Artur Grigoryan professional ringda o‘zining natijalari bilan turli stereotiplarni buzib yubordi va tarixda o‘z nomini qoldira oldi.

Foto: Getty Images

Artur Grigoryan 1967-yil Toshkentda arman oilasida dunyoga keldi. U havaskor boksdagi faoliyati davomida SSSR xalqlari Spartakiadasi (1991), MDH chempionati (1992) g‘olibi bo‘lgan va 1991-yilgi Jahon chempionatida kumush medalga ega chiqqan.

Grigoryan 1978-yil, 11 yoshidan boks bilan shug‘ullanishni boshladi. U 1990-yilda AQShning Sietl shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ladi. Ushbu turnirda Artur bo‘lajak afsonalar Sheyn Mosli va Xulio Gonsalesni mag‘lub etadi. 1992-yilda MDH chempionatida g‘olib bo‘lgan bokschi qo‘shma terma jamoa bilan Barselonadagi Olimpiya o‘yinlarida qatnashdi.

1994-yilda Artur professional boksda o‘z yurishini boshladi. 1996-yilda yengil vazn toifasida WBO kamariga ega chiqdi va 2004-yilga qadar uni 17 marta muvaffaqiyatli himoya qildi. 2004-yilning yanvarida faoliyatidagi yagona mag‘lubiyatni qabul qilib olgan Grigoryan chempionlik kamarini boy berib qo‘ydi. O‘sha yili Artur sentabr oyida yana bir jang o‘tkazib, uni g‘alaba bilan yakunladi va shundan keyin qo‘lqoplarini mixga ildi.

Quyida 54 yoshni qarshi olgan afsonaviy bokschining bir necha yil avval bergan intervyusi o‘zbek tilida taqdim etiladi.

Boksga qanday kirib kelganligi haqida

Sinfdoshim va do‘stim Valera meni boksga olib kirgan. Bu voqea 1978-yilda, biz 5-sinfda o‘qib yurgan vaqtimiz yuz bergandi. U ikki haftadan buyon boksga borayotgani va men ham u bilan borishimni taklif qildi. Men esa barabanga qiziqishimni, musiqachi bo‘lmoqchi ekanligimni aytdim. Aytgancha, men hali ham arman barabanini chalib turaman. ‘Hech bo‘lmasa tomosha qilasan…’, — dedi o‘rtog‘im. Balki bu taqdirdir, mashg‘ulotlarni tomosha qilish uchun bordim. Juda ham ozg‘in bola edim. Maktabda meni hamma ‘skelet’ deb atardi. Yonimga murabbiy Lev Ahmadjonov keldi va: ‘Boks yoqyaptimi?’ — deb so‘radi. Men esa: ‘Ha, yoqyapti’, — dedim. Shundan so‘ng u menga shug‘ullanib ko‘rishni taklif qildi. Rozi bo‘ldim va ertasiga ota-onam bilan birga tashrif buyurdim. Shu tariqa 1978-yil 24-dekabrda boks hayotimga kirib keldi. 1985-yilga qadar Ahmadjonov qo‘l ostida shug‘ullandim. 18 yoshimda harbiy xizmatga ketdim va u yerda ikki yil davomida ‘SKA’ sport klubida mashg‘ulotlarni davom ettirdim.

1987-yilda SSSR terma jamoasiga qabul qilindim. U yerda Mexak Kazaryan, Konstantin Szyu, Orzubek Nazarov kabi ajoyib bokschilar bilan birga shug‘ullandim.

Jiddiy g‘alabalar haqida

Ilk medalimni kechroq — 1990-yilda qo‘lga kiritdim. Albatta, hechdan ko‘ra kech. 1987—1989-yillarda uch marta medaldan quruq qolganman. 1990-yilda SSSR chempionati finalida Mexak Kazaryanga mag‘lub bo‘lib, kumush medal sohibi bo‘lgan edim. U SSSRning bir necha karra chempioni, SSSR xalqlar Spartakiadasi chempioni, Yevropa chempioni, Jahon chempionati sovrindori edi. Mexak doim men uchun ajoyib bokschi bo‘lgan. O‘sha yilning o‘zida u boshqa bir musobaqa yarim finalida mashhur bokschi — Olimpiada chempioni, Jahon va Panamerika o‘yinlari chempioni, Jahon Kubogi sohibi kubalik Xulio Gonsalesga yutqazgan edi. Men esa yarim finalda amerikalik Sheyn Moslini mag‘lub etgandim. Finalda Gonsales bilan to‘qnash keldim. Bor imkoniyatimni ishga solish uchun ringga chiqdim. Yakunda g‘alaba qozondim. Bu men va terma jamoa uchun ulkan natija edi. Hakam g‘olib nomini aniqlash uchun ikkalamizning ham qo‘limizdan ushlab turgan lahzani eslayman. SSSR terma jamoasining katta murabbiyi Konstantin Kopsev menga hammasi zo‘r degandek ishora qildi. Nahotki, g‘alaba qozondim? O‘shanda yettinchi osmonda uchgan edim.

