Bu insonni 11 yildan beri bilaman. Domla, deb tanidim va umrim oxirigacha shunday qolsa kerak. Maktabida bor-yo‘g‘i bir yarim yilcha o‘qidim. Lekin abadiyatga tatigulik saboqni — faqat o‘zimga ishonish, fikrlash, ko‘ngilni ilmgagina ochish kabilarni xo‘broq o‘rgandim.

2010—2011-yillari ingliz tilini demasa, tarix, ona tili va adabiyot, tabiiy fanlar bo‘yicha repetitorlik endi-endi rusumga kirayotgan, ammo o‘shandayam ko‘pchilik pana-pastqamda o‘z-o‘zicha tayyorlanib, imtihondan yiqilib, yana qayta hozirlik ko‘rib yuraverardi. Bugungidek alohida repetitor maktabi, qo‘shqavat imoratlarda yig‘ilib darslik titkilash, o‘qituvchi tanlash degan gaplar yo‘q edi. Maktabdagi oyligiga qo‘shimcha bo‘lsin deb, ilmli muallimlar uyida, kattaroq hovlilarda o‘n-o‘n besh chog‘li bolani yig‘ib, o‘qitib, universitetlarga uchirma qilardi. O‘sha yillardagi imtihon savollari ancha-muncha tajribali, manaman deganiniyam dovdiratib qo‘yar, boshqotirmaga o‘xshab tuzilardi. Abituriyent esa o‘ndan ortiq maktab darsligi, qo‘shimchasiga litsey va kollej o‘quvchilariga mo‘ljallangan kitoblarni o‘qib chiqishi shart edi. O‘qimasa, imtihondan o‘tolmasdi. Bir yili kuyardi-ketardi.

Foto: Mansurjon Sultonovning shaxsiy arxividan

Mansurjon Sultonov — 1984 yil Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tug‘ilgan. Tarix fani o‘qituvchisi. Tumandagi “Ar-Roshidoniy” o‘quv markazi asoschisi. Repetitorlik bilan 20 yildan beri shug‘ullanadi. To‘rt farzandning otasi.

2011-yili litseyda 3-kurs darslari boshlandi. Men bo‘lsa domlaning oldiga borishni ortga suraveraman. Orqavorotdan “Ancha qattiqqo‘l, talabchan, o‘z prinsiplari bor. O‘qishda sust bo‘lsang, shartta haydavoradi” degan “ta’rif”larni eshitgach, picha qo‘rqib qolgandim. Tarix asosiy blok fanim, o‘qimasam, yiqilishim aniq universitetni tanlab qo‘yganman. Axiyri, orzular shirinligidan yurak yutib bordim. Birinchi darsda o‘tiribman-u, maktabdagi haminqadar, sayoz bilimim suvdan ajralgan yog‘dek bilinib qoldi. Domla mendek fikri tarqoq, dangasa qizga butkul bo‘lak olam eshigini ochib bergandi o‘shanda. Darslar tarixiy shaxslar, obyektlar, voqealar yoki muhim sanalarni qup-quruq, hissiz yodlatishdan mutlaqo farqlanardi. Maktab ta’limining naqadar bo‘sh, ilvirab qolganini domlaning metodi atay isbotlagandek bo‘lardi. Tez fikrlash, mantiq, faktcheking va izchillik nimaligini amalda ko‘rsatib (domla tez gapirar, lekin mavzuni obrazli tushuntirardi), ongostimizga singdirganini talabalikning dastlabki yillari anglaganman.

“Sizlar bilmaysiz-da, – derdi domla tez-tez, – ishimni ilk boshlagan 2000—2001-yillari repetitorga “qaroqchi”dek qarashardi. Maktabdagi asosiy ishimdan tashqari, o‘quvchilardan tashabbus chiqqach, qo‘shimcha mashg‘ulot ham tashkillashtirgandim. Darslarni to‘liq bepul o‘tib, qo‘li qisqa, lekin o‘qiyman deb ko‘zlari yonib turgan bolalarni atrofimga yig‘ardim.

Puli borning bolasi osongina kirib ketaverardi o‘shandayam. Kambag‘alniki qiynalishiga to‘g‘ri kelardi. Xayrli ishimni noto‘g‘ri tushunib, ba’zi o‘qituvchilar sinf xonalarini bermas, qulflab qo‘yar, yo ochiqchasiga, o‘quvchilarni chalg‘ityapsan, maktabdagi fan o‘qituvchilarining obro‘sini tushiryapsan deb to‘sqinlik ham qilishardi. Bilmaysizlar-da, qancha gap-so‘z, olaqarashlar orasidan o‘tib kelganimni...

Birinchi darsda, mavzuga aloqador xaritani topolmay, rosa qiynalgandim. Bori juda eski, yo ishlatib bo‘lmaydigan ahvolda edi. O‘quvchilar mo‘ltirab qaraydi, sen bo‘lsa, atrofdan alanglab, najot izlaysan. Oxiri, doskaga xarita chizib, mavzuni tushuntirdim. Keyin oddiy varaqlarga qit’alar, davlatlarning geografik joylashuvini chizishga odatlandim. O‘ylasam, o‘shanda sharoit, muhit, yon-veringdagilar gapiga ahamiyat berishga vaqt, xohish va asab bo‘lmagan ekan. Hammasini kulib yengib ketaveribmiz”.

2012-yildagi imtihon oldingilaridan qiyinroq, savollari murakkab, chigalligi ko‘p degan xabar keldi. Tarixdan 20 ta darslik, variant, qo‘shimcha manbalar, o‘tgan yillar chiqqan qo‘llanmalar — hammasini 7-8 oy ichi kamida besh marta o‘qib chiqish shart deb belgiladi domla. Kun tartibimizni ham o‘zgartirib, darslarni ikki smenaga: ertalab soat 5:00 dan 8:00 gacha, kechqurun 18:00 dan 20:00 gacha bo‘ldi. Qolgan fanlarni oraliqdagi soatlarda o‘zlashtirardik. Uyquga besh, ovqatlanish va boshqa yumushlarga bir-ikki soatgina vaqtimiz qolardi. Domla aytgandek qat’iy tartib, qattiq rejim bilan hamma manba (taxminan, 40 tacha kitob)ni yil oxirigacha 8-marta o‘qib tugatdik. O‘zimiz ham hayratdamiz: nahot sakkiz martalab bir kitobni qayta-qayta o‘qidik...

“Talabchanlik jarayonda shakllanadi, — deydi domla. O‘quvchi tez fikrlasa, ko‘proq ma’lumotni eslab qoladi, vazifani aniq, puxta bajarishni o‘rganadi. Menam dabdurustdan talabchan, qattiqqo‘l yo tizimli ishlaydigan o‘qituvchi bo‘lmaganman. Ko‘pini yillar bo‘yi ustozlarim Raimjon Dadajonov, Sobirxo‘ja Sulaymonovlardan o‘rganganman. Bugun ularga qancha rahmat aytsam, baribir, kam”.

Domlani o‘zaro “Temir odam” derdik. U kishining kun tartibiga, bilmadim, chidash qiyinroq. Sahar mardonlab 5:00 dan (qishda sal kechroq, 6-7 lardan) boshlangan kun kechasi o‘n-o‘n birgacha cho‘zilar, kun davomida yuzdan ortiq o‘quvchi bilan ishlab, kamiga kechalari test savollari tayyorlab, ichki imtihonlarga varaqalar chiqarib, tunni tongga ulaydigan domla qachon uxlarkin, derdik.

Tarix fani kursiga yoziladiganlarning hammasiyam yil oxirigacha qolishi dargumon edi. Qirqtacha kitob o‘qish, qattiq-quruq gaplarga chidashga hammaniyam sabri yetmasdi. “Bizlar frontdagi askarlarmiz. Yo‘q, jangning old safidagi piyodalarmiz” derdik kulishib.

“Jon sog‘ bo‘lsa, barini ko‘raverarkansan. Kimlargadir ergashib yoki ota-onasi, yaqinlarining qistovi bilan darsimga keladiganlar bor. Aslida, aksarining ko‘nglidagi maqsadi umuman boshqa, lekin ota-onasi o‘g‘lining harbiy, diplomat, yurist bo‘lishi, vazirlik idoralarda ishlashini orzu qilib, bolasini majburlab olib keladi. Bir-ikki og‘iz gaplashiboq, bolaning ko‘zidan tarixga emas, boshqa sohaga qiziqish borligini bilaman. ‘Bolangizni ham, o‘zingizni ham qiynamang. Avval o‘ziga qo‘yib bering. Dardini eshiting. Orzusidagi joyga kirolmasa, ana undan keyin majburlang’, deyman. Ota-ona istagini deb bir qorako‘z kelajakda afsuslanmasin, mendan o‘pkalanmasin”, — deya kelajak qur’asini faqat o‘zimiz tashlashimiz kerakligini uqtirardi.

Litseyimizda (Rishton tumanidagi akademik litsey. Hozir yopilib ketgan) domlani xushlamaydiganlar bo‘lardi. Shuncha o‘quvchi (tayyor kapital)ni olib qo‘yayotgan, kamiga o‘zlaridan balandroq turadigan raqib-repetitor kimga ham yoqardi! Bir kuni qulog‘imga: “Iye, bilmasmidingiz. Bolalarni diplomsiz o‘qitib yuribdi-ku!” degan g‘iybatnamo gap chalindi. O‘shanda shu gapni tarqatib, o‘quvchilar fikrini aynitishga usta g‘iybatchi ustozga boplab javob qaytargim keldi-yu, indamadim. Vaqt — hakam. Keyinchalik bilsam, domla, universitetga kirgan, lekin oilaviy sharoit, yo‘qotish-u qiyinchiliklar sabab o‘qishni tashlab ketgan ekan. O‘shanda bilim, muvaffaqiyat, ustozlik maqomida diplom mezon bo‘lolmasligini tushungandim. Universitet chinakam maktab, lekin undan keyingi reallik, sermashaqqat yo‘l, yo‘qchilik va mag‘lubiyat haqiqiy darsxona. O‘zingga ishonsang — yutasan, diplom ortidan quvsang — yo‘l boshidayoq to‘xtaysan.

“Universitetni bitirib, yonimga ish so‘rab keladiganlar bor. Juda ko‘pi na fanni biladi, na metodika va na psixologiyani. Demak, to‘rt yil faqat diplom uchun vaqtini o‘tkazgan. Menimcha, sohangning zo‘ri bo‘lmoqchimisan – o‘qi! Oliy ma’lumotlimisan, nimanidir eplashing shart. Sohang bo‘yicha hech vaqoni bilmasligingni tasdiqlaydigan diplomdan nima naf? Kim yutqizadi shunda — senmi yoki shartnomangga falon-falon pul sarflab, sochlari muhojirlikda oqarayotgan ota-onang?”.

Dangasa abituriyentlarni “uyg‘otish”, o‘qishga qiziqtirish, halol raqobatni rag‘batlantirish uchun domla qiziq metod topgandi. Har yakshanbada uchta fandan imtihon oldi testi o‘tkazib, kim yuqori ball to‘plab, birinchilikni olsa, 10 ming so‘m mukofot puli topshirilardi. Tantanavor qilib, alohida hurmat bilan. 2011-yillardagi sarf-xarajatni hisobga olsak, cho‘ntagida 500 so‘mgina yuradigan abituriyent uchun bu katta summa edi. Uzoqdan qatnab yoki ijara uyda o‘qiydigan o‘g‘il-qizning qariyb bir haftalik yo‘l puliga yetardi. Nochor oila farzandlariga bilintirmay yordam ko‘rsatilar, mabodo, bir oiladan ikki kishi o‘qiyotganini bilsa, to‘lovlar avtomatik kamayardi. Buni hammayam bilmasdi.

Domla repetitorlikka biznes, daromad manbayi deb qaraganini sezmagan ekanman. Har kuni bir xil kiyim va velosipedda kelishini ko‘rib, hech birimiz bunday xayolga bormasdikam. Mabodo, biror oy to‘lovga qurbingiz yetmayotganini ko‘rsa, indamasdi.

“Agar bolani o‘qitishni biznesga aylantirsam, o‘zimni hecham kechirolmasdim. Jadidlar nima uchun jonini tig‘ga tutgan deysiz? Bilim, ma’rifat uchun-ku! Menam o‘shalardan o‘rnak olgim keladi. Xalq farzandlarini xorijda dunyo ilm-fanini egallashi uchun bor-budini ayamagan ular. Repetitorlikni ma’rifat yo‘li, deb bilaman. Maktabdagi bo‘shliqni (mayli, yodlatish usulida bo‘lsa ham) aynan repetitorlar to‘ldirib beryapti. Atrofimda muhtoj oila farzandlarini qo‘llab-quvvatlayotgan, o‘qitgani uchun haq ham so‘ramayotgan, o‘rni kelsa, shartnoma pulini to‘lab berayotgan hamkasblarimni bilaman. Ularni, rosti, jadidlarga qiyoslayman. Bor bo‘lishsin”.

