Pandemiya davrida Rossiya hududida qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga olib kelish maqsadida “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ maxsus reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda, deb xabar beradi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, Voljskiy—Toshkent yo‘nalishida 483-sonli yo‘lovchi poyezdining 4 ta maxsus reysi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur poyezdlar 2021-yil 22, 25, 29-oktabr hamda 1-noyabr kunlari soat 20:57 da Voljskiy—Toshkent yo‘nalishida harakatini amalga oshiradi.

Ushbu poyezdlarga faqat bir tomonga, ya’ni Voljskiy—Toshkent yo‘nalishiga chiptalar sotiladi. Chiptalarni elektron tarzda ham sotish yo‘lga qo‘yilgan. Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning yaqinlari O‘zbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi bilan “E-ticket.railway.uz”dan chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, jo‘natishlari ham mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni 1005 qisqa telefon raqami yoki joylardagi temiryo‘l kassalaridan olish mumkin.

Bundan avval O‘zbekiston Rossiyadan temiryo‘l qatnovini tiklashni so‘ragani, Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklarni qaytarish uchun 2 ta maxsus poyezd reysi qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.