini egallab oladi.

Aynan Xitoyga hujum Yaponiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashuviga sabab bo‘ladi. Chunki AQSh Tinch okeanidagi savdo aloqalari sabab Xitoyga har qanday urushda uni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergandi. Yaponiyaning Xitoy shimolini to‘liq egallab, mamlakat markaziy qismi tomon yurishi amerikaliklarni harakat qilishga majbur qiladi. AQSh Xitoyga kredit beradi hamda Yaponiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritadi. 1939-yili iyulda Amerika hukumati Yaponiya bilan 1911-yilda tuzilgan savdo va navigatsiya shartnomasini bekor qiladi. Keyingi yili AQSh Yaponiya bilan barcha savdo va moliyaviy aloqalarni uzadi, Qo‘shma shtatlar Yaponiya uchun juda muhim bo‘lgan neft va po‘lat mahsulotlarini sotish va tashishga embargo (taqiq) kiritadi.

Yaponiya hukumatida ham o‘z navbatida AQShning bunday keskin qarorlaridan norozilik paydo bo‘ladi. Ko‘pchilik yapon amaldorlari Amerikaga qarshi urush boshlash haqida o‘ylay boshlaydi. Shunday bo‘lsa-da, kelishuvlar davom ettiriladi. 1941-yil noyabr oyi oxiriga qadar davom etgan AQSh—Yaponiya muzokaralari hech qanday ijobiy natijasiz tugaydi.

Perl-Harborga hujumdan oldin Tinch okeanidagi chegaralar

Foto: Origins

Germaniyaning 1941-yil yozida SSSRga hujum boshlashi Yaponiyaning Uzoq Sharqda qizil armiya hujumidan xavfsiramasligiga imkon beradi. Endilikda yapon kuchlari bor e’tiborni Tinch okeaniga qaratadi. Janubi-g‘arbiy Osiyo va Avstraliyaga qilinajak hujumda asosiy to‘siq AQShning Tinch okean floti edi. Yaponiya qo‘mondonligi AQShga zarba berish uchun puxta reja tayyorlay boshlaydi. Bu orqali ular AQShni yon berishga, sanksiyalarni bekor qilishga ham majbur qilmoqchi edi.

AQSh ham Yaponiyaning ehtimoliy hujumini bilar, ammo bu hujum Gavayi orollarida joylashgan Perl-Harborga emas, Niderlandiya sharqiy Hindistoni (Indoneziya), Singapur yoki Tinch okeani janubidagi boshqa orollarga qilinishini taxmin qilardi. Chunki Gavayi orollari AQShdan uch ming kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lsa, Yaponiyadan olti yarim ming kilometr masofada joylashgandi. Yaponlarning uzoq Gavayi orollariga hujum qilish orqali urush boshlashiga hech kim ishonmasdi. Ayni shu ishonch sabab ham AQShning butun Tinch okean floti joylashgan Perl-Harbor bazasi mustahkam himoyalanmagandi.

Reja va tayyorgarlik

Yaponiyaning rejasi oddiy edi: Perl-Harborga hujum qilib, Tinch okean flotini yo‘q qilish. Natijada AQSh kuchlari Tinch okean mintaqasida falajlanib qolishi va yapon floti deyarli hech qanday raqibsiz okeanda bosqinchilik harakatlarini amalga oshirishi mumkin edi. Ammo Perl-Harborga Amerika ayg‘oqchilariga sezdirmasdan yaqinlashish qiyin edi.

AQSh generallari yapon floti kuchlari Tinch okean janubida tarqalib ketgan deya taxmin qilardi. AQSh bilan muzokaralar davom etar ekan, yaponlar Tinch okeani shimoli-g‘arbiy qismida o‘z kuchlarini yig‘a boshladi. Yapon floti bosh qo‘mondoni Yamomoto Isoroku Gavayi orollaridan 440 kilometr shimolda samolyot tashuvchi kemalarni to‘playdi va shu yerdan Perl-Harborga havo hujumi amalga oshirishga qaror qiladi. Hujumda bir necha kichik suvosti kemalari ham ishtirok etadi. 26-noyabrga kelib yapon qo‘shinlari hujumga to‘la tayyor edi.

Perl-Harborga hujum

Foto: History

AQSh razvedkasi yaponlarning Gavayiga taxminiy hujumini sezadi. Shu munosabat bilan Gavayidagi Tinch okean floti qo‘mondoni admiral Hazbend Kimmelga himoya choralarini ko‘rish va ehtiyotkorlikni kuchaytirish haqida Vashingtondan telegrammalar yuboriladi. Ammo Kimmel ba’zi choralar ko‘rsa-da, baribir jangovar shaylikni kuchaytirmaydi. Oroldagi harbiy havo kuchlari boshlig‘i bo‘lgan general Uolter Short esa ogohlantirishdan so‘ng ko‘plab samolyotlarni xavfsiz deb hisoblagan Wheeler Field bazasiga jamlaydi.

Hujumning boshlanishi

Yapon qo‘shinlari hujum uchun eng qulay payt: yakshanba tongini tanlashadi. Perl-Harbordagi tarkibning uchdan bir qismi dam olishda, qolganlari esa dam olish kuni sabab hali o‘z joyini egallashga ulgurmagandi. Yaponiya hukumati hech qanday urush e’lon qilmasdan, AQSh kuchlariga hujumga o‘tadi.

