2021-yil 1-dekabrdan O‘zbekistonda alkogol mahsulotlarining yangi eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlari belgilandi. Hujjat Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 1-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan, deb xabar beradi Norma. Minimal narxlarning o‘sishi pivo ichimligiga ta‘sir qilmaydi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

1 litr mahsulotning yangi minimal narxlari (ulgurji-sotish va chakana narxlari):

  • vino, 1 litr tayyor mahsulot uchun chakana narx — 12 000 / 14 200 so‘m (oldin 11 200 / 13 200 so‘m edi);
  • konyak, 1 litr tayyor mahsulot uchun chakana narx — 48 200 / 57 800 so‘m (oldin 41 000 va 49 400 so‘m edi);
  • aroq va boshqa alkogolli mahsulotlar 1 litr tayyor mahsulot uchun chakana narx — 30 200 / 36 200 so‘m (oldin 28 600 / 34 400 so‘m edi).

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda spirtli ichimliklar uchun minimal narxlar oxirgi marta shu yilning 20-martida ko‘tarilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning iyul oyi oxirlarida “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini tartibga solish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilingandi. Farmon bilan O‘zbekistonda alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish uchun guvohnoma cheklanmagan muddatga berilishi belgilangan.