Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga 2022-yilda raislik qilish O‘zbekistonga o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Eslatb o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Ashxobod shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammiti ishida ishtirok etib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator aniq takliflarni ilgari surdi.

Tashkilot doirasida muayyan sohani rivojlantirish bo‘yicha har yilga nom berish an’anasini joriy etish tashabbusi bildirilgan. Xabarda aytilishicha, prezident IHTda 2022-yilni O‘zaro uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash yili, deb e’lon qilishni taklif etdi.

Sammit yakunida a’zo mamlakatlarning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi muhim ustuvor intilishlarini o‘zida mujassam etgan Harakatlar uchun Ashxobod konsensusi imzolandi.

Davlatlar va hukumatlar rahbarlari hamda tashkilot bosh kotibi O‘zbekistonni 2022-yilda IHTga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi. Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan bildirilgan samimiy tilaklar uchun minnatdorchilik bildirib, uchrashuv ishtirokchilarini O‘zbekistonda o‘tkaziladigan navbatdagi sammitga taklif qildi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev IHT sammitida so‘zlagan nutqida Afg‘onistondagi bugungi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tgani, sammit doirasida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Pokiston prezidenti Orif Alviy, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan muzokara o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.