Futbol bo‘yicha Italiya A Seriyasining 9-turida “Milan” 23-oktabr, shanba kuni “Bolonya” bilan bahs yuritdi.

Foto: Getty Images

Bolonyada o‘tgan o‘yinda jamoalar umumiy hisobda 6 ta gol urdi. Dastlab milanliklar Rafael Leau, Davide Kalabriyaning gollari evaziga hisobda oldinga chiqib oldi. Biroq ikkinchi bo‘lim avvalida Zlatan Ibrahimovich burchak zarbasidan oshirilgan to‘pni boshi bilan o‘z darvozasiga joylab qo‘ydi. Alohida qayd etish kerak, bu shvetsiyalik 40 yoshli hujumchi uchun faoliyatidagi ilk avtogol bo‘ldi. Shundan so‘ng “Bolonya” Musa Barrouning goli evaziga muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lgandi.

Ammo o‘yin yakunlanishi arafasida Stefano Pioli shogirdlari ikkita gol urib, g‘alabani ilib ketdi. Ibrahimovich zargarona zarbasi bilan gol urib, qaysidir ma’noda aybini yuvdi. Shuningdek, Ismoil Bennaser ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

Uchrashuvdagi gollarni bu yerda tomosha qilish mumkin — havola.

Shu tariqa “Milan” umumiy hisobda 6 ta gol urilgan va raqibining ikki futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatilgan o‘yinda qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi. Jamoa 25 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadamlik qilmoqda. “Bolonya” (12) esa 10-pog‘onani band etgan.

A Seriya

9-tur bahslari

23-oktabr, shanba

“Bolonya” – “Milan” 2:4

Gollar: 0:1 – 16 Rafael Leau, 0:2 – 35 Kalabriya, 1:2 – 49, avtogol Ibrahimovich, 2:2 – 52 Barrou, 2:3 – 84 Bennaser, 2:4 – 90 Ibrahimovich.

“Bolonya” – Skorupski, de Silvestri, Medel (Orsolini, 87), Sumaoro, Teate, Hiki (Deyks, 63), Soriano, Svanberg, Dominges (Shauten, 63), Arnautovich (Santander, 83), Barrou (Binks, 63).

“Milan” – Teterushanu, Kalabriya, Kyer, Tomori, Ballo-Ture (Kalulu, 85), Krunich (Jiru, 60), Kastilyexo (Salemakers, 46), Bennaser, Tonali (Bakayoko, 46), Ibrahimovich, Rafael Leau.

Ogohlantirishlar: Arnautovich (34), Tonali (45), Kalabriya (61), Salemakers (67).

Chetlatishlar: Sumaoro (20), Soriano (58).

“Salernitana” – “Empoli” 2:4

Gollar: 0:1 – 2 Pinamonti, 0:2 – 11 Kutrone, 0:3 – 13, avtogol Strannberg, 0:4 – 45, penalti Pinamonti, 1:4 – 48 Ranyeri, 2:4 – 55, avtogol Ismayli.

“Sassuolo” – “Venetsiya” 3:1

Gollar: 0:1 – 32 Okereke, 1:1 – 37 Berardi, 2:1 – 50, avtogol Anri, 3:1 – 66 Frattezi.