Londondagi “Tottenhem Hotspur” stadionida Toshkent vaqti bilan 25-sentabrdan 26-sentabrga o‘tar kechasi katta boks oqshomi bo‘lib o‘tadi.

Foto: Getty Images

Musobaqaning asosiy jangida super og‘ir vazn toifasida WBA, WBO, IBF va IBO kamarlari sohibi Entoni Joshua (24-1, 22 KO) va Oleksandr Usik (18-0, 13 KO) o‘zaro to‘qnash keladi.

Boks oqshomi Toshkent vaqti bilan 25-sentabr kuni 22:00 da boshlanadi. Ushbu boks kechasidan 7 ta jang o‘rin olgan. Usik — Joshua jangi esa eng so‘ngisi bo‘ladi. Markaziy jang taxminan tungi soat 02:00 dan keyin boshlanadi.

Ushbu musobaqa O‘zbekiston telekanallari orqali namoyish etmaydi. Jang videolarini bu yerda tomosha qilish mumkin — havola.

Musobaqaning boshqa asosiy janglari ro‘yxati bilan tanishing:

  • Lourens Okoli (16-0, 13 KO) — Dilan Prashovich (15-0, 12 KO).
  • Kallum Smit (27-1, 19 KO) — Lenin Kastilyo (21-3-1, 16 KO).
  • Kempbell Hatton (3-0, 0 KO) — Sonni Martines (2-4, 0 KO).

Ma’lumot uchun, britaniyalik 31 yoshli bokschi so‘nggi jangini 2020-yilning dekabrida Kubrat Pulevga qarshi o‘tkazib, 9-raunddagi nokaut evaziga g‘alaba qozongandi. Joshua faoliyati davomida Dillian Uayt (2015), Vladimir Klichko (2017) va Aleksandr Povetkin (2018) kabi mashhur bokschilarga qarshi jang qilib, g‘alaba qozongan. U faoliyatidagi yagona mag‘lubiyatni 2019-yil Endi Ruisga qarshi jangda qabul qilib olgan, biroq o‘sha yilning o‘zida undan revansh olgandi.

34 yoshli Usik 2019-yilda og‘ir vazn toifasiga o‘tgan. Bu vazndagi ilk jangini 2019-yil 10-oktabrida Chazz Uizerspunga qarshi o‘tkazib, ochkolar evaziga g‘alaba qozongan. Ikkinchi jangini esa 2020-yil 31-oktabrida Derek Chisoraga qarshi o‘tkazib, ochkolar evaziga g‘alabani qo‘lga kiritgan.