Turkmanistonda 25-sentabr kuni Xalq maslahati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Undan so‘ng Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Vazirlar Mahkamasi a’zolari va parlament raisi mustaqillikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun bir-birlarini “Türkmenistanyň Garaşsyzlygynyň 30 ýyllygyna” (Turkmaniston mustaqilligining 30 yilligiga”) medallari va “Altyn şaý” esdalik tangalari bilan taqdirladi, deb yozadi “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Xuddi shu kuni ko‘p bolali onalarga “Zenan kalby” ordeni topshirildi, mamlakatning o‘nlab faxriy fuqarolari ham unvon va turli ordenlarga ega bo‘ldi.

20-sentabr kuni Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan yig‘ilishida Berdimuhamedov mukofotga loyiq ko‘rilgan barcha fuqarolarning paradda taqib yurishi uchun ularga 26-sentabr kuni davlat mukofotlarini topshirishni buyurdi. 27-sentabr kuni ertalab yangi Hukumat majmuasida tantanali harbiy parad, kechqurun esa san’at ustalarining konserti bo‘lib o‘tadi.

“Yaxshi natijalarga erishgan viloyatlar va etraplar hokimlariga kelsak, ularga paxta yig‘im-terimidan so‘ng mukofot topshirish to‘g‘ri bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, 26-sentabr kuni bir qancha nufuzli mehmonlar Turkmaniston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanalarda ishtirok etish uchun Ashxobodga keldi.

Shu kuni prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonda eng yirik qurilish shartnomalari ishonib topshirilgan Fransiyaning Bouygues qurilish kompaniyasi rahbari Martin Buygni qabul qildi. Kompaniya paradlarni qabul qilish uchun ochilgan yangi tribunani qurgan. Unga eski tribunani ishbilarmonlarni qabul qilish markazi sifatida qayta qurish topshirig‘i berildi.

Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashuvda esa ikki tomonlama hamkorlik muhokama qilindi. So‘ng Berdimuhamedov o‘z hamkasbiga Turkmanistonning “Garaşsyzlyk” ordenini topshirdi. Tatariston rahbarining saytida muzokaralar haqida xabar berilmagan.

Turkmaniston rahbari Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglovni ham qabul qildi. Gubernatorning veb-saytida xabar berilishicha, Beglov bosh vazir o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov va tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uchrashgan. Qayd etilishicha, 2021-yilda Sankt-Peterburg va Turkmaniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 30 foizga oshgan.

Rasmiy uchrashuvlardan so‘ng Sankt-Peterburg rahbari Ashxoboddagi A.S. Pushkin nomidagi turkman-rus maktabiga tashrif buyurdi. U yerda u o‘quv adabiyotlari uchun sertifikat taqdim etdi. Ta’kidlanishicha, maktab o‘quvchilarining 50 foizini Rossiya fuqarolari, yana shuncha foizini Turkmaniston, shuningdek, Ashxoboddagi MDH mamlakatlari diplomatik vakolatxonalari xodimlarining farzandlari tashkil etadi. Umumiy hisobda maktabda 800 dan ortiq bola va 70 nafar o‘qituvchi bor.