1938-yil 4—5-oktabr kunlari, nafaqat O‘zbekiston, balki Turkiston zamini uchun ham ulkan yo‘qotishlar kuni bo‘ldi. Adolat va millati taraqqiyoti uchun jonini ham ayamaydigan vatanning “oltin avlod” farzandlari shu kuni shafqatsizlarcha o‘ldirildi. “Daryo” yurtning asl o‘g‘lonlari xotirasini yod etadi.

Abdulla Qodiriy

Bu ism har bir o‘zbek farzandi uchun juda tanish. O‘zbek adabiyotida ilk bor roman janriga qo‘l urib, “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” kabi nodir asarlarni yozgan bu inson millat ziyosi bor ilmini, iste’dodini, kuchini safarbar etgandi. O‘lkaning ko‘zga ko‘ringan jadid arboblaridan biri bo‘lgan Abdulla Qodiriy o‘zining tanqidiy-satirik hikoya hamda maqolalari bilan sovet amaldorlarining jig‘iga tegadi. Mintaqaga mustaqillik berishni va’da qilib, buni amalga oshirishni xohlamayotgan sovet hukumatining o‘yinlarini yaxshi tushungan adib Stalin tuzumining dushmanlaridan biri sifatida ko‘rila boshlanadi.

1926-yil “Mushtum” jurnalida bosilgan “Yig‘indi gaplar” maqolasi uchun Qodiriy qamoqqa olinadi. Sud zalidagi nutqida o‘z yurtdoshi bo‘lib turib uni sotgan ba’zi muttaham, sovet quliga aylangan hamkasblarining “g‘arazgo‘ylik qilib, tirnoq ostidan kir qidirishga urinishini” aytgan adib, “Men haq yo‘lida boshim ketsa “ix” deydirg‘on yigit emasmen” deya o‘z mardligini ko‘rsatadi.

Abdulla Qodiriyning qamoqda olingan sur'ati

Foto: “Ziyouz.com”

Qisqa muddatli hibsdan so‘ng ozodlikka chiqib, ijodini davom ettirgan Abdulla Qodiriy 1937-yilda “xalq dushmani” ayblovi bilan yana qamoqqa olinadi. Vatanning mard o‘g‘loni o‘lim jazosiga hukm qilinib, 1938-yil 4-oktabr kuni Toshkentda otib tashlanadi. Stalin o‘limidan so‘ng, Sovet ittifoqi davridayoq Abdulla Qodiriy nomi oqlanib, asarlari nashr qilina boshlagan.

Abdurauf Fitrat

Ilk o‘zbek professori bo‘lmish Abdurauf Fitrat Turkiston jadidchilik harakatining eng ko‘zga ko‘ringan namoyondalaridan edi. Turkiyada tahsil olgan Fitrat “Yosh turklar” harakatidan ilhomlanib “Yosh buxoroliklar” harakatiga asos soladi. Amir hokimiyati qulatilgach, Fayzulla Xo‘jayev bilan birgalikda 1920-yilda tuzilgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasini boshqarishda ishtirok etadi. Dastlab Maorif noziri, keyinroq Xorijiya(tashqi ishlar) noziri bo‘lib ishlaydi.

Aynan Fitrat birinchi bo‘lib o‘zbek tili grammatikasini o‘rganish ishlarini boshlab beradi va Buxoro Xalq Sovet Respublikasida o‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qilinishida katta rol o‘ynaydi. Fitratning tashabbusi bilan “Ona-tili” darsligi yaratiladi. Adibning o‘zi ham til masalalariga bag‘ishlangan “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Sarf” va “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Nahv” kabi darsliklarga mualliflik qiladi.

Vatani rivoji uchun harakatdan to‘xtamagan Fitrat yoshlarni millat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalovchi “Tong” jurnalini chop etadi, Buxoro hukumati hisobidan bir qancha yoshlarni Germaniyaga o‘qishga yuboradi.