2012-yili domlaning yuzga yaqin abituriyenti qatori talaba bo‘ldim. O‘tgan bir yilim mevasini berdi — grantda o‘qidim. Oramizdan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi, Islom akademiyasi, Ichki ishlar akademiyasi, Jahon tillari, Pedagogika, Sharqshunoslik, Yuridik, Milliy universitetlariga kirganlar bor edi. Qolgani boshqa universitet, institutlarga sochilib ketdi. O‘sha yilgi natija avvalgilaridan yaxshiroq chiqdimi yoki domlaning mehnati yuzaga qalqdimi, kelasi yildan abituriyent soni ikki karra oshganini eshitdim. Yillar o‘tgani sari talabgorlar ortayotganini haliyam bilib, kuzatib turibman.

“Repetitorlarga oson emas. Sal o‘zingni erkin sezib, bolalarni ham bo‘shroq qo‘ysang, bo‘ldi, bir yilni yo‘qotasan. Mana, bu yilgi kirish imtihonlarida 36 % abituriyent eng past ball 56,7 ni yig‘a olmagan. Bu o‘sha abituriyentning umumta’lim, hech bo‘lmasa, o‘ziga kerak fanlarni deyarli bilmasligi yoki o‘rtamiyona repetitorni tanlaganidan dalolat. Endi shu ko‘rsatkichni, 160—180, hatto, bundanam yuqori ball yig‘ganlar bilan taqqoslang. Ular fanlarni chuqur o‘zlashtirganki, natijasini hamma ro‘y-rost ko‘ryapti. Repetitorning mehnati katta bunda.

Lekin oxirgi paytlari fanni to‘liq bilmay yoki universitetning bitiruvchi kursida o‘qiyotib, repetitorlik bilan shug‘ullanayotganlar kasriga yillarini yo‘qotayotgan bolalar qolayotgani yomon. Ular ikki-uch yildan keyin tajriba va malaka yetishmasligidan sohadan ketadi. Jabrini ortda qolganlar totadi”, — deydi domla.

Balki, bo‘rttirayotgandirman, lekin domla sabab Rishton tumanida repetitorlik maktabi shakllandi. Odamlarning fikri o‘zgardi. Bolasi maktab ta’limi bilan o‘qishga kirolmasligini tushunganlar ortdi. Hatto Qoraqalpog‘istondan keladiganlar bor. Tabiiy, aniq, ijtimoiy-gumanitar fanlarning tayyorlov maktablari ochildi. Qizini oliy ma’lumotli bo‘lishini xohlaydiganlar tumanda sanoqsiz. Dunyoga boshqacha qarash shakllandi. Domladan oliy ta’lim tizimiga ishga chaqirishsa, borarmidingiz, deb so‘ragandik bir gal: “Yo‘q, ketmasdim. Uning mas’uliyati, talablari boshqa. Tayyor emasman, menimcha. Chunki tasavvurimdagi universitet ustozi falon-falon unvon, darajalardan baland turadi. Menda unday daraja yo‘q. Nasib bo‘lsa, ilmiy ish qilish rejam bor. O‘qituvchilikdan boshqa soha menga qo‘shimcha mashg‘ulotdek tuyuladi”, — degandi.

Foto: Mansurjon Sultonovning shaxsiy arxividan

Hozir o‘ylayman, odam yo‘l boshiga yetganda unga to‘g‘ri yo‘l qaydaligini va undan faqat o‘zi yura olishi mumkinligini ko‘rsatadigan yo‘lovchilar kerak ekan. 16-17 yoshimizda — hali haqiqiy hayotdan bexabar, o‘smirlik “tashvish”lari bilan andarmon o‘g‘il-qiz uchun domladek maslahatgo‘y ustoz zarur bo‘lgan ekan. Gohi ota-onasi tinglamasa, eshitishga vaqt topolmasa, ko‘nglidagini domlaga aytadigan yigitlar bo‘lardi guruhimizda.

Mana, bugun orzulariga erishgan, maqsadini bilgan, oyoqqa turib, poytaxtda qolib ham ketgan talay shogirdlari balki menga o‘xshab domlani faqat bayram kunlari yo‘qlab qo‘yar, yo bir-ikki yil unutib, uchinchi yili daraklab qolar... Menimcha, shu choqqacha o‘zi nima istayotganini domla oldida yurib aniqlashtirgan yigit-qiz soni mingdan oshsa kerak (balki bundanam ko‘pdir). Yutuq-quvonchimizda hissasi mo‘l insonning borligi baxt. Mingdan ziyod taqdirning taqdir bo‘lishida ilm, g‘ayrat, vaqt va asablaringizni ayamay sarflaganingiz uchunam rahmat, domla!

Muallif:Charos Nizomiddinova