Moskva metrosi o‘zbek va tojik tillarini biladigan kassirlarni yollashni boshladi, deb xabar berdi “Podrobno.uz”.

Gap “Butovskaya” yo‘nalishining “Lesoparkovaya” metro bekati haqida ketmoqda. Aynan shu bekat orqali Saxarovo migratsiya markaziga boriladi. Shu sabab har kuni bu bekatga minglab muhojirlar keladi.

Moskva transport boshqarmasi bu yo‘lovchilarning qulayligi uchun qilinganini ta’kidladi.

Kassir 39 ming rubl va undan ko‘p maosh oladi. Ish tartibi: 3 kun soat 06:30 dan 14:00 gacha ish, keyin 1 kun dam, yana 3 kun 13:30 dan 22:00 gacha ish va yana 1 kun dam.

Tillarni bilish boshlang‘ich darajada bo‘lishi kerak, ta’lim umumiy o‘rta ta’limdan past bo‘lmasligi kerak.

“Bizning vazifamiz — metro har xil yo‘lovchilar uchun tushunarli va qulay bo‘lishi. Masalan, vagonlardagi elektron taxtada metro xaritasi to‘qqiz tilda takrorlangan”, — deyiladi Moskva transport boshqarmasi xabarida.

Bundan avval Moskva metrosida o‘zbek va tojik tildagi yozuvlar paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.