Keyinchalik, 1991-yilda Qozonda bo‘lib o‘tgan SSSR chempionatida mahalliy bokschi Ayrat Hamatovga yutqazdim va ikkinchi o‘rinni egalladim. Agar musobaqa O‘zbekistonda o‘tkazilganda g‘alabani menga berishardi, chunki ikkalamiz teng jang qildik. Ko‘pincha mezbon sportchilarga medallar topshiriladi. Iyul yoki avgust oyida Minskda SSSR xalqlari Spartakiadasi bo‘lib o‘tdi. Yarim finalda Kazaryanni yengdim va SSSR chempionatidagi vaziyat uchun javob qaytardim. Finalda esa Hamatov ustidan g‘alaba qozondim va yil boshidagi mag‘lubiyat uchun undan ham qasos oldim.

1991-yil noyabr oyida Avstraliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining ikkinchi jangidayoq Gonsales bilan to‘qnash keldim. Bu safar ham g‘alaba qozondim. Finalga qadar yetib bordim. Hal qiluvchi jangdagi raqibim germaniyalik Marko Rudolf edi. Afsuski, mag‘lub bo‘ldim.

1992-yilda birinchi va oxirgi marta MDH chempionatida g‘alaba qozondim. 1992-yilgi Barselonada bo‘lib o‘tgan Olimpiadada esa qo‘shma terma jamoa tarkibida boks bo‘yicha atigi ikki sportchi medal olgan. Men ular orasida emasdim.

Foto: Getty Images

Boksni tashlamoqchi bo‘lgani, lekin aksincha, professional boksga qadam qo‘ygani haqida

Olimpiadadan qaytgach, boksni tashlash haqida o‘ylay boshladim. 1993-yilda 63,5 kg vazn toifasi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga qabul qilindim. O‘shanda mening vaznim 60 kg edi. Finlyandiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatiga yo‘l oldim. Uchinchi bosqichda fransiyalik bokschiga mag‘lub bo‘ldim. Keyinchalik Germaniyadan taklif oldim. U yerda mavsum noyabrdan martga qadar davom etardi. Sobiq GDRning Hall shahriga bordim va u yerda ko‘zimni yumgan holda barcha janglarda g‘alaba qozondim. 1992/1993-yilgi mavsumni u yerda o‘tkazdim. Kelasi mavsum ham Germaniyada bo‘ldim va barcha janglarni yutdim. O‘shanda men haqimda gazetalarda ‘Qirol Artur’ degan sarlavhada maqolalar joylanardi.

Aynan o‘sha vaqtlarda bo‘lajak promouterlarim Peter Kol va Peter Hanrats yonimga kelib, professional bokschilar orasida chempionga aylanishim mumkinligini aytdi. Ular menga yaxshigina maosh va’da qildi. Hech kim bilan maslahatlashmasdan shartnoma imzoladim.

1994-yil fevral oyida havaskor boksdagi faoliyatimni yakunladim va professional boksga qadam qo‘ydim. To‘rtinchi jangimdayoq Germaniya chempioniga aylandim. Sakkizinchi jangim esa WBO kamari uchun kechgan edi (Artur Grigoryan 1995-yil 1-aprelda italiyalik Antonio Strabelloga qarshi jang qiladi va WBO kamarini qo‘lga kiritadi).

Foto: Getty Images

G‘alabadan so‘ng 18 marta chempionlik jangida ishtirok etgani haqida

Hammasi bo‘lib 19 marta chempionlik jangida ishtirok etdim va ularning 18 tasida g‘alaba qozondim. 18 taning 7 tasida jang 12-raundgacha davom etgan. Qolgan barcha g‘alabalarni nokaut orqali qo‘lga kiritganman.

Har bir chempionlik jangini batafsil gapirib bera olishim mumkin. Lekin eng birinchisi, shuhrat keltirgani, nomimni tanitgani menda eng chuqur taassurot qoldirgan.

Havaskorlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘la olmagandim, lekin professional boksda kutilmaganda chempionga aylandim. Hech qachon professional bokschi bo‘laman deb o‘ylamaganman. Nafasim faqat 3 raundga yetadi deb hisoblardim.

Kamarni besh marta himoya qilganimdan so‘ng jarohat oldim va operatsiyani boshdan o‘tkazdim. Shundan so‘ng meni to‘xtatib qolishga urinishlar bo‘ldi. Oltinchi marta kamarni himoya qilish uchun Marko Rudolfga qarshi ringga chiqdim. Oltinchi raundda uni nokautga uchratdim. Oliy darajadagi murabbiylarim bor edi, ularni dunyoning eng kuchli murabbiylari deb hisoblayman. Frits Zdunek aka-uka Klichkolarni va polshalik Dariush Mixalcheskiyni shug‘ullantirgan. U bilan hech qachon nizoga bormaganmiz.

Rekord qayd etish uchun yana bir marta kamar himoyasi yetishmagani, o‘sha vaqtdagi jahon boks yulduzi Aselino Freytasga yutqazgani haqida

Juda ham charchagandim. Uning ustiga ilk bor Amerikaga borishga to‘g‘ri kelgan. Raqibim -59 kg vazndan mening toifam — -61 kilogrammga o‘tgan. Unga osonroq bo‘lgan, men esa vazn tashlagandim. Undan tashqari, men 37 yoshda, u esa 28 yoshda edi. Yosh ham ko‘p narsani hal qilib beradi. Tezlik borasida unga yutqazdim. Operatsiyadan keyin deyarli bir yil mobaynida janglarda qatnashmagandim. Shu tariqa unga mag‘lub bo‘ldim.

Foto: Getty Images

Murabbiylik faoliyati haqida

Professional boksdagi faoliyatimdan mamnunman. Faoliyatimni yakunlagach, bo‘sh qolmadim. Amerikadagi mag‘lubiyatdan so‘ng uyga qaytdim va to‘qqiz oy tanaffus qildim. Shundan so‘ng vengriyalik Vasil Hertegga qarshi ringga chiqdim. Bu men uchun faoliyatimdagi oxirgi jang edi. 2004-yil 11-sentabrda bo‘lib o‘tgan jangda g‘alaba qozondim. Shundan so‘ng promouterlar meni xonasiga chaqirdi. Ichkariga kirsam, u yerda Peter Kol, klubimiz direktori va boshqa rahbarlar o‘tiribdi. ‘Artur, sen faoliyating davomida juda ko‘p ishlar qilding. Lekin ishon, endi sen avvalgi Grigoryan emassan. Senga yaxshi narsalarni ravo ko‘ramiz. Garchi nokaut bilan g‘alaba qozongan bo‘lsang ham uslub biz bilgan Arturniki emasdi. Endi barchasiga yakun yasash kerak. Senga nimadir kerak bo‘lsa, yordam beramiz’.

Butun umrim davomidagi barcha savollarga o‘zim javob topganman. O‘tirdim va nima bilan shug‘ullanish haqida bosh qotirdim. 26 yil davomida boks bilan shug‘ullandim, boksdan boshqa qaysi kasb haqida tushuncham bor? Peter Kolga murabbiy bo‘lmoqchiligimni aytdim. U esa Zdunekka qo‘ng‘iroq qildi: “Frits, Artur bugundan boshlab sening yordamching. Qachonki uni tayyor deb hisoblasang, keyin unga ham shogird beramiz”. Shundan buyon murabbiy bo‘lib ishlab kelyapman. Murabbiylikning ham o‘ziga xos sir-asrorlari bor. Qaysi bola bilan qanday ishlash haqida bilishing zarur.

Foto: Getty Images

Yosh sportchilarga maslahatlari

Har bir inson hayotning har qanday vaziyatida o‘z xarakterini namoyish etadi, o‘z ‘men’ini ko‘rsatadi. Oilada ham xarakter ko‘rsata olish lozim, rafiqang va farzandlaring buni bilishi uchun. Boksda ham o‘zingni tarbiyalash — juda muhim narsa. Zarba o‘tkazib yuborsang ham o‘zingga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmasliging kerak. Aks holda, raqibing sendan yanada ustunroq bo‘lib boraveradi. Hayotda ham shunday. Xarakter — eng muhimi. Men eng zo‘riman deya olmayman, lekin eng zo‘ri bo‘lishga intilganman. Buni 18 marta isbotlay olganman.

Artur Grigoryan