Ulug‘bek Ahmedov Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Yorqishloq shaharchasidan. Bu hudud qo‘shni Qirg‘izistonning O‘sh viloyati bilan chegarada joylashgan. Yorqishloqning 10 ga yaqin mahallasida 40 ming aholi istiqomat qiladi. Ularning asosiy qismi dehqonchilik, bog‘dorchilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi. 56 yoshni qoralab qo‘ygan Ulug‘bek aka ayni ishlab oila tebratadigan vaqtida baxtsiz hodisa tufayli bir oyog‘idan ajralib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, o‘zidagi tushkunlikni matonat bilan yengib, yigirma besh yildirki, shaharcha markazida poyabzal ta’mirlash bilan shug‘ullanib keladi. “Daryo” muxbiri u bilan suhbat qurdi.

Baxtsiz xodisa hayotimni o‘zgartirib yuborgan

Oilada o‘n bir farzandmiz. Sakkiz qiz va uch o‘g‘il. Men oltita qizdan keyin dunyoga kelgan eng katta o‘g‘il farzandman. Shu sababli ancha erka bo‘lganim uchun maktabda o‘qib yurgan chog‘larimda opalarim yordam berishardi. Allohga shukur ota-onam hech narsadan, hech kimdan kam qilmasdan katta qilgan. Qishlog‘imizdagi maktabning 8-sinfini a’lo baholarga bitirib, Jalaquduq tumanidagi 141-sonli kasb-hunar texnikumida o‘qiganman.

U yerni tamomlab, bir yilcha “G‘alabaning 30 yilligi” jamoa xo‘jaligida ishlab, 1984-yilda Germaniyaga harbiy xizmatga ketganman. Ikki yillik xizmatni tugatib, yana Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Yengil sanoat texnikumida o‘qib, ishladim. O‘qishni bitirganimdan so‘ng yetti yildan ortiq Yorqishloqdagi paxta tayyorlash korxonasida master bo‘lib yil ishladim. Bolaligimdan texnikaga qiziqqanim hamda ayrim sabablarga ko‘ra, u yerdan bo‘shab, yana jamoa xo‘jaligiga traktorchilikka ishga qaytdim.

Ulug‘bek Ahmedov.

Foto: Elyor Mamajonov

1992-yilning iyul oylarida odatiy ishimni qilayotgan paytimda butun hayotimni o‘zgartirib yuborgan baxtsiz voqea yuz berdi. Traktorni sozlayotgan vaqtimda aylanib turgan temir uskunaga poyabzalimdagi ip ilashib, oyog‘imni tortib ketgan. Ishga berilib ketganimdan hech narsani sezmaganman, ahamiyat bermay qolganman.

Yaxshiyam o‘sha paytda yaqin atrofimda suvchilar bor edi. Holatni ko‘rib yugurib kelishgan, oyog‘imni chiqarib olib, zudlik bilan tuman markazidagi kasalxonaga olib borishgan. Keyin oyog‘imni operatsiya qilishdi. Ancha qon yo‘qotdim. Yaxshiyam Mahmudjon aka degan qo‘shnimiz o‘sha yerda vrach bo‘lib ishlardi, tanib qolib hayotimni saqlab qolishda juda katta yordam bergan. Ko‘p qon yo‘qotganimdan xushimdan ketganman. Voqeani eshitgan barcha qarindoshlarim yordamga kelgan. Qon guruhi to‘g‘ri keladiganlari donorlik qilib, qon bergan.

Endi qanday yashayman?

Shundan so‘ng 10 yilcha tushkun holatda bo‘lganman. Umidsizlikdan chiqib ketishimga yaqinlarim, opalarim katta yordam bergan. Eng og‘ir kunlarimda ham dalda berib, qo‘llab-quvvatlashgan. Bir narsaga hayron qolaman. Ko‘chaga chiqqanimda nafaqat sog‘lom odamlar, balki men kabi imkoniyati cheklangan shaxslarni ham ko‘raman. Ularda ko‘chaga chiqsam hamma menga qaraydi degan tushuncha bor. Shu sababli ham doimiy tushkun holatda qolib ketishadi. To‘g‘ri, bunday holatdan chiqib ketish qiyin, ammo ijtimoiy hayotga qo‘shilib ketishni uddalasa, mehnat qilib halol pul topsa bo‘ladi. Buning uchun yuragida yashashga bo‘lgan intilish kuchli bo‘lishi shart ekan.

Foto: Elyor Mamajonov

Ishimni mahsi tikishdan boshlaganman

Dastavval xayolimga hammasi tugadi degan fikr kelardi. Lekin g‘ururim birovning qo‘liga qarab o‘tirishga yo‘l qo‘ymasdi. Shunday paytlarda o‘zimga o‘zim uyda o‘tirib qolmasdan erkak kishi oilasini boqishi kerak, deb turli kasb-hunarlarga qiziqib ko‘rardim. U vaqtlarda kosiblar oz edi, nari borsa 5-6 nafar chiqardi. Qishloq ayollari, yoshi katta insonlar, umuman olganda, ko‘pchilik mahsi kiyardi. Biroq qishlog‘imizda deyarli mahsi tikadigan odam topilmasdi. Kasb tanlashda shularni e’tiborga olganman va shogirdlikka tushib, bundan tashqari qiziqib o‘rganishga harakat qilganman.

Boshida ishlash qiyin bo‘lgan. Qishloq markazidan ikki kilometrcha uzoqlikdagi tepalikda oromgoh bo‘lgan. Chegara hududda joylashganligi uchun o‘n besh-yigirma yilcha bo‘lib qoldi buzilib ketgan. O‘sha oromgohning oldida o‘shlik aktyor — Nabijon aka degan insonning ustaxonasi bor edi. Ming bir istihola bilan o‘sha yerga borganman. Maqsadimni aytganimda o‘ziga shogird qilib qabul qilgan. Shogirdlar orasida mendan yoshroq bolalar ham bor edi, ular bilan birga ishlardik.

Avvaliga kosiblikni Nabijon akadan, keyinchalik esa Habibulloh aka degan ustadan ham ish o‘rgandim. Ba’zida kosibxonaga piyoda qatnagan kunlarimiz bo‘lgan. Gohida yo‘lda mashina bo‘lib qolsa, to‘xtatib yo‘lgacha olib ketishini so‘rardim. Shunday bo‘lsa-da, ustozlarimni etagini mahkam tutganman. Ustalarimiz yaxshi o‘rgatganmi yoki boshqa bir sababmi mana yigirma yildirki shu kasb ortidan xalqqa xizmat qilayapman.

Kosiblik ortidan uy-joy qildim, birovdan kam bo‘lmadim

2000-yillarning boshida oromgoh buzilib, kosibxona ham yopildi. Shundan so‘ng ustozlarimning duosini olib, uyimizning bir xonasini o‘zimga moslab, buyurtma ishlar qila boshladim. Uydagi ustaxonani o‘n yilcha yuritdim. Opamning do‘koni bor edi, shu yerdan kichiqroq bir xonani menga ajratib berishdi. Uni tayyorlab, ustaxonaga aylantirdim, ancha yil ishladim. Lekin do‘kon sotiladigan bo‘lgach, yana boshqa yerdan ijaraga joy olib, ishimni davom ettirdim.

Ikki-uch yildan beri shu ustaxonada tirikchilik qilib kelayapman. Nolimayman topishim yaxshi. Bir kunda o‘rtacha 15-20 odamga xizmat ko‘rsataman. Shundan 80 ming — 100 ming so‘mgacha pul tushadi. Ba’zida 50 ming topadigan kunlarim ham bo‘ladi. Shunaqa qilib, oila tebratayapman. Kosiblik qilib, ayolim bilan bir o‘g‘il, bir qizni dunyoga keltirib, birovdan kam qilmasdan ulg‘aytirdik. Qizimizni turmushga chiqarib, o‘g‘limizni uyladik. Shirin nevaralarning bobo-buvisi bo‘ldik.

Foto: Elyor Mamajonov

Medal olganimni eshitganimda ishonmaganman

Halol ishlab, harakat qilsa Alloh ham har tomondan berar ekan. Mehnat qilsang rohatini ko‘rasan deb shunga aytishadi, shekilli. Bir kun mahalla raisi ustaxonamizga kelib, hujjatlarni so‘radi. Aytganlarini tayyorlab berdik. Nimagaligini so‘rasak, bilmasligini aytdi. Biror narsaga kerakdir-da, deb qo‘yaverdik. Avgust oyi oxirlarida kechqurun rais telefon qilib, “Ulug‘bek aka medal muborak bo‘lsin”, deb tabrikladi.

To‘g‘risi, o‘sha paytda hech narsaga tushunmadim. Kutilmagan xabarni eshitib, hayron qoldim. Bir-ikki kun ishonmasdan yurdim. Chunki medal tugul, tumanda birorta mukofot olish ham xayolimga kelmagan. Oddiy kosib bo‘lsam, chekka bir qishloqda yashasam, nima qilgan ishimga medal berishadi, deganman. Lekin tasdiqlangach e’tibor va e’tirofdan juda xursand bo‘ldim. O‘sha davrdagi hayajonni hozir tasvirlay olmayman. O‘shanda ham har qanday holatda ham ortga chekinmaslik kerakligini anglaganman.

Ma’lumot uchun: Ulug‘bek Ahmedov 2017-yil avgustida “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Shukur qilishni o‘rgandim

Yilda bir marotaba reabilitatsiya markaziga davolanish uchun borib turaman. Shu yerda imkoniyati cheklangan turli darajadagi insonlarni ko‘raman. Ularning aksariyati ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki boshqa kimlargadir qaram bo‘lib qolgani ko‘raman. Ular ham harakat qilsa, ishlasa bo‘ladi-ku, deb umrini zoye ketgazayotganiga achinaman. Chunki oralarida birorta hunarni o‘rganib, o‘zi tirikchiligini qilib ketsa bo‘ladiganlari juda ko‘p. Kimgadir qaram bo‘lishni nima keragi bor? Bersang yeyman, deb yotaverish ham juda noto‘g‘ri ish. Nogiron degani uyda qamalib o‘tirish kerak degani emas. Alloh bergan har bir imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanish lozim. Negaki imkoniyati cheklangan shaxslarning harakati, fikrlashi sog‘lom odamlarnikidan ko‘ra yaxshiroq bo‘ladi. Faqat bunga biror maqsad qo‘yib, harakat qilib, intilsa bo‘ldi.

Muallif:Umidjon Mamarasulov