Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Margaret Tetcher hayot bo‘lganida 13-oktabr kuni 91 yoshni qarshilardi. Qat’iyati, bo‘ysunmas fe’l-atvorga ega ekani bilan “temir xonim” deb atalgan xonim 1979—1990-yillar davomida, 11 yil mamlakatni boshqargan. Tetcher mamlakatining jahon arenasidagi imidji shakllanishida muhim rol o‘ynab, uzoqni ko‘ra oladigan va dono siyosatchi sifatida tarixda qolgan. Sana munosabati bilan XX asrning eng asosiy siyosatchilaridan hisoblangan ushbu ayolning kiyinish uslubidagi o‘ziga xosliklarga nazar tashlaymiz.

Kostyumlar

Foto: Elle

Kiyinish uslubi xilma-xilligi bilan ajralib turmaganiga qaramay, Margaret nafaqat Buyuk Britaniya, balki butun dunyo aholisi aynan u bilan bog‘lab eslaydigan esda qolarli obrazlarni yaratishning uddasidan chiqqan. Ko‘p yillar davomida uning kiyinishidagi asosiy elementlar o‘zgarishsiz qolgan. U o‘z obrazini klassik siluet va jiddiy chiziqlarga urg‘u beradigan stilistlar yordamida yaratgan. “Temir xonim”ga xos odatiy uslub bu yelka sohasidagi chiziqlari ko‘zga tashlanib turadigan jaket va uzunligi biroz tizzani yopib turadigan yubkadan iborat bo‘lgan.

Ko‘k rang

Foto: Elle

Ko‘k Margaret Tetcherning eng sevimli rangi bo‘lgan. U ommaviy tadbirlarda och moviy rangdan tortib, tungi osmon ko‘rinishigacha bo‘lgan ko‘k rangli liboslarda ko‘p marta ko‘rinish bergan. Ko‘k Buyuk Britaniyadagi Konservatorlar partiyasining ramzi ekanidan kelib chiqilsa, mazkur rangga sodiqligini piar bilan bog‘liq bo‘lgan deb ham o‘ylash mumkin.

Soch turmagi va makiyaj

Foto: Elle

Margaretning tashqi ko‘rinishida aslo palapartishlik bo‘lmagan. U ommaga hech qachon mukammal soch turmagi va tartibli makiyaj qilmay turib ko‘rinish bermagan. Uning liboslari mayda detallarigacha yaxshilab o‘ylangan, Kostyumlari qomatida mukammal turgan, aksessuarlari esa kiyim rangiga moslangan.

Romantik obrazlar

Foto: Elle

Foto: Elle

Ko‘pchilik ayollarga xos nazokat va jozibani unda mujassam bo‘lmagan deb hisoblagan. Ammo bu haqiqatdan yiroq. Tetcher ham maftunkorlikning oshuftasi bo‘lgan, u go‘zallik saloniga borish uchun uyqusidan kechishi mumkin edi. Navbatdagi tadbir uchun kiyiladigan libosni esa soatlab tanlagan. Uning uslubida ayollarga xos romantik detallar ham bo‘lgan — u bo‘yin qismida katta banti bor kofta kiyishni yaxshi ko‘rgan. Oqshom tadbirlarida esa ko‘pincha yergacha tushib turadigan uzun liboslarda ko‘rinish bergan.

Marvaridli marjon

Foto: Elle

Tetcherning obrazi o‘zgarmas detallarsiz to‘liq bo‘lmagan bo‘lardi. U hamisha marvarid va yirik zirakli komplekt taqqan. Ko‘plab yillar davomida uning kiyinish borasidagi mazkur didi o‘zgarmagan. Muhim siyosiy murojaat qilish uchun minbarga ko‘tarilganida ham bo‘ynida marvarid bo‘lgan, qolaversa, ushbu taqinchog‘i bor obrazda qirolicha Yelizaveta II bilan ko‘rishgan.

Asprey sumkasi

Foto: Elle

Ushlaydigan qismi uncha katta bo‘lmagan sumkalar uning sevimli aksessuari bo‘lgan. Margaret deyarli hech qachon ulardan ayrilmagan. Bu sodiqligi moda tanqidchilarning turli fikrlariga sabab bo‘lsa ham u kiyinish uslubini hech nimaga qaramay o‘zgartirmagan. Undagi Asprey brendining qora rangli modeli “dahshatli sumka” sifatida dunyoga mashhur bo‘lgan. Margaret to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi mazkur sumkani Ronald Reygan va Mixail Gorbachyov bilan muzokaralariga tutib borgan. Keyinchalik ushbu aksessuar auksionda 28 ming yevroga sotilgan.

Qo‘lqop va shlyapalar

Foto: Elle

Kalta qo‘lqop va turli-tuman shlyapalar “temir xonim”ning obrazining ajralmas qismi bo‘lgan. Mazkur detallar uni xilma-xil ko‘rsatgan.

Foto: Elle

Siyosiy qarashlaridan tortib, shaxsiy hayoti va tashqi ko‘rinishigacha bo‘lgan hamma-hamma narsada o‘ziga sodiq qolgan Margaret rang tanlovi borasidagi fikrini ham o‘zgartirmagan, yarqiroq ranglardan uzoq bo‘lgan.