Fitrat ham ilmiy, ham badiiy yo‘nalishda juda ko‘p ijod qilgan bo‘lib, eng mashhur asarlariga “Munozara”, “Sayyohi hindi” nasrlari,  “Begijon”, “Qon”, “Abo Muslim”, “Temur sag‘anasi”, “O‘g‘uzxon” “Abulfayzxon”, “Shaytonning Tangriga isyoni” pyesalari misol bo‘ladi.

Abdurauf Fitrat

Foto: Google Images

O‘zbek tilining rivojida beqiyos o‘rin tutgan jonkuyar o‘zbek farzandi 1937-yil NKVD tomonidan “xalq dushmani” tamg‘asi bilan hibsga olinadi va u ham Bo‘zsuv anhori yonida 4-oktabrda otib tashlanadi. Sovet gumashtalari o‘zbek xalqini yana bir asl farzandidan ayiradi.

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li (Cho‘lpon)

Tariximizda Cho‘lpon nomi bilan ijod qilgan Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li 1897-yil Andijon tug‘iladi. Cho‘lponning o‘zbek adabiyotidagi xizmatlari katta: uning “Turkistonli qardoshlarimizga”, “Buzilgan o‘lka”, “Xalq” she’rlari, “Adabiyot nadir?”, “Muhtaram yozuvchilarimizga” maqolalari va o‘zbek nasrining haqiqiy durdonasiga aylangan “Kecha va kunduz” asari o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga olib chiqadi. Bundan tashqari Cho‘lpon Turkiston Muxtoriyati tuzilishi munosabati bilan o‘zbek davlatchiligi tarixidagi ilk madhiya — “Ozod turk bayrami”ni yozadi. Muxtoriyatning e’lon qilinishidan boshqa jadidlar qatori juda xursand bo‘lgan Cho‘lpon uning qonga botirilishidan shunchalik qayg‘uga tushadi. Shoir istiqlol uchun kurashni davom ettiradi, biroq 1927-yilda unga qarshi kurash boshlanadi. Natijada Cho‘lpon Moskvaga ketadi va o‘sha yerda ijodiy faoliyatini olib boradi.

Cho‘lpon tarjimon sifatida ham keng ijod qilib, Gogolning “Revizor”, Pushkinning “Boris Gudunov” va “Dubrovskiy”, Chexovning “Qochoq”, Maksim Gorkiyning “Ilgaklar”, “Ona” asarlarini, hamda Shekspirning “Hamlet” asarlarini tarjima qiladi.

Cho‘lpon

Foto: BBC

Sovet tuzumining qatag‘on siyosati buyuk yozuvchini chetlab o‘tmadi. Cho‘lpon ham o‘sha mash’um kuni, o‘sha mash’um yerda qatl qilindi. Ammo qotillar uning ruhini o‘ldira olmadi va avlodlar o‘zlarining buyuk ajdodlari xotirasini saqlab qoldilar.

Rahim Inog‘omov

Rahim Inog‘omov O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi(O‘zSSR) ning maorif komissari va O‘zbekiston Kommunistik partiyasining matbuot kotibi bo‘lib ishlaydi. Shuningdek o‘zbek yozuvchilarining Samarqanddagi “Qizil qalam” jamiyatiga rahbarlik qiladi va “O‘zbek ziyolilari” kitobini yozadi. U o‘lka boshqaruvidagi asosiy figura hisoblanuvchi Butunittifoq Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi(MQ)ning O‘rta Osiyo byurosini zo‘ravonlikda ayblab, uning faoliyatini keskin qiladi. Natijada unga qarshi kampaniya boshlanib, lavozimlaridan ozod etiladi.

Siyosatdan chekinib, Qrimning Alushta shahrida dam olayotgan Rahim Inog‘omov 1937-yil 25-avgust kuni qamoqqa olinadi va Toshkentga olib kelinadi. O‘sha qonli tunda qatl qilinganlarning orasida millatparvar Rahim Inog‘omov ham bor edi.

