Toshkentda taksi haydovchisi 3 nafar yo‘lovchi ayolga shilqimlik qilgani haqida xabar berilgandi. 22-sentabr kuni ushbu haydovchiga sud hukmi o‘qildi, deb xabar beradi “Nemolchi.uz”.

Ma’lum qilinishicha, ayollarga mashinasida massaj taklif qilgan erkak besh sutkalik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Sud majlisida ishtirok etgan jabrlanuvchilardan biri hukmdan mamnun ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taksi haydovchisining hayoti ostin-ustun bo‘lib ketgan.

“Taksi haydovchisi, albatta, kechirim so‘radi va yig‘lab yubordi. Xotini yuragidagi muammosi sabab reanimatsiyada. Yandex (Yandex.Go — tahr.) uni uch yilga blokladi. Ijaraga olingan mashinasini egasi olib ketdi.

Biz hukmdan mamnunmiz: shu 24 soat ichida uning butun hayoti ko‘z oldidan o‘tdi. Ishonamanki, taqdir uni to‘liq jazoladi. Bu kurashning boshlanishi edi. Muhimi, odamlar endi bunday holatlarda jim ketmayapti”, — dedi jabrlanuvchilardan biri.

Bundan avval Toshkent metropolitenida 13 yoshli qizga behayo harakatlar qilgan shaxs ushlangani va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.