Ruslan Chagayev — O‘zbekiston boks tarixiga o‘z nomini yozdirib qo‘yganlardan biri. Chagayev havaskor boksda Osiyo va jahon chempioni, professional toifada esa sobiq jahon chempioni hisoblanadi. “Oq Tayson” 1978-yil 19-oktabr kuni Andijonda tavallud topgan. Sportchi prof ringdagi faoliyati davomida 38 ta jangda ishtirok etib, 34 ta g‘alaba (shulardan 21 tasi nokaut), 1 ta durang va 3 ta mag‘lubiyat qayd etgan.

“Daryo” 43 yoshni qarshi olgan sportchining faoliyatiga oid fotogalereyani taqdim etadi.

Chagayev 16 yoshda. Ruslan yoshligidanoq sportga bo‘lgan munosabati bilan tengqurlaridan ajralib turgan.

Foto: Instagram / Ruslan Chagayev

Ruslan Chagayev havaskor boks bo‘yicha 2 karra Osiyo chempioni (1995, 1998-yil), Osiyo o‘yinlari g‘olibi (1999) va 2 karra jahon chempioni (1997, 2001) hisoblanadi.

Foto: Instagram / Ruslan Chagayev

Ruslan Chagayev (chapdan beshinchi) O‘zbekiston boks terma jamoasi bilan 1996-yil Atlantada bo‘lib o‘tgan Olimpiadada ishtirok etgan va birinchi bosqichda germaniyalik Luan Krasnichiga mag‘lub bo‘lib, ishtirokini yakunlagandi.

Foto: Instagram / Ruslan Chagayev

2000-yilda Sidneyda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiadada og‘ir vazn toifasida ishtirok etgan va chorak finalda o‘z yurishini to‘xtatgan.

Foto: Getty Images

2001-yil havaskor boks bo‘yicha Jahon chempionatida finalda ukrainalik Aleksey Muzikinni mag‘lub etib, ikkinchi marta jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan.

Foto: Getty Images

19 yoshli Ruslan Chagayev, boks afsonasi Teofilo Stivenson, murabbiy Aleksandr Razmaxov, jahon chempioni Artur Grigoryan.

Foto: Instagram / Ruslan Chagayev

2001-yilda professional boksdagi faoliyatini boshlagan va qator yutuqlarga erishgan.

Foto: Getty Images

2002-yilda Ruslan va Viktoriya oila qurdi. Hozirda ularning uch nafar o‘g‘li bor.

Foto: Instagram/ Ruslan Chagayev

2006-yil 18-noyabrda Chagayev sobiq chempion Jon Ruiz bilan jang qiladi hamda uni ochkolar hisobiga mag‘lubiyatga uchratib, WBA chempionlik kamari sohibi Nikolay Valuyevga qarshi jang qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Foto: Getty Images

2007-yil 14-aprelda WBA chempionlik kamari uchun Nikolay Valuyevga qarshi ringga chiqadi.

Foto: Getty Images

Jang 12 raund davom etadi va yakunda Ruslan 117–111, 115–113, 114–114 hisobida g‘alaba qozonadi.

Foto: Getty Images

Shu tariqa Ruslan Chagayev professional boksdagi o‘zining dastlabki chempionlik kamariga ega bo‘ladi.

Foto: Getty Images

2009-yil 20-iyunda Ruslan Chagayev Vladimir Klichko bilan jang qiladigan bo‘ldi. O‘rtaga Klichkoning IBF, WBO va IBO kamarlari, Chagayevning WBA hamda “The Ring” chempionlik kamari qo‘yiladi.

Foto: Getty Images

Ruslanning olgan jarohatlari tufayli uning murabbiyi 10-raundda ringga chiqishiga ruxsat bermaydi. Shu tariqa Chagayev faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilib oladi.

Foto: Getty Images

2011-yil 27-avgust kuni WBA Regular vakant kamari uchun rossiyalik Aleksandr Povetkinga qarshi ringga chiqadi.

Foto: Getty Images

Germaniyada bo‘lib o‘tgan jangda Povetkin 117-113, 117-113, 116-112 hisobida g‘alaba qozonadi.

Foto: Getty Images

2014 yilda yana WBA Regular kamari vakant qoladi va bu uchun Ruslan Chagayev Frens Okendoga qarshi ringga chiqadi. 12 raund davom etgan jangda Chagayev g‘alaba qozonadi va ikkinchi marta chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi.

Foto: Getty Images

2016-yil 5-mart sanasida Ruslan Chagayev vakant qolgan WBA kamari uchun avstraliyalik Lukas Braunga qarshi ringga chiqadi.

Foto: Getty Images

Lukas Braun Chagayevni nokautga uchratadi. Biroq 2016-yil 22-mart kuni Lukasda doping aniqlanadi va jang natijasi bekor qilinib, kamar Ruslan Chagayevga qaytarib beriladi.

Foto: Getty Images

2016-yilning 28-iyuliga kelib Ruslan va Frens Okenda o‘rtasidagi jang tashkilotchiligidagi muammolar bois WBA kamari Chagayevdan yana olib qo‘yiladi.

Foto: Getty Images

2016-yil 17-oktabrda Ruslan Chagayev faoliyatini yakunlaganini e’lon qiladi. Bokschi ko‘zida muammolar borligi va shu bois qo‘lqoplarini mixga ilishga qaror qilganini ma’lum qiladi.

Foto: Getty Images

Chagayev BoxRec talqiniga ko‘ra boks tarixidagi eng yaxshi osiyolik bokschilar ichida 7-o‘ringa loyiq ko‘rilgan. O‘z vazn toifasida esa Osiyo tarixidagi eng yaxshi bokschi.

Foto: Getty Images

Chagayev UFC afsonasi Junior dos Santos bilan.

Foto: Instagram / Ruslan Chagayev

Faoliyatini tugatgandan so‘ng Ruslan Chagayev murabbiylik faoliyatini boshladi. Uning rossiyalik shogirdi Fatima Dudiyeva sekin-asta mashhurlikka erishmoqda.

Foto: Instagram / Fatima Dudiyeva

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Chagayevning yaqin do‘sti hisoblanadi.

Foto: Instagram / Ruslan Chagayev

Hozirda Ruslan Chagayev oilasi bilan birga AQShning Florida shtatida istiqomat qiladi.

Foto: Instagram / Viktoriya Chagayeva

Ma’rufjon Ochilov tayyorladi