Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida o‘zini “Kun.uz” internet-nashri muxbiri sifatida tanishtirib, hokimlik vakilidan 2 million 600 ming so‘m pulni olgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Javlon Baxtiyev xabar berdi.

Qayd etilishicha, Muborak tumani “Mash’al” mahallasida yashovchi fuqaro A.T. 2021-yil 31-avgust kuni 102 xizmatiga murojaat qilib, davlat idoralariga o‘zini “Kun.uz” sayti muxbiri deb tanishtirgan fuqaro agarda shartnoma tuzib, plastik karta raqami va qo‘liga 2 million 600 ming so‘m pul bermasa, tumandagi salbiy holatlarni saytga chiqarib yuborishini ma’lum qilgan.

Natijada mas’ul idora vakili uning qo‘liga 100 dollar va 500 ming so‘m pul berganini, shuningdek, uning talabiga ko‘ra, u T.R. ismli fuqaroning plastik karta raqamiga bir million so‘m pul o‘tkazib berganini ma’lum qilgan.

Biroq, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘zini sayt muxbiri sifatida tanishtirgan shaxs G‘uzor tumanida yashovchi M.A. ekanini bilgach, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini bayon qilgan.

Gumonlanuvchi shaxs 20-oktabr kuni ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan Muborak tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Xorazmda Instagram’dagi obro‘sizlantiruvchi rasmlarni o‘chirish evaziga 5 ming dollar so‘ragan shaxs ushlangani, Namanganda tadbirkorlarni “shantaj” qilib, ulardan pul olib kelgan ayol qo‘lga olingani hamda Toshkentda ishqiy munosabatda bo‘lgan “sevgan qizi”dan pul undirib kelgan yigitga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.