Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 19-fevral kuni Namangan shahridagi “Saxovat” uyini borib ko‘rgan, nuroniylar uchun yangi bino qurilishiga va’da bergan edi.

Qayd etilishicha, shundan so‘ng bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. 120 o‘rinli yangi “Saxovat” uyi binosi, 4 ta kottej qurildi. Ma’muriyat va xo‘jalik binolari ta’mirlanib, elektr energiyasi, suv, isitish tarmoqlari yangilandi.

Shavkat Mirziyoyev viloyatga navbatdagi tashrifi chog‘ida u yerga yana borib, keksalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Saxovat” uyida har bir yashovchi uchun alohida xona ajratilgan bo‘lib, xonalar televizor, muzlatgich, mebel bilan jihozlangan. Oshxona, muolaja va fizioterapiya xonalari, suv havzasi, trenajyor zali bir binoda joylashgani keksalarga qulaylik yaratgan. Nuroniylar vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun dam olish joylari, kutubxona tashkil etilgan.

Ziyoratlarga borish uchun “Saxovat” uyiga Prezident sovg‘asi — Isuzu avtobusi ham berilgan.

Shavkat Mirziyoyev yangi manzilga kelib, nuroniylar bilan suhbat qurdi va o‘sha kunni esladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“O‘sha kuni rosa kech bo‘lib, hamma charchagandi. Ammo bir nima bo‘ldi-yu Xudo ko‘nglimga soldi. Yonimdagilarga ‘Saxovat uyi’ga boramiz desam, ular meni boshqa joyga olib borishdi. Mehribonlik uyiga bordik. Lekin baribir ko‘nglim tinchimadi.

Toshkentga qaytayotgan payt ‘yo‘lni buring’ dedim. ‘E, u joyga olib boradigan yo‘llar yomon, shart emas’ deyishdi. ‘Xo‘p, otda borsa bo‘lar’, dedim. O‘shanda Xudoning o‘zi yo‘l ko‘rsatgandi.

Toshkentga borib ham, hurmatingizni joyiga qo‘yish haqida ko‘p o‘yladim. Axir, davlat rahbari sifatida sizlarga sharoit yaratib berish — mening vazifam. Bugun mana shunday yangi sharoitlaringizni ko‘rib, og‘iringiz yengil bo‘lganini his qilib, o‘zimni baxtiyor sezyapman. Sizlar hayotdan rozi bo‘lsalaringiz, Alloh bizdan rozi bo‘ladi, yurtimiz tinch, ishimizda baraka bo‘ladi.

Mana sizning yangi uy, yangi sharoitingizni ko‘rib, sal bo‘lsa-da mushkullaringizni yengil qila olganimiz uchun o‘zim ham bugun ruhan yengillashdim”, — dedi prezident.

Nuroniy ota va onaxonlar yaxshi sharoitlar, e’tibor uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, yurtga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini yakunlab, Farg‘onaga jo‘nab ketdi.