Davlat soliq qo‘mitasi xorijiy internet-kompaniyalar O‘zbekistonda 2021-yilda qancha soliq to‘lagani haqida ma’lumot e’lon qildi.

Foto: Idea Stream

DSQ matbuot xizmatining xabar berishicha, 2021-yilda to‘qqizta xorijiy kompaniya QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olingan.

Ular — Vaskiani Ventures Limited (Kipr), Google Cloud EMEA Limited (Irlandiya), Spotify AB (Shvetsiya), Adobe (Irlandiya), DELSE, Inc. (AQSh), Scribd, Inc. (AQSh), LinkedIn Ireland Unlimited Company (Irlandiya), Google LLC (AQSh) va Microsoft Ireland Operations Limited (Irlandiya).

Shuningdek, mamlakatda 2 yil ichida doimiy vakolatxonaga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarga elektron xizmat ko‘rsatuvchi 28 ta xorijiy kompaniya soliq to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Bular: Booking.com B.V., Netflix International B.V., Apple, Facebook, Yandex, Huawei va boshqalar.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 9 oyida Facebook — 7,6 milliard so‘m, Google Commerce Limited — 4,6 milliard so‘m, Apple — 2,2 milliard so‘m, Netflix — 331 million so‘m va Yandex — 256 million so‘m soliq to‘lagan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 1-yanvaridan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida “Google solig‘i” ko‘zda tutilgan. Oradan bir oy o‘tgach, Davlat soliq qo‘mitasi xorijlik internet kompaniyalari soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari uchun QQS-ofisini ochdi.

“Google solig‘i” boshqa mamlakatlarda ham mavjud. Rossiyada 2016-yildan beri elektron xizmatlarni sotishda QQS to‘lanishini tartibga soluvchi qonun ishlayapti. Soliq internet orqali ko‘rsatiladigan barcha xizmatlardan, jumladan, dasturlar, o‘yinlar, sayt xostinglari, qo‘shiqlar, film va boshqalar sotuvidan undiriladi.