1938-yilning 4-oktabri — nafaqat o‘zbek adabiyoti yo madaniyati, balki butun O‘zbekiston tarixidagi eng mash’um sanalardan biri. Shu kuni Toshkentda millat daholari — Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy va Abdulhamid Cho‘lpon otib tashlangan edi. “Daryo” ushbu uch ulug‘ mutafakkir xotirasiga hurmat ramzi sifatida ularning yillar o‘tsa-da o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan jurnalistik materiallarini butun oktabr oyi davomida har kuni qayta e’lon qilib boradi.
Tilimiz
Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi emasman, so‘zning to‘g‘risi shudir. Dunyoning eng boy tili turkchadir, eng baxtsiz tili yonaho‘l (yana shu) turkchadir. Boylarning baxtsizligi sovet hukumati chog‘inda bo‘lg‘on bir ishdir, bundan burun baxtli edilar deganlar tilimizning holini bilmasdan gapirarlar.Bir tilning boyligi u tildagi so‘zning ko‘pligi (kasrati kalimot), undirlik (undirish) kengligi (vus’ati ishtiqoq), yusup tugalligi (mukamalliyati qavoid) bilan bo‘lur. Turkchada so‘z ko‘pligi bormi? Arabchilarimizcha aytganda, kasrati kalimot mavjudmi? Bu so‘z bukun emas, necha yuz yil burun o‘rga chiqmish, deya Navoiyning kitobi turkchaning boyligini ochibgina bildira olmasa ham, turkchada so‘z ko‘pligini yaxshi biladir. Navoiy yolg‘iz yig‘lamoqning turlarini ko‘rsataturg‘on turkcha so‘zlarning shunchasini yozadir: “ingramoq”, “singramoq”, “ingichqirmoq”, “yig‘lamoq”, “yig‘lamsinmoq”, “o‘kirmoq”, “siqtamoq”.
Mana sizga bir hodisaning yetti turi uchun otkim, oralarinda ingichka ayirmalar bordir. Turkchada bu hol oz emas. Arabcha nufuz, murur, ubur; u to‘g‘risinda turkchamizda o‘tmoq, kechmoq, oshmoq, ortonmoq bor. Arabcha qand, azm, amal, qarshusinda turkcha tilak, istov, orxan bor. Arabcha zarf yoninda turkcha idish bor, sovut bor. Arabcha fanda manfaat o‘rninda turkcha tosix bor, unum bor. Arabcha qalb o‘trusinda turkcha yurak bilan ko‘ngul bor. Arabcha sadr uchun turkcha ko‘ks va ko‘krak bor. Turkcha lug‘at yozmoqchi bo‘lg‘onimda, turkcha so‘z boyligi to‘g‘risida bundan ortiq yozolmayman. So‘zni turkchada undirik kengligi (ya’ni vus’ati ishtiqoq)ga ko‘chiraman. Ilm ishining turkchasidan undirilgan so‘zlar shulardir: Bil, bilgay, bilajak, bilgusi, bilar, bilsa, bilsa-chi, bilay, bildi, bilibdir, bilgan, bila boshladi, bila yozdi, bila oldi, bila turdi, bila berji, bilib, bilgach, bilgali, bilmak, bilish, biluv, bilmov, bilim, bilgi, bilik, bilmas, bilmaslik.
Mana sizga yolg‘iz fe’llardan 13 fe’l, qo‘shma fe’llardan 6 fe’l. Qo‘shma fe’llardan har birining buyrug‘i bo‘lishi (fe’lning bo‘lishlilik kategoriyasi), Holi, kelajagi, sharti, qo‘zg‘ovi bor. 13*6=78 bo‘lur. Bunlarga uft (fe’llari — fe’lning zamon kategoriyasi), vaqt, sabab fe’llari qo‘shilsa, 81 ta bo‘lur. Bunga Ism va sifat yozilg‘on 18 qo‘shilg‘onda 99 so‘z bo‘lur. Bu 99 tasidagi so‘z tollug‘i (o‘zak ma’nosida) buyruqdir (ya’ni bil so‘zidir). Demak, turkchada bir tomirdan 98 so‘z undiring emish. Emdi yusup tugalligiga (mukammaliyati qavoidga) boqaylik.
