O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortish yoshini 13 yoshdan 14 yoshga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uning bildirishicha, Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritishga doir ushbu mazmundagi qonun loyihasi qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda. Prezidentning 9-avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, jinoiy javobgarlikka tortishning eng kam yoshi o‘n to‘rt yosh qilib belgilash taklif etilgan.

“Xorij mamlakatlar, xususan, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya va MDH mamlakatlari jinoyat qonunchiligida jinoiy javobgarlikka tortishning eng kichik yoshi sifatida 14 hisoblanadi”, — deb qayd etgan deputat va mazkur o‘zgarishlar insonparvarlik yo‘lidagi yana bir qadam ekanligini qo‘shimcha qilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, jinoyat sodir etgunga qadar 13 yoshga to‘lgan shaxslar javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganlik (97-moddaning ikkinchi qismi) uchungina javobgarlikka tortiladi. Boshqa jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining moddasidan kelib chiqqan holda jinoiy javobgarlikka tortilish uchun eng kichik yosh 14, 16 va 18 yoshni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshini 14 yosh etib belgilash 2021-yilning mart oyida taklif etilgandi.