Usmonxon Eshonxo‘jayev

Fitrat va Rahim Inog‘omovlar kabi maorif komissari(vaziri) bo‘lib ishlagan Usmonxon Eshonxo‘jayev Turkiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi matbuot xizmati boshlig‘i va bir necha gazetalar muharriri bo‘lib ishlagan. Maqolalarida kommunistik tuzumning kamchiliklarini qo‘rqmay tanqid etishi oqibatida o‘sha paytdagi O‘zSSR rahbari Akmal Ikromov tomonidan Fayzulla va Sultonbek Xo‘jayev, Turor Risqulovlar bilan sovet tuzumiga qarshi tashkilot tuzishda ayblanadi.

1937-yil Qozon shahrida bo‘lib turgan Usmonxon Eshonxo‘jayev qamoqqa olinadi va Toshkentga keltiriladi. Bu yurt o‘g‘lonining boshiga ham boshqa vatanparvar millatdoshlarining kuni tushadi.

Rustam Islomov

Faoliyati davomida Turkiston ASSR oziq-ovqat komissarligi komissari, O‘zSSR kommunal xizmatlar va qishloq xo‘jaligi xalq komissariati komissari, Turkiston ASSR Xalq komissarlar kengashi rais o‘rinbosari va raisi, Butunittifoq Kompartiyasi MQning O‘rta Osiyo byurosi va O‘zbekiston Inqilobiy qo‘mitasi a’zosi kabi yuqori lavozimlarda ishlagan Rustam Islomov oxir-oqibat Stalinning qatag‘on siyosatidan chetda qolmadi. Vatani va sovet rejimiga sodiq xizmat qilishiga qaramay bu kadr ham otuvga hukm qilinganlar ro‘yxatiga qo‘shiladi. SSSR rahbariyati ularga bir necha yil davomida sodiq xizmat ko‘rsatgan insonni ayab o‘tirmadi. 1938-yil barcha lavozimlaridan ozod qilingan Rustam Islomov otuvga hukm qilinadi.

Akbar Islomov

4-oktabr shahid bo‘lgan yana bir vatanparvar o‘zbek o‘g‘lonlaridan biri Akbar Islomov edi. Farg‘ona viloyat inqilobiy tribunali a’zosi, RSFSRning Buxoro amirligidagi rezidenti o‘rinbosari, O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari o‘rinbosari, Ichki ishlar xalq komissari va moliya xalq komissari lavozimlarida ishlagan Akbar Islomov butun faoliyati davomida o‘z xalqiga chin dildan xizmat qiladi. U Germaniyada o‘quvchi o‘zbek yoshlari ta’minoti bilan shug‘ullanib, Cho‘lponni qo‘llab-quvvatlaydi, qurg‘oqchillik yillarida xalqdan olinadigan soliqlarni kamaytirish tashabbusini ko‘taradi.

Ammo shafqatsiz Stalin repressiyasi O‘zbekistonning bu ziyoli farzandini ham turli bo‘hton va tuhmatlar bilan o‘limga mahkum qiladi.

Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev

O‘zbekistonning zabardast yetakchilaridan biri bu Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev edi. U Turkiston ASSRning Sog‘liqni saqlash, tashqi ishlar, millatlar ishlari bo‘yicha komissariatlari komissari lavozimlarida, Turkiston va Buxoro Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining mas’ul kotib sifatida ishlagan. Tursunxo‘jayev o‘zining ajoyib salohiyatini ko‘rsatib, butunittifoq darajasidagi lavozimlarda: SSSR savdo va sanoat vaziri (1921), keyinroq SSSR ijtimoiy ta’minot, savdo va sanoat vaziri (1923-24), SSSR Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Davlat reja komissiyasi raisi bo‘lib faoliyat olib boradi. Milliy-hududiy chegaralashdan so‘ng SSSR Mehnat va mudofaa kengashining O‘zSSRdagi vakili, Markaziy Osiyo suv xo‘jaligi tashkiloti rahbari va Qozog‘iston suv xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i kabi ishlarda ishlagan Tursunxo‘jayev “Taraqqiyparvarlar” tashkilotining a’zosi bo‘lgan. Nafaqat O‘zbekiston, balki butun SSSR hududida juda ko‘p tashkiliy ishlarni amalga oshiradi.

Ammo faoliyati davomida Tursunxo‘jayev bir necha bor qamoqqa olinadi:1921, 1922, 1937-yillar. Butun mamlakat uchun qilgan ulkan xizmatlariga qaramay o‘zbek xalqini buyuk farzandlaridan ayirishni niyat qilgan Stalin yugurdaklari Tursunxo‘jayevni ham 4-oktabr kuni otuvga hukm qilib, o‘sha kuniyoq jazoni ijro etishadi.

Qayum Ramazon

Abdurauf Fitrat bilan bir qatorda o‘zbek tili rivoji uchun salmoqli hissa qo‘shgan Qayum Ramazon Fitratning eng yaqin shogirdlaridan biri ham edi. U Fitrat tashabbusi boshlangan “O‘zbek tili darslari (Ona tili)” darsligini yaratishda qatnashadi hamda “Yozish yo‘li” va “Bilim yo‘li” kabi kitoblarga mualliflik qiladi. 1926-yilda o‘zbek alifbosini lotin yozuviga tarjima qilish komissiyasi a’zosi bo‘ladi. Jinoiy javobgarlikka tortilmasdan oldinroq olimning “O‘zbek imlosi qoidalari” asari nashr etiladi.

Qayum Ramazon tergovini Abdulla Qodiriyni tergov qilgan Nurmet Trigulov olib boradi va olimga bir necha hujjatlarga majburan imzo qo‘ydiriladi. 5-oktabr kuni olimni o‘limga mahkum qilgan sud qarori, bir kun oldin allaqachon bajarib bo‘lingan edi…

Otajon Hoshimov

Atoqli adabiyotshunos va olim Otajon Hoshimov o‘zbek folklori va adabiyotiga katta hissa qo‘shgandi. Aynan uning tashabbusi bilan Samarqandda Oliy pedagogika instituti tashkil etiladi. Hoshimov “O‘zbek folklor namunalari”, “O‘zbek xalq ertaklari”, “Alpomish”, va “Malikayi Ayyor” kabi o‘zbek folklorining rivojiga katta hissa qo‘shgan kitoblarni nashr etishda bosh-qosh bo‘ladi.

Otajon Hoshimov

Foto: “Ziyouz.com”

O‘zbekistonda “burjua millatchilari”ga qarshi kurash kampaniyasi boshlangach, respublika rahbariyati uni Leningrad(hozirgi Sankt-Peterburg)ga yuboradi. Biroq olim 1933-yilda Toshkentga chaqirib olinadi va mas’ul lavozimlarga tayinlanadi.

Repressiya to‘lqini faqatgina o‘zbek xalqi fani uchun harakat qilgan bu olimni ham “xalq dushmani” ayblovi bilan o‘limga hukm qiladi.

Majid Qodiriy

Olim, adabiyotshunos, Turkistondagi jadidchilik asoschilaridan biri Majid Qodirov matematika, tarix va adabiyot fanlaridan o‘zbek tilidagi birinchi darsliklar muallifi hisoblanadi. Faoliyatini boshlang‘ich sinflarga matematika fanidan dars berishdan boshlagan Majid Qodiriy Markaziy Osiyo davlat universiteti fizika fakulteti dekani lavozimi qadar ishlaydi. O‘zbek fani fidoyisi o‘zining “Hisob”, “Jug‘rofiya” kitoblari bilan matematika va geografiya fanidagi ilk o‘zbek darsliklarini yaratadi. Jadidlarning “Turon” gazetasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi.