Arab, fors, rus, nemis, fransuz tillaridan qay birining sarf (grammatika) kitoblarini olib qarasak, ko‘ramizkim, bir so‘zni yasamoq uchun bir qancha yozilg‘on, undan so‘ng shul qoidadan tashqari qolg‘on (mustasno) so‘zlar deb to‘rt-besh so‘z ko‘rsatilgan. Turk so‘zlarinda esa bunday so‘z topilmaydur. Yusupsizlik degan hollar turkcha sarfda sira yo‘qdur. Tilimizning avji to‘g‘risida ham boyligi, tugalligi bilindimi? Emdi so‘zni turkchaning baxtsizlikdan qutula olmamishdir. Turk tili dunyoning eng baxtsiz tilidir. Turkchaning baxtsizligi arab bosqini bilan bog‘lanmishdir. Arablar bosdiqlari (bosib olgan ma’nosida) o‘lkaga yolg‘iz hukumatlarini emas, dinlarini, yo‘sinlarinida tanitg‘on, oling‘on edilar. Musulmonlikning tubi, tomiri Qur’on bilan hadisdir. Shuning uchun yangi musulmonlar arabcha o‘rganishni o‘zlariga vojib deb bildilar, o‘qidilar, o‘rgandilar, sevdilar.
Bundan keyin forscha va turkcha arabcha bo‘g‘uviga kirib qoldilar. Fors tilining holi butunlay yomonlashdi. Forslar o‘z tillarini tashladilar. Yolg‘uz kitoblarini emas, o‘zaro yozuvlarini ham arabcha yoza boshladilar. Lekin bu ish ko‘p cho‘zilmadi. Fors tili bir silkinish bilan o‘zini arab bo‘g‘uvidan qutqara oldi. Fors tilining bu silkinishi Eron shoiri Firdavsiyning arabchalikka qarshi qaynag‘an, qizig‘on eronli bir millatchi edi. O‘ttiz yil tirishdi, dongli “Shohnoma” kitobini yozib chiqardi. “Shohnoma” yozib chiqaruvdan Firdavsiyning ikkita tilagi bor edi: Eron ulusining arabdan sovutib, eronli tuyg‘usini bermak va arab tilini Erondan surib chiqarmoq. Shuning uchun “Shohnoma”ning har bir yerinda eronlini maqtagan shoir arablikka kelganda:
Zahir shutur xo‘rdan susimor,Arabro bajoyi rasidast kor,Ki taxti Kayanro ko‘nad orzu,Tufu, bar tu, charx kardan tufu! —
deb qiyqirmishdir. Bu so‘zlarning turkchasi shudir: Tu suti bilan ilon eti yemakdan boshqa ish bilmagan arabning ishi, shu yerga chiqmishkim, Eron imperatorining taxtini istaydilar. O, shu ishga sabab bo‘lgan falak, tufu senga, tufu!
Yana shuning uchundirki, Eronda arabcha hokim bo‘lg‘on bir zamonda yozilg‘on “Shohnoma”da arabcha so‘zlar yo‘q darajada ozdir. Firdavsiy bu ikki tilakni bilib, onglab, ishga kirishganini bildirmakchi o‘lib, yozadirkim:
Bas, ranj burdam soli si,Amam zinda kardam ba dini forsiy —
demishdir. Turkchasi: “Bu o‘ttiz yil ichida ko‘p emkardim (azob chekmoq), Eronni forsicha yozganim shu kitob ila turgizdim, demakdir”. Forsi ishda shunday qilib yoqasini qutqormish. Lekin, bizning baxtsiz turkchamiz bir Firdavsiy yetishtira olmamish.
