Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva COVID-19 bilan bog‘liq savollarga javob qaytardi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

To‘g‘ri, bolalar koronavirus infeksiyasining tarqatuvchisi ekani to‘g‘risida ko‘p bora ta’kidlab kelamiz. Qachonