Toshkent viloyati Piskent tumanida “Jiguli” haydovchisi yo‘ldan o‘tayotgan piyodani urib yubordi, deya xabar bermoqda YXHBB.

Kadr: Videodan skrinshot

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 21-sentabr kuni soat 4:00 larda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tuman hududidan o‘tgan 4R–19 avtomobil yo‘lining 5-kilometrida Piskent yo‘nalishidan Nurafshon yo‘nalishiga harakatlanib ketayotgan noma’lum transport vositasi yo‘lni kesib o‘tayotgan 1981-yilda tug‘ilgan piyodani urib yuborgan.

Oqibatda piyoda olgan tan jarohati tufayli voqea joyida vafot etgan.

IIO xodimlari tezkor surishtiruv va kameralarda qayd etilgan videoyozuvlarni o‘rganish natijasida ushbu YTHni “VAZ-2106” haydovchisi 1995-yilda tug‘ilgan fuqaro sodir etgani aniqlangan.

Tafsilotlarda aytilishicha, gumondor haydovchi o‘sha kuni ertalabgacha do‘sti bilan maishat qilib uyga qaytayotganda, bomdod namozini o‘qish uchun masjidga ketayotgan 40 yoshli fuqaroni katta tezlik sabab urib ketgan.

“Telefonga chalg‘ib, odam urib yuborganimni bilganim yo‘q. Svetoforga yetganda ‘lobavoy’ singanini ko‘rib orqaga qaytdim. Lekin yo‘l chetida hech kim ko‘rinmadi”, – deydi haydovchi.

Hozirda O‘rta Chirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Haydovchi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.