7-dekabr kuni soat 07:55 da yapon flotining uch yuzdan oshiqroq samolyotlari Perl-Harbor osmonida paydo bo‘ladi. Haqiqiy dahshat boshlanadi. Amerikalik harbiylar yaponiyalik hamkasblari hujumidan shunchaki hayratda qoladi. Hujumning birinchi to‘lqinida yapon qiruvchi va bombardimonchi samolyotlari AQSh harbiy havo kuchlariga qaqshatqich zarba beradi. Amerika samolyotlarining faqatgina oltitasi havoga ko‘tarilishga ulguradi. 180 dan ortiq samolyot havoga ko‘tarilmasdan yo‘q qilinadi, 150 dan ortiq samolyot esa shikastlanadi.

Shuningdek, admiral Kimmel boshchiligidagi Tinch okean floti ham yaponlar uchun tayyor o‘ljaga aylanadi. Chunki qirg‘oqda langar tashlab turgan bu kemalar yakshanba tongi bo‘lgani bois jang davomida deyarli boshqarilmaydi va o‘t ochmaydi. Yarim soat ichida Tinch okean flotining o‘ndan ortiq kemasi jiddiy shikastlantiriladi, Tinch okean flotining eng katta kemalaridan biri bo‘lmish “Arizona” linkorining halokati dahshatli Perl-Harbor qirg‘inining ramziga aylanadi. Kemaga tashlangan bomba uning o‘q-dori saqlanuvchi qismiga tushadi va 1400 ekipaj a’zosidan 1177 nafari halok bo‘ladi.

Ikkinchi to‘lqin birinchisiga nisbatan kuchsizroq, lekin anchagina zararli bo‘ladi. Soat 09:00 da hujum to‘xtaydi.

Arizona kemasi halokatga uchrashi

Foto: Britannica

AQSh qo‘shinining talafoti katta edi. Kema va samolyotlarga yetkazilgan zarardan tashqari, 2300 nafardan ko‘proq inson halok bo‘ladi. Yana mingdan ortiq kishi jarohat oladi. Yapon armiyasi yo‘qotishi esa juda kam edi: 64 askar va 29 samolyot. Butun dunyo yaponlarning keyingi harakatlardagi g‘alabasiga shubha qilmadi.

Perl-Harbor fojiasi nimaga olib keldi?

Perl-Harborga hujum kutilganidek AQShning Yaponiya oldida tiz cho‘kishiga olib kelmadi. Garchi Gavayidagi Tinch okean floti harbiy kemalariga katta talafot yetkazilgan bo‘lsa-da, bu davrda flotning asosiy kuchi hisoblanuvchi samolyot tashuvchi kemalar Perl-Harborda emasdi. Ularning bir nechtasi topshiriq asosida Tinch okeani bo‘ylab tarqalgan, qolgani esa AQShga qaytgandi. Yana yettita kreyser va estminets ushbu kemalarga hamrohlik qilayotgandi.

Shikastlangan kemalarning ham ikkitasidan tashqari barchasi tez orada qayta ta’mirlanadi. Qolaversa, yaponlar hujumdan yana bir asosiy maqsad: neft omborlarini yo‘qotishni uddalay olmadi.

Perl-Harborga hujumning ertasigayoq AQSh prezidenti Franklin Delano Ruzvelt Kongressdan Yaponiyaga qarshi urush boshlashni so‘raydi. Kongress ham, AQSh xalqi ham urushga kirishni bir ovozdan ma’qullaydi.

8-dekabr kuni AQSh rasman Ikkinchi jahon urushiga qo‘shiladi. Shu kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Yaponiyaga qarshi urush e’lon qiladi. Oradan uch kun o‘tib esa Yaponiya ittifoqchilari Germaniya va Italiya AQShga qarshi urush e’lon qildi. Shu tariqa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish maqsadida Perl-Harborga hujum qilgan Yaponiya o‘z raqibini global urushga tortdi. Bu esa Yaponiyaning o‘zi uchun halokatli bo‘ladi.

Foto: Timeline

AQShning urushga kirishi Stalingrad jangi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushida tub burilish yasagan voqea hisoblanadi. AQSh o‘z ittifoqchilariga aylangan Buyuk Britaniya va Sovet ittifoqiga ulkan miqdorda pul va qurol-yarog‘ yetkazib berishni boshladi. Bu esa o‘sha mashhur Stalingrad jangidagi SSSR qo‘shinlari g‘alabasiga hissa qo‘shdi.

Yaponiya esa Perl-Harbor uchun og‘ir to‘lov qiladi. Xirosima va Nagasaki shaharlariga insoniyat tarixidagi birinchi atom bombasi tashlanishi ham ma’lum ma’noda Perl-Harbor uchun qasos edi. Urushdan keyin Yaponiya uch ming yillik tarixida birinchi bor chet el kuchlari — AQSh armiyasi tomonidan egallab olinadi va yapon armiyasi tarqatib yuboriladi. AQSh armiyasi bugungi kunga qadar Yaponiya hududida saqlanib kelmoqda.

Muallif:Muhammadqodir Sobirov