Dunyo va o‘zbek sportiga oid 15-sentabr kunining eng muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

Foto: O‘FA

Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston futzal terma jamoasi 15-sentabr kuni Rossiyaga qarshi bahs olib boradi. Birinchi turda Gvatemaladan alamli mag‘lubiyatni qabul qilib olgan o‘zbekistonlik futzalchilar kuchli raqibdan ochko tortib olishga harakat qiladi, aks holda guruhdan chiqish masalasi qiyin bo‘lib qolishi mumkin. Rossiya dastlabki turda Misr terma jamoasini 9:0 hisobida taslim etgandi.

Tokio—2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan sportchilar taqdirlanishda davom etmoqda. Bu safar viloyat hokimliklari atlet va paraatletlarni mukofotladi. Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Paralimpiya o‘yinlari chempioni Husniddin Norbekovga Samarqand shahridan uch xonali uy, Paralimpiya o‘yinlari kumush medal sohibi Parvina Samandarova va dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari bronza medali egasi Davlat Bobonovga ikki xonali uy kalitini topshirdi. Shuningdek, o‘yinlarga litsenziyani qo‘lga kiritgan sportchilarga Samarqand shahridan boshlang‘ich to‘lovi to‘langan ikki xonali uy hamda ularning murabbiylariga 25 million so‘mdan pul mukofoti berildi.

Foto: Turizm va sport vazirligi

Xorazm viloyatida ham mahalliy sportchilar munosib taqdirlandi. Viloyat hokimi Farhod Ermanov Paralimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan Uchqun Quronboyev va uning murabbiyi Alfiya Ibragimovaning har biriga ikki xonali, pauerliftingchi Ro‘za Qo‘ziyeva va paradzyudochi Nafisa Sharipboyevaga esa bir xonali uy kalitini topshirildi.

Avvalroq Andijon viloyati hokimi Paralimpiya o‘yinlari oltin medali sovrindori Bobur Omonovga Andijon shahridan 2-xonali xonadon sovg‘a qilgandi.

Jahon

Yevropa maydonlarida 14-sentabr kuni Chempionlar Ligasining guruh bosqichi start oldi. Dastlabki kunda to‘rtta guruhda 1-tur uchrashuvlari o‘tkazildi.

Foto: UEFA

“Barselona” 24 yil deganda ilk bor Chempionlar Ligasini mag‘lubiyat bilan boshladi. Katalonlar o‘z uyida “Bavariya”ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. “Barselona” ketma-ket uchinchi marta Myunxen klubiga mag‘lub bo‘ldi.

Kutilmagan natija esa Shveysariyadagi o‘yinda yuz berdi. “Manchester Yunayted” “Yang Boyz”ga qarshi bahsda (1:2) Aaron Uan-Bissakaning chetlatilishidan keyin bir o‘yinchi kam bo‘lib qoldi va so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, imkoniyatni boy berdi. Ole-Gunnar Sulsher shogirdlari bu o‘yinda raqib darvozasi tomon 2 ta zarba berdi. Bu klub uchun statistika yuritilishi boshlangan 2003/04-yilgi mavsumdan beri eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Zarbaning ikkisini ham Ronaldu ijro etdi. Ronalduning o‘rniga tushgan Jessi Lingard so‘nggi soniyalarda xatoga yo‘l qo‘ydi va mezbonlar g‘alaba to‘pini kiritishga erishdi.

Foto: Getty Images

Ushbu o‘yindan oldin kutilmagan holat yuz berdi. Ronalduning mashg‘ulot vaqtida yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p qo‘riqchi ayolga tegdi va uni muvozanatdan chiqardi. Krishtianu darhol ayolning yoniga bordi va uzr so‘radi. Uchrashuvdan keyin futbolchi libosini qo‘riqchi ayolga taqdim qildi.

15-sentabr oqshomida 1-turning qolgan uchrashuvlari o‘tkaziladi. Jasur Yaxshiboyevning “Sherif” klubi “Shaxtyor”ga qarshi bahs yuritadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 21:45 da boshlanadi.

YChL

1-tur bahslari

A guruhi

“Manchester Siti”—“Leypsig”|00:00

“Bryugge”—“PSJ”|00:00

B guruhi

“Atletiko M”—“Portu”|00:00

“Liverpul”—“Milan”|00:00

C guruhi

“Beshiktosh”—“Borussiya D”|21:45

“Sporting”—“Ayaks”|00:00

D guruhi

“Sherif”—“Shaxtyor D”|21:45

“Inter M”—“Real M”|00:00

Foto: Getty Images

Ronald Kumanning kursisi “qimirlab” qoldi

“Bavariya”ga uchralgan mag‘lubiyatdan keyin “Barselona” prezidenti, Kuman va rahbariyatning ayrim vakillari ishtirokida majlis o‘tkazilgan. Bu majlis keskin kayfiyatda o‘tgan, deya xabar qilmoqda El Chiringuito. Ayrim OAV katalon klubi Kuman o‘rniga boshqa murabbiy qidirishga tushgani haqida aytmoqda.

Yevrokuboklarga qarshi kurash davom etadi

“Napoli” prezidenti Aurelio de Laurentis YChL va Yevropa Ligasi musobaqalari o‘rniga boshqa turnir tashkil qilish hamda futbol qoidalariga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi. Uning taklifi Yevropa Superligasi g‘oyasiga o‘xshash, faqat unga kirish sport prinsiplari bo‘yicha bo‘ladi.

Tizim ishlamayapti. Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi klublarga foyda keltirmayapti. Butun Yevropa milliy ligalaridagi klublar sonini kamaytirish evaziga o‘yinlar sonini qisqartirish lozim. Bundan tashqari ichki chempionatlardagi natijalarga qarab ishtirok etish mumkin bo‘lgan yangi Yevrokubokni joriy qilish kerak. Men loyihani o‘rganib chiqdim va 10 milliard yevro sarmoya kiritishga tayyorman.

Agar futbol qoidalarini o‘zgartirib, uni yanada qiziqarliroq qilmasak, yosh avlod bizni tashlab ketadi. Tadqiqotlarga ko‘ra 25 yoshdan kichik bo‘lgan bolalar futbol tomosha qilmay qo‘ygan va o‘z smartfoniga tikilishni ma’qul ko‘radi.

Aurelio de Laurentis, “Napoli” prezidenti

Foto: Instagram/@Canelo

Kanelo supero‘rta vazn toifasining mutlaq chempionligi uchun jang qiladi

Supero‘rta vazn toifasida WBC, WBA va WBO kamarlari sohibi Saul Alvares 6-noyabr kuni AQShning Las-Vegas shahrida IBF kamariga egalik qilayotgan Kaleb Plantga qarshi ringga ko‘tariladi. Bu jang divizionning mutlaq chempionligi uchun kechadi.

Alvares so‘nggi bir necha oy ichida Billi Jo Sonders, Avni Yildirim va Kallum Smit kabi kuchli bokschilarni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.