Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarning buzilishiga javobgarlikning yo‘qligi ushbu sohada ko‘plab muammolarni yuzaga keltirmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev 23-sentabr kuni tashkil etilgan davra suhbatida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Ba’zi hollarda jurnalistlarning kameralarini sindirishganini ko‘rdik. Shuningdek, jurnalistlar qayergadir kiritilmagani yoki quvlagan holatlarini ko‘rdik. Juda uyat va kulgili holatlar bo‘ldi. Buning natijasida nima bo‘ldi? Jamoatchilik buni ko‘rdi, jurnalistning kasb faoliyatiga nisbatan noto‘g‘ri munosabat bo‘layotganini bildi. Lekin bu qanday huquqiy oqibatga olib keldi? Bunga javob yo‘q”, — deydi Kusherbayev.

Uning ta’kidlashicha, jurnalistlarni himoya qilishga doir qonunlar borligiga qaramay, ular uchun javobgarlik yo‘q. “Deputatlar bir necha bor ushbu muammoni hal etishga urindi, ammo ayrim idoralar buni xohlamadi”, — deydi Kusherbayev.

“Deputatga nima xalaqit beradi? U ishlab chiqilgan qonun loyihasini tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishib chiqishi kerak. Men qaysidir vazirlik yoki idora bilan doim jiqqamusht bo‘lsam-da, ammo ertasiga unga borib ‘iltimos, imzo qo‘yib bering’ shu qonunni o‘tkazishsin desam. Bu narsa bizlarga xalaqit beradi. Buni [hujjatni — tahr.] hukumat o‘zining richagi orqali olib kirsa, u tezkor o‘tib ketishi mumkin”, — deydi deputat.

Uning eslatishicha, qonunchilik tashabbusini kiritish huquqi Prezident, Vazirlar Mahkamasi, bosh prokuror, deputatlar va boshqalarda bor. Ammo deputatlar qonun loyihasini vazirlik va davlat idoralari bilan kelishmagan holda Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun kirita olmaydi, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib keladi. Hozirda deputatlarga tashabbusli hujjatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritish imkoniyatini joriy etish taklif qilinmoqda.

“Aynan shu parlament quyi palatasiga jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilish va uni ta’qib qilish uchun javobgarlikni belgilash borasidagi qonun loyihasini kiritish maummo tug‘dirmoqda. Bu kabi javobgarlik hozirda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston jinoiy javobgarlik qonunchiligida belgilangan”, — deya qayd etadi deputat.

“Biz qonun loyihasini joriy yilda o‘tkazishga harakat qilamiz. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, bu oson emas. So‘z erkinligiga bog‘liq qonunlar — bu siyosiy xarakterga ega qonunlar. Shuningdek, bu nozik masala. Agarda biror nimani o‘zgartirishga urinsangiz, birinchi navbatda sizga xalqaro tashkilotlar tanqid yog‘diradi. Ikkinchidan, bu nozik masala, chunki ma’lum siyosiy yo‘nalishga bog‘liq”, — deydi Kusherbayev.

Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, hozirda davlat rahbarining chiqishlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga javobgarlikni kiritish masalasi ko‘tarilmoqda.

“To‘g‘ri, bu yerda gap tahririyatlar, OAV faoliyati haqida ketmoqda. Ya’ni bu ma’muriy javobgarlik belgilanadigan harakatlar bo‘lishi mumkin. Masalan, muassisning tahririyatning ijodiy faoliyatiga aralashuvi yoki tashqaridan aralashuv. Lekin aynan jurnalistik kasb nuqtayi nazardan oladigan bo‘lsak, biz ta’qib qilganlik, xalaqit qilishni Jinoyat kodeksi darajasiga kiritishimiz kerak”, — deydi u.

Jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilish uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish taklifi 2020-yilning avgustida bildirilgan, ammo qabul qilinmagan edi.

2021-yilning fevralida Jinoyat kodeksiga jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ya’ni uni biror-bir axborotni tarqatishga yoki tarqatmaslikka majburlash maqsadida o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, jurnalistga yoxud uning yaqin qarindoshiga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish kabi holatlar uchun Jinoyat kodeksiga javobgarlikni kiritish taklifi bildirilgan edi.