“Charxpalak” serialidagi lo‘li Maryam roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Elmira Rahimjonova “Daryo”ga intervyu berdi. U suhbat davomida o‘zi faoliyat yuritayotgan “Turon” harbiy teatr-studiyasidagi noqulayliklar, maoshining kamligi va u yerga bog‘lanib qolishining siri nimada ekanligi haqida gapirdi.

Foto: “Daryo”

— “Turon” teatr-studiyasi uzoq yillik tarixga ega. Bilishimcha, Hamza Umarov, Rimma Ahmedova, Svetlana Norboyeva kabi ustoz san’atkorlar kinodan bo‘sh vaqtlarida bu teatrda ham faoliyat yuritishgan ekan. Bu an’anani Otabek Musayev davom ettirib, eski “Kinochilar uyi” binosida  “Turon” teatr-studiyasining faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.  Teatr faoliyatini boshlagan paytda nomidan bo‘lak hech narsasi yo‘q edi.

O‘sha yili otam vafot etgani uchun tushkunlikka tushib, qishloqqa qaytib ketgandim. Bir kuni aktyor Farhod Xudoyberdiyev qo‘ng‘iroq qilib, Kinochilar teatr studiyasi tashkil etilganini va To‘maris rolini menga ishonishayotgani haqida aytdi. Xullas, Toshkentga kelib, “Turon” teatr-studiyasi bilan tanishdim va ipsiz bog‘landim.

“Kinochilar uyi” binosi buzilganidan so‘ng bizni “Kinoxronika”ga ko‘chirishdi. Ammo ko‘p o‘tmay, u yerda ham qololmasligimizni aytishdi. Hamma muammolar ana shundan keyin boshlandi. Kim bizga ko‘mak berarkin, deb duch kelgan eshikni taqillatdik. Biz ikki yillik mehnatimiz va yaratilgan speaktllarimizga achindik, xolos. Mudofaa vazirligi ko‘mak berdi, ammo joy, bu yerdagi sharoit va oylik maosh masalasidagi  muammolarimiz haligacha o‘z yechimini topgani yo‘q.

Xonalar nihoyatda sovuq, bino ta’mirtalab ahvolda... Uning chekkaroqda joylashgani ham tomoshabinlarga noqulaylik tug‘diradi. Ko‘pchilik tanish-bilishlar bizni telba deb o‘ylashsa kerak. Chunki “Iqtisodiy jihatdan qiynalib, noqulay sharoitda ishlab zarilmi?” deb tanbeh berganlar ko‘p bo‘ldi. Chunki boshqa ijodkorlar 1 226 000 so‘mga yoki 1 446 000 so‘mga bu sharoitda ishlamaydi.

Teatrda Karim Mirxodiyev, Farhod Haqberdiyev, Feruza Sobitova, Jamila G‘ofurova, Erkin Bozorov kabi ko‘plab taniqli kinoijodkorlar faoliyat yuritadi. Menimcha, ularning faoliyati qadrlanishi va ijod qilishi uchun qulaylik yaratilishi kerak.

Rejissor Sayfiddin Meliyev spektakl liboslari, sahna bezaklari va rekvizitlari uchun o‘zi mablag‘ sarflaydi, hatto bu ishlarni bajaruvchi xodimlar yo‘qligi bois kiyimlarni yuvish, dazmollash va tozalikni ham aktyorlar jamoasi hashar yo‘li bilan amalga oshiradi.

Biz hech kimdan nolimoqchi emasmiz. Balki Mudofaa vazirligiga to‘g‘ri murojaat qilolmayotgandirmiz yoki teatr ularning esidan chiqib ketgandir. Bizga ko‘p mablag‘ kerak emas. Ozgina qo‘llab-quvvatlashsa, teatr o‘z yo‘li va tomoshabinini topishiga ishonaman. Balki moddiy tomondan o‘zini moliyalashtirishni ham uddalay olar, — deydi  “Turon” harbiy teatr-studiyasi aktrisasi Elmira Rahimjonova.