UzAuto Motors kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet Lacetti avtomobillari don ombori hududiga joylashtirilayotgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Kadr: Telegram

Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta avtokonteynerlarga ortilgan Chevrolet Lacetti avtomobillari don ombori tomon ketayotgani tasvirlangan video tarqalgan. Videoda muallif avtomobillar nima uchun ombor tomon yo‘naltirilayotganini so‘ragan.

Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu avtomobillar tayyor, ammo ularda yarimo‘tkazgich detali mavjud emas.

“To‘g‘ri, shu kabi vaziyatlar mavjud. Gap shundaki, kompaniya kuniga 250—300 dona Chevrolet Lacetti avtomobilini ishlab chiqaradi. Biz ushbu avtomobillarni yarimo‘tkazgich detalining yo‘qligi sababli o‘z egalariga topshirolmaymiz. Avtomobil tayyor, ammo birgina detalning yo‘qligi qaysidir tizimning ishlamasligiga sabab bo‘ladi. Masalan, xavfsizlik yostiqchalari”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, UzAuto Motors ushbu detalni olishi bilanoq, uni avtomobillarga o‘rnatadi va xaridorga topshiradi.

“Bu tayyor, ammo sotib bo‘lmaydigan avtomobillar zavoddagi tayyor mahsulot uchun ajratilgan joyni to‘ldirib bo‘lishdi. Mana shu sabab bilan UzAuto Motors ‘O‘zdonmahsulot’ bilan avtomobillarni korxona hududida vaqtincha saqlash to‘g‘risida shartnoma tuzdi”, — deya qayd etiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors avgust oyida atigi 2 dona Gentra va birorta ham Spark ishlab chiqarmagandi. Kompaniya buni yarimo‘tkazgichlarning global tanqisligi va ishlab chiqarish bosqichma-bosqich transformatsiya qilingani bilan izohlab, shu doirada yagona platformadagi avtomobillarni ishlab chiqarishga o‘tish rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi. Sentabr oxirlarida esa kompaniya Lacetti va Spark ishlab chiqarishni tiklanganini e’lon qildi. Oktabr boshida esa UzAuto Motors Lacetti ishlab chiqarish hajmini oshirdi.