So‘nggi yillarda o‘zbekistonliklar orasida xorijda o‘qish va yashash istagi tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, chet tillarini o‘zlashtirib, dunyo OTMlariga o‘qishga kirayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Ko‘pchilikda xorijda tahsil olishga intilish holati har bir davrda bo‘lishi tabiiy. Ayni vaqtda O‘zbekiston hukumati va boshqaruv tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritayotgan shaxslar ham o‘z vaqtida xorijda o‘qigan.

“Daryo” dunyoning turli nuqtalarida joylashgan universitet va institutlarda tahsil olgan o‘zbek amaldorlarini bir sahifaga jamladi.

Saida Mirziyoyeva

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva 2001—2006-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro huquq bo‘yicha bakalavr darajasini olgan. 2006—2008-yillarda Toshkent davlat yuridik universitetining huquqshunoslik magistri, 2008—2010-yillarda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining iqtisod fanlari magistri hisoblanadi.

37 yashar Saida Mirziyoyeva 2021-yilning 25-iyun kuni M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida iqtisodiyot bo‘yicha dissertatsiya (PhD) yoqladi.

Aziz Abduhakimov

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

O‘zbekiston bosh vazirining 47 yoshli o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirgach, 1999—2001-yillarda Yaponiyadagi Hitotsubashi universitetining xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlagan.

Sardor Umrzoqov

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov 1998-yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Xalqaro moliya va bank ishi fakultetini tamomlagan.

44 yoshli hukumat vakili 1998—1999-yillarda Buyuk Britaniyadagi Reding universitetida “Bank ishi” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturada o‘qigan. U iqtisodiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy unvonga ega.

Ibrohim Abdurahmonov

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 1992—1997-yillarda hozirgi O‘zMUning Biologiya-tuproqshunoslik fakultetida tahsil olgan.

1998—2001-yillarda O‘zbekiston Prezidentining “Umid” jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan AQShning Texas qishloq xo‘jaligi va mexanika universitetida o‘qib, o‘simliklar seleksiyasi va genlar injenerligi sohasi bo‘yicha magistr darajasiga ega bo‘lgan.

46 yoshga to‘lgan Abdurahmonov biologiya fanlari doktori, professor. 2014-yilda Butunjahon Fanlar akademiyasi (TWAS) va 2017-yil O‘zR Fanlar akademiyasi akademigiga aylangan.

Sherzod Shermatov

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Aprel oyida 44 yoshni qarshilagan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Toshkent davlat texnika universitetining 1998-yilgi bakalavriat bitiruvchisi hisoblanadi. U ham “Umid” jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan 1998—2000-yillarda AQShning Yel universitetida tahsil olib, xalqaro va rivojlanish iqtisodi mutaxassisligi bo‘yicha magistr diplomini qo‘lga kiritgan.

Otabek Nazirov

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining 46 yoshli maslahatchisi — O‘zbekistonning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori Otabek Nazirov ham okean ortida tahsil olgan.

U 1998-yilda makroiqtisodiyot ixtisosligi bo‘yicha AQShdagi Nyu-York davlat universitetini tamomlagan. Ma’lum vaqt Amerikadagi Goldman Sachs va JPMorgan Chase, Rossiyadagi “Troyka Dialog” va MDM Bank kabi yirik moliyaviy va investitsiya kompaniyalarida, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida mehnat qilgan.

Narzullo Oblomurodov

Foto: “Gazeta.uz”

O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi Narzullo Oblomurodov mutaxassisligi bo‘yicha iqtisodchi. 1996-yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini bitirgan. 1999—2000-yillarda Buyuk Britaniyaning Birminghem universitetida Xalkaro moliya va bank ishi yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada o‘qigan.

46 yoshli Narzullo Oblomurodov 2008-yil O‘zMUda iqtisod fanlari nomzodlik ishini himoya qilgan va xuddi shu yili unga dotsent ilmiy unvoni berilgan.

Alisher Qodirov

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov 1991—1996-yillarda Turkiyadagi Egey universitetida o‘qigan. 46 yoshli taniqli deputatning bakalavr darajasi bo‘yicha mutaxassisligi filolog. 2009-yilda Toshkent moliya institutining sirtqi bo‘limini tamomlagan.

Farhod Ibragimov

Foto: Facebook / @Farxod Ibragimov

Toshkentdagi IT-park direktori Farhod Ibragimovning mutaxassisligi: huquqshunos, xalqaro biznes, ko‘chmas mulkni boshqarish, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va AKT sohasidagi boshqaruv.

38 yoshli Ibragimov 2000—2004-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘qigan. 2005-yilda Shvetsiya Qirollik texnologiya institutining magistratura bosqichini tugatgan. 2015-yilda Janubiy Koreyadagi davlat xizmatchilarini tayyorlash Markaziy institutini bitirgan.

Timur Ishmetov

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

42 yoshli Moliya vaziri Timur Ishmetov 2000-yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. 2003—2005-yillarda Buyuk Britaniyadagi Birminghem universitetida Xalqaro pul va bank ishi bo‘yicha magistr darajasini olgan. Shuningdek, u 2008-yilda Toshkent davlat yuridik universitetining yurisprudensiya fakultetini ham tugatgan.

Ruslanbek Davletov

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos, iqtisodchi. U 1996—2001-yillarda Buyuk Britaniyaning Uorik universitetida o‘qigan. 2003-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining magistratura bosqichini, 2007-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va 2010-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

41 yoshli Davletov 1-darajali adliya maslahatchisi hisoblanadi.

Akmal Burxonov

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov uchta oliy o‘quv yurtida tahsil olgan. U Toshkent davlat yuridik institutining 2001-yildagi bakalavr bitiruvchisi sanaladi. May oyida 40 yoshni qarshilagan Burxonov 2001—2003-yillarda Moskva davlat yuridik institutida, 2005—2007-yillarda Yaponiyadagi Nagoya universitetida o‘qigan.

Abdulla Azizov

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov 2004-yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini tamomlagan. 2004—2006-yillarda Daniyaning Orxus universitetida moliya va xalqaro biznes yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan. 2006-yilda Daniyaning Orxus texnika kollejini tamomlagan va IT-dasturchi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan.

Shuhrat Sattorov

Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

Respublika ta’lim markazining 36 yashar direktori Shuhrat Sattorov 2004—2008-yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetida o‘qigan. 2010-yili Hindistonning Puna universitetini, 2020-yili Janubiy Koreyaning Yonsey universitetining Davlat va biznes boshqaruvi fakultetini bitirgan.

Mirolim Isajonov tayyorladi