Har yili 5-noyabr kechasi Buyuk Britaniyada “Gay Foks kechasi” (shuningdek, “Gulxanlar kechasi”, “Porox fitnasi” nomi bilan tanilgan) nishonlab kelinadi. 1605-yilning ushbu sanasida bir guruh katolik isyonchilar Londondagi Buyuk Britaniya parlamentini portlatishga uringan. Shu kuni protestant qirol Yakov I nutq so‘zlashi, Lordlar palatasi binosida esa parlamentning ikkala palata a’zolari va oliy sud vakillari bo‘lishi kerak edi. Ammo portlash amalga oshmagan. Uzoq rejalashtirilgan ish nima yoki kim sababli barbod bo‘lgan? “Daryo” shu haqida hikoya qiladi.

“Porox fitnasi”

1605-yilgi “Porox fitnasi” — bu ingliz qiroli Yakov I ni o‘ldirmoqchi bo‘lgan bir guruh shaxslarning omadsiz urinishidir. Monarxni o‘ldirish maqsadida parlament binosini portlatib yuborish rejalashtirilgan. Portlash shu yilning 5-noyabrida, qirolning taxtga o‘tirishi munosabati bilan so‘zlaydigan nutqi vaqtida amalga oshirilishi kerak edi.

XXI asr tarixchilari ushbu fitnani terrorchilik akti deb baholashni ma’qul ko‘radi, ammo ularning maqsadi ko‘proq davlat to‘ntarishini yodga soladi.

Temza daryosi bo‘yida joylashgan Britaniya parlamenti binosi

Foto: Wikiwand

Fitna fosh etilgach, ingliz parlamenti 5-noyabrni davlat bayrami sifatida nishonlash to‘g‘risida qonun qabul qilgan. Mazkur bayram 1859-yilga qadar nishonalgan. Hozirda esa “Gay Foks kechasi” yoki “Gulxan kechasi” bayramini nishonlash an’anaga aylangan: mushakbozlik ostida fitnaning eng mashhur ishtirokchisi Gay Foksning ramzi sifatida eski kiyimlar kiygizilgan qo‘riqchi yoqib yuboriladi.

Gay Foks kim?

Uning fitna sodir etilguniga qadar bo‘lgan hayoti haqida deyarli ma’lumot yo‘q. U dvoryanlar oilasida tug‘ilgan, o‘qimishli, ko‘rinishidan pulga muhtojligi bo‘lmagan. Katolik e’tiqodida bo‘lgan Foks fitnaning boshida turmagan va qirolga hujum tashabbuskori ham emas, ammo aynan unga Londondagi Lordlar palatasi binosi ostidagi poroxli xonaga eltuvchi pilikni yoqish topshirilgan. 1605-yilning 5-noyabrida u shu yerda qo‘lga olingan. Bu uning ismi fitna ramziga aylanib qolishiga sabab bo‘lgan.

Gay Foks illyustratsiyasi

Foto: Wikipedia

Qirolning ko‘rsatmasiga binoan Foks qiynoqlarga solingan, shundan so‘ng u hamtovoqlarini sotgan va ular ham tez orada qo‘lga olinib, 1606-yilning 27-yanvarida bo‘lib o‘tgan ochiq sudga topshirilgan. Fitnachilarning bariga, jumladan, Foksga ham osish, ichak-chavog‘ini olish va bo‘laklarga bo‘lib tashlash jazosi tayinlangan. 31-yanvar kuni amalga oshirilgan qatl vaqtida Foks bo‘ynida sitrmoq bilan jallod kundasidan bor kuchi bilan sakrashi natijasida bo‘yni sinib, vafot etgan. Bu orqali u qiynoqli o‘lim jazosidan qutulib qolgan.

Voqeaning boshi qayerga borib taqaladi?

Fitna manbalari hamon noaniqligicha qolmoqda. Shubhasiz, fitnachilarining asosiy maqsadi qirol Yakov I ni yo‘q qilish bo‘lgan, ammo ularning keyingi rejalari noma’lum.

O‘sha vaqtda katoliklar hukmronlik qilgan mamlakatda protestantlar harakati kuch to‘play boshlagan. Ingliz katoliklari taxtga kelishi mumkin bo‘lgan shotland qiroli Yakov VI ga umid bog‘lagan (shundan so‘ng u Yakov I ga aylangan), ammo u nafaqat katoliklar tarafdoriga aylangan, balki ochiqchasiga protestantlikka moyilligini bildirgan va hatto katoliklarga nisbatan qator zug‘umlarni o‘tkazgan (1604-yil oxirida bir qancha ko‘rgazmali qatllarni amalga oshirgan).

Buyuk Britaniya qiroli Yakov I

Foto: Autogear

Tarixchilar yuzlab yillar davomida fitnachilarning maqsadi monarxning o‘ldirib, uning o‘rniga qizi — malika Yelizavetani o‘tqazish va shu orqali hukmronlikni katoliklarga qayta topshirish bo‘lgan deb hisoblab kelgan. Keyinroq esa fitnachilar iyezuitlarni (reaksion katolik monaxlar tashkilotining a’zolari) qoralash va shu orqlai protestantlik dini pozitsiyasini mustahkamlash bo‘lgan degan gipoteza ham tarqalgan.

