AQShning Kaliforniya shtatidagi Xantington-Bich sohillarida katta miqdordagi neft Tinch okeaniga to‘kildi. Neft quvuridan, taxminan, uch ming barrel (taxminan, 477 ming litr) neft okeanga chiqib ketgan.

Foto: EPA

Qayd etilishicha, hodisa qirg‘oqdan 7,2 kilometr narida sodir bo‘lgan. Taxminan, 34 kvadrat kilometr maydonni neft qoplagan.

Shtat janubidagi Orinj okrugida joylashgan Xantington-Bich shahri meri Kim Karrning so‘zlariga ko‘ra, neft to‘kilishi ekologik falokat bilan barobar.

Neft to‘kilgani haqidagi xabar AQSh Sohil xavfsizlik xizmatiga 2-oktabr kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 9 da kelib tushgan. 3-oktabr kuni ertalabgacha neft qirg‘oqqa yetib kelgan. U Talbert botqog‘i va Santa Ana daryosigacha cho‘zilgan.

Neftning Bolsam-Chika ekologik qo‘riqxonasi hamda Xantington-Bich botqoqliklariga yetib borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun neft yig‘ish uskunalari joylashtirilgan. 3-oktabr holatiga ko‘ra, Sohil xavfsizlik xizmati suvdan 3150 gallon (taxminan, 12000 litr) neftni tortib olgan va 1,6 kilometr maydon o‘rab olingan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa natijasida baliqlar va boshqa dengiz hayotining nobud bo‘lishi holatlari kuzatilgan, neftga ilashib qolgan qushlar jiddiy zarar ko‘rgan.