Toshkent shahri bosh imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 19-oktabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi, Toshkent shahri bosh imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan Nuriddin domla Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi.

Nuriddin Xoliqnazarov 1968-yilda Andijon viloyati Asaka shahrida tug‘ilgan. 1992-yilda Buxoro viloyatidagi Mir Arab madrasasi, 1998-yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007-yilda esa Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.

Ish faoliyatlari davomida Asaka shahridagi “Ahmadali Maxdum” masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri “Oq tepa” jome masjidi imom-xatibi, poytaxtdagi “Ko‘kaldosh”, Andijon viloyatidagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasalari o‘qituvchisi, Andijon viloyati bosh imom-xatibi va 2019-yildan shu kunga qadar Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifalarida mehnat qilayotgan edi.

Ma’lumot uchun, avvalgi muftiy Usmonxon Alimov 15-avgust kuni vafot etgandi. Usmonxon Alimovning janozasi Samarqandda o‘qildi.