Fitnachilar va fitnaga tayyorgarlik

Jinoiy to‘daga dastavval besh kishi a’zo bo‘lgan — Robert Keytsbi, Tomas Uinter, Tomas Persi, Jek Rayt va Gay Foks. Keyinroq ularga yana kamida sakkiz kishi kelib qo‘shilgan. Fitnachilar Lordlar palatasi yaqinida joylashgan uydagi xonani ijaraga olib, shu orqali tunnel qazishni rejalashtirgan. Ammo tez orada Tomas Persi Lordlar palatasi binosining bevosita zali ostidagi binoni ijraga olishga muvaffaq bo‘lgan.

Fitnachilar Londonning Lambet tumanidan Temza daryosining qarama-qarshi qirg‘og‘iga qadar hech qanday qiyinchiliksiz va shubha uyg‘otmasdan qayiqda 36 bochka qora poroxni tashib o‘tgan. Keyinroq u o‘tin va ko‘mir niqobi ostida ijaraga olingan xonaga joylashtirilgan. Portlashga tayyorlangan poroxning umumiy og‘irligi 2,5 tonnaga yaqin bo‘lgan. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, bu parlament binosini to‘liq yakson qilishga, shuningdek, uning yaqinidagi Vestminister abbatligi binosi va 800 metr radiusdagi uylarning oynalariga shikast yetkazishi mumkin.

Foksdan boshqa barcha fitnachilar katoliklar pozitsiyasi kuchli bo‘lgan Uorkshir grafligiga yo‘l olgan. 5-noyabr kechasi Londonda faqat Foks qolishi kerak edi. Belgilangan soatda u yerto‘laga tushib, pilikni yoqishi, keyin esa qayiqqa o‘tirib, Temza orqali mamlakatdan chiqib ketishi lozim bo‘lgan.

Gay Foks

Foto: Wikipedia

Fitnaning fosh etilishi

Portlashni amalga oshirish uchun ko‘pchilik jalb etilgani, sir saqlangan ma’lumotlarning tarqalishi asosiy sababi bo‘lgan. Rasmiy versiyaga ko‘ra, 1605-yilning 26-oktabrida parlamentning ochilish marosimida ishtirok etishi kerak bo‘lgan katolik lord Montigl u yerga bormaslik tavsiya etilgan anonim xat olgan. Tarixchilarning taxminicha, xat muallifi fitnachilardan biri Frensis Treshem yoki portlashdan xabar topib, millat qahramoni va hukumatdan mukofot olishni istagan lord Montiglning o‘zi bo‘lishi mumkin.

Xatdan xabar topgan fitnachilar o‘z rejalarini baribir amalga oshirishga qaror qilgan, chunki Gay Foks tayyorlab qo‘yilgan portlovchi moddalarni yaxshilab tekshirib chiqqan va unga tegilmagani, ya’ni hokimiyat uni topa olmagani to‘g‘risida xulosaga kelgan.

Pilikni yoqishga urinayotgan Gay Foks illyustratsiyasi

Foto: Foxtonprima

Bu vaqtda Montigl xatni davlat kotibi graf Solsberiga, u esa qirolga ko‘rsatgan. 4-noyabrdan 5-noyabrga o‘tar kechasi parlament binosi yaxshilab tekshirib chiqilgan va yarim tunda yerto‘lada Foks topilgan; uning yonida piliklar va soat topilgan. Yerto‘lani tekshirish davomida ko‘mir uyumlari ostida yashiringan poroxli bochkalar mavjudligi aniqlangan.

Oqibat

“Porox fitnasi” fosh etilgach, Angliyada katoliklarning shundoq ham tang aholi yanada yomonlashgan: oradan 200 yil o‘tgachgina ular protestantlar bilan deyarli bir xil huquqqa ega bo‘lgan. Portlashning oldini olishda yordam ko‘rsatgan lord Montigl esa 500 funt mablag‘ va 200 funt daromad keltiruvchi mulk bilan taqdirlangan.

Barchaga tanish bo‘lgan Gay Foks niqobi

“Anonim niqob”, “Vendetta niqobi” yoki shunchaki “V niqobi” nomi bilan mashhurlikka erishgan Gay Foks niqobi — 2000-yillar oxiri va 2010-yillar boshida korrupsiyaga qarshi kurashning, G‘arbdagi hukumatlar islohotlariga qarshilikni bildiruvchi mashhur atributga aylangan. U birinchi bor “V — vendetta degani” komiksida paydo bo‘lgan, uni o‘zini V deb tanishtirgan bosh qahramon taqib yurgan. Niqob va obraz muallifi — komiks illyustratori Devid Lloyd hisoblanadi. U Gay Foksning suratlaridan ilhomlangan.

Komiks illyustratori Devid Lloyd tomonidan yaratilgan Gay Foks niqobi

Foto: Goodfon

Gay Foks niqobi foydalanuvchining anonimligini bildiradigan eng mashhur memga aylanib ulgurgan. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, Rubies Costume kompaniyasi tomonidan bir yilda 100 mingdan ortiq, Britaniyaning o‘zida esa 16 ming shu turdagi niqoblar sotilgan. Xaridlar soni bo‘yicha niqob Betmen va Garri Potter niqoblarini ortda qoldirib, rekord o‘rnatgan.

Gay Foks rasman terrorchi bo‘lsa-da, 2002-yilda u BBC tomonidan tuzilgan Britaniyaning eng buyuk shaxslari ro‘yxatiga kiritilgan edi.