“Sherif” Chempionlar Ligasining 2-turidan o‘rin olgan o‘yinda safarda “Real”ni mag‘lubiyatga uchratdi (2:1).

Foto: Getty Images

Moldavan klubining ilk goliga Jasur Yaxshiboyev mualliflik qildi. U 25-daqiqada chap qanotdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi. Shu tariqa 24 yoshli Yaxshiboyev “Real”ga gol urgan ikkinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi.

Ungacha Maksim Shatskix “Dinamo Kiyev” safida Chempionlar Ligasining 2006/07-yilgi mavsumi guruh bosqichi doirasida Madrid klubiga qarshi o‘yinda dubl qayd etgandi. Kiyevda o‘tgan o‘yin 2:2 hisobida yakunlangan.

Qayd etish kerak, Shatskix “Real”ga qarshi bahslarning to‘rtinchisiga kelib gol urgandi. U buning uchun 283 daqiqa sarflagan. Jasur Yaxshiboyev esa “Real”ga qarshi ilk bahsidayoq gol urdi. Unga buning uchun 25 daqiqa yetarli bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Jasur Yaxshiboyev 1997-yilning 24-iyunida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida tug‘ilgan. “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblangan Jasur 2020-yilda Belarusning “Energetik-BGU” jamoasiga o‘tgan. Minskliklar safidagi bir davrada 14 o‘yin o‘tkazib, 9 gol va 3 ta golli uzatma amalga oshirgan Jasur yozda “Shaxtyor” safiga borib qo‘shildi.

Mavsum yakunida Yaxshiboyev soligorskliklar safida Belarus chempioniga aylandi, shuningdek, u 16 ta gol bilan chempionat to‘purarlari jadvalida 2-o‘rinni egallaydi. 2021-yil boshida esa u Polshaning “Legiya” klubiga o‘tadi, biroq avgust oyining oxirida ijara asosida “Sherif”ga yo‘l oldi. Shartnoma 2021/22-yilgi mavsum yakuniga qadar tuzilgan.