Dunyoning eng boy tili bo‘lg‘on turkchamiz yolg‘uz arabcha qumruqlar (zug‘um) bilan emas, forsicha tepkilari bilan dahi ezilmishdir. Ko‘zlarimizni to‘rt ochib qaraylik, dunyoning eng buyuk hakimi bo‘lg‘on Ibn Sino turkdir. Ikkinchi Arastu atolg‘on Forobiy turkdir. Arab tilini mangulik tirgizib kelgan Javhariy turkdir. Vahdati vujud falsafasining imomlaridan o‘lgan Jaloliddin Rumiy turkdir. Forsiy adabiyotning payg‘ambarlaridan bo‘lgan Nizomiy dahi turkdir. Shu yerda otlari yozilg‘on kimsalarda yolg‘uz turk ulusini emas, butun dunyoning ulug‘ kishilarindan erurlar. Ikki turk ulusi bunlarning asarlarindan osnilonolmay (ajralmoq) qolmish, balki o‘zlarini ham yaxshigina taniyolmay qolmishdir. Bunlari o‘z biliklarini turkcha yozsalar edi, bukun turk ulusining holi ehtimolki boshqa turli bo‘lar edi. Baxtsizlik bundanda ortiq bo‘lurmikan?! Turk o‘g‘li turk bo‘lg‘on Mahmud G‘aznaviy Firdavsiyni chaqirib, turk ezilishini ko‘rsatgan “Shohnoma”ni yozdursun, deya har yo‘liga bir oltun bersun. Shu baxtsizlikdirki, turk o‘g‘li bo‘lg‘on usmonli hoqonlariga o‘z tuyg‘ularini forsicha she’r bilan so‘y latmi iyedir.
Yana shul baxtsizlikdirkim: Kafkaziya turklarining Qalarin tutmish deya fors tilining hurmati uchun sakson yorinda so‘zi o‘rnida hashtot dedirmishdir.
Turkcha baxtsizdir. Ming yildan beri ezila kelmishdir. Lekin bitmamishdir. Bitmas, yashamishdir, yashar. Negakim, boydir. Turkcha yashamishdir. Yashar, lekin o‘zini arab, fors tillarindan qutqara olurmi, yo‘qmi? So‘zni bu yerga yetirgach, barmog‘imni yaraning o‘zagina bosmish bo‘ldim. Bu surdig‘img‘a ikki turli javob kelari belgilikdir. Ha, yo‘q. Emdi shu yo‘q deganlar bilan yurishaylik. Bunlar deyalarkim, turkcha arab fors tillarindan qutulolmas, nechun? Mana dalillari: a) chunki, arab, fors tillari boydir. Bunin javobini berdikkim, turkcha ham boydir. Chunki, bukungi turk dunyosining bilimli ulug‘ yozuvchilari shu yo‘lga kirmishdir. Bunga javob beramizkim: Turk dunyosining ulug‘ hakamlari bo‘lg‘on Forobiy bilan Abu Ali o‘z asarlarini arabcha yozorga qo‘l qo‘ygan edilar. Siz nechun ularning izidan chiqdingiz? Siz Abu Ali ning izidan chiqqanda, bizda sizning izingizdan chiqa olsak kerak; b) chunki, tilimizda ko‘p narsaning oti yo‘qdir. Javobimiz: Bu so‘zdan tilagingiz nimadir? Shul choqda tilingizdagi arab, fors so‘zlarining turkchasi topilmaydur demoqchi bo‘lsangiz, so‘zingiz yanglishdir.
Turkchani bilmas ekansiz. O‘rganing. Hozirgi so‘zlarimizdagi arabcha, forschalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydir, desangiz to‘g‘ridir. Biz ham ularni chiqarmoqchi emasmiz. Unlarni olurmiz, lekin o‘zi mizniki qilurmiz. Turkchalashtirurmiz. Qoidaning turkchasi yo‘qdur. Sarfning-da turkchasin topolmadik. Ikkisin dahi olurmiz. Lekin, siz kabi Qavoidi sarfiya demasdan, Sarf qoidalari dermiz. Chunki ilmiy istilohlarning turkchasi yo‘qdir. Kim dedi buni? Shamsning turkchasi quyoshdir. Kavokibning turkchasi yulduzlardir. Me’onorining turkchasi suyuq o‘tdir. Sahobi ma’ni— yorug‘ bulut, handasa — o‘lchov xat chiziq, zoviya — burchak, puchmoqdir. Kavohi sobita turg‘uvchi yulduzdir. Kavkabi zuzaib — quyruqli yulduzlardir.
Tuzuk, bir necha istilohlarning turkchasini shu kungacha topolmag‘onmiz, ularni saqlarmiz. Chunki, turkchamiz qabo (orqada)dir, do‘qqi (qo‘pol), adabiyot tili emasdir.
So‘z bu yerga keldimi? Chidamoq qo‘ldan kelmas. Qabolik, do‘qqilik ko‘rsatmoqchi bo‘lib deymizki: Siz ulusingizni sevmaysiz. Shuning uchun turk ulusi va turk tilining siz bilan ishi yo‘qdir. Qarshingizdagi kishilar bu so‘zni eshitib o‘tirmaslar, qilarini qilarlar. Men ulusimni jonimdan ortiq sevaman derlar. Bunlarning mana shu so‘zlari ko‘muchdir, (yolg‘on). Tushungizda siz bir xotinni sevsangiz, tirishib, jon chekishib, kuch bilan uyiga kiribsiz, yoniga suqulgandan keyin, yuziga qarab: Men sizni ko‘p sevaman, siz ko‘n chiroylisiz, lekin shu ko‘zingiz ko‘p do‘qqidirki, shuni chiqarib tashlang, burningiz yomon is beradir, shuni kesib oting, desangiz sevgilingiz bo‘lg‘on xotin ikki-uch tayoq urib sizni quvmasmi? Albatta, quvar. Turk tilini sevamiz, lekin tili qabodir, musiqasi totsizdir, tarizi qorong‘udir, deganlarning ham bir-ikki tayoq yeb, quvilmoqlari kerakdir, lekin, turk tili baxtsizdir.
Abdurauf Fitrat,
“Ishtirokiyun” ro‘znomasining 1919-yil 12-iyundagi 32-soni.
Nashrga tayyorlovchi: Hamidulla Boltaboyev
1918-yili Turkiston Kompartiyasining topshirig‘iga ko‘ra Fitrat (Shokirjon Rahimiy va Qayum Ramazon bilan hamkorlikda) dastlabki ona tili darsligini yaratadi (bu haqda “Ishtirokiyun” ro‘znomasining 1918-yil 1-may sonida “Birinchi ona tili kursi” degan maqola ham chiqqan). Keyinroq olim bu sohadagi ishlarini mukammallashtirib “O‘zbek tilining sarfi” (grammatikasi)ni e’lon qiladi. O‘zbekiston Maorif nozirligi tomonidan tasdiqlangan bu darslik 1925—30-yillar davomida besh marta nashr etilgan.
Fitrat asarlari haqida fikr yuritilganda, uning zullisonayn ekani qayta-qayta tilga olinadi. Bu bejiz emas. Fitrat ikki xalq taqdirining tarixi, birligini teran anglardi. Shuning uchun ham u ayrim asarlarini tojik tilida yozdi. 1926-yili Tojik tili grammatikasini e’lon qildi.
Fitrat o‘zbek tilining targ‘ibotchisi sifatida vaqtli matbuot sahifalarida maqolalar bilan ham chiqdi.
Ustodning o‘zbek adabiyoti tarixi, nazariyasi, o‘zbek musiqasi va Sharq shaxmatiga oid asarlarini kuzatganda ham uning nechog‘li ulkan tilshunos ekani ma’lum bo‘ladi. Bu fikrni to‘ldirish maqsadida, Mahmud Koshg‘ariyning mashhur “Devonu lug‘atit-turk” asarini dastlabkilardan bo‘lib, o‘rganib chiqib, nashrga tayyorlaganini eslash mumkin. Yana ayrim manbalarning guvohlik berishicha, Fitrat oltoy tillari guruhiga kiruvchi tillar tabiatini uzoq o‘rgangan va 30-yillarning o‘rtalarida “Qadimgi mo‘g‘ul tili lug‘ati”ni tuzib, nashrga tayyorlagan. Biroq bu asarlar hali e’lon etilganicha yo‘q.
Fitratning bundan 71 yil burun e’lon qilingan ushbu maqolasi tilimiz O‘zbekiston davlat tili maqomini olgan hozirgi paytda ham dolzarb hisoblanadi. Fitrat o‘zbek tilining, Navoiy kabi arab va fors tillari unsurlaridan toza bo‘lishi uchun kurashgan bo‘lsa, keyingi yillarda uni Yevropa tillari iskanjasidan qutqarish zarurati tug‘ilmoqdaki, bu yo‘lda ham bizga Navoiy va Fitrat ruhi hamroh bo‘lgay.
Hamidulla Boltaboyev, filologiya fanlari doktori, professor
Izoh (0)