1930-yilda kompartiya a’zoligidan bo‘shatilgan Majid Qodiriy barcha egallab turgan lavozimlaridan ham ozod qilinadi. 1938-yil unga ham “xalq dushmani” tamg‘asi bosiladi va boshqa jadidlar taqdiri yoziladi.

Majid Qodiriy

Foto: Wikipedia

Ziyo Saidov

O‘zbek matbuotining shakllanish tarixini o‘rganishda muhim manba hisoblanuvchi “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga oid materiallar” risolasi muallifi Ziyo Saidov 4-oktabr qurbonlaridan biri edi. Uning Toshkent qo‘zg‘oloni haqidagi “Qonli kun”, “Tarix tilga kirdi”, “To‘ralik sirtmog‘i” pyesalari ancha mashhurlikka erishgan. “Mushtum” jurnali muharriri va O‘zbekiston radioeshittirish qo‘mitasi raisi lavozimlarida ishlagan. 1938-yil 4-oktabr kuni Bo‘zsuv kanali yonida “xalq dushmani” ayblovi bilan otib tashlandi.

G‘ozi Olim Yunusov

Folklorshunos, jurnalist va publitsist. O‘zbek folklorshunosligida katta xizmatlar ko‘rsatgan, xususan “Hiylakor kal”, “Shum kal”, “Tulki va bedana”, “Tulki va tojik”, “Kimlar o‘g‘ri”, “O‘rinsiz tilak”, “Aldangan qozi”, “Yengilgan podshoh” kabi hikoyalar to‘plamlarini to‘plagan. “O‘zbek urug‘laridan qatag‘onlar va ularning tili”, “Yuridik terminlar lug‘ati”, “O‘zbek tili grammatikasi” ilmiy asarlariga mualliflik qilgan. Fanga oid bir necha dolzarb maqolalar yozgan. Afsuski, bu fidoyi olim 1938-yil 4-oktabr kuni o‘z hayotiga yakun yasagan.

Po‘lat Soliyev

O‘zbek tarixchilarining haqiqiy rahnamosi va ustozi bo‘lgan bu inson asli Astraxanda, Turkistondan ko‘chib kelgan mang‘it oilasida tug‘ilgan. Yoshligidan ilmga chanqoq bo‘lgan Soliyev arab, fors, rus, fransuz, nemis va deyarli barcha turkiy tillarni o‘rganadi. Olim o‘sha damlarda haqiqiy erkinlik ruhiga to‘lgan ota yurti Turkiston o‘lkasiga keladi. Qo‘qon Muxtoriyati tashkil qilinishida qatnashgan Po‘lat Soliyev Qo‘qondagi Xalq universiteti ochilishiga jonbozlik ko‘rsatadi. Bir qancha gazeta, jurnallarda muharrir vazifasini bajaradi. Leningrad shahridagi Sharqshunoslik institutida unga professor ilmiy unvoni oladi. Samarqand shahrida o‘qituvchilar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasida Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasini boshqaradi. Olim to‘plagan qadimiy yozma manbalar va shaxsiy kutubxonasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutiga asos solinadi. Olim Qur’oni Karim matnini ilmiy sharhlar bilan ilk bor o‘zbek tiliga o‘girgan.

Chapdan o‘ngga: Qori Niyoziy, Kamol Sharifov, professorlar Po‘lat Soliyev va Sergey Muraveyskiy

Foto: Arxiv

1938-yil qatag‘on qilingan olimni 1954-yili SSSRga tashrif buyurgan Hindiston bosh vaziri Javaharlal Neruning shaxsan o‘zi yo‘qlaydi. Uning vafotini eshitgan Neru olim qabrini ziyorat qilishni xohlaydi, ammo O‘zbekiston tarixi uchun ulkan xizmatlar qilgan olimning qabri ham yo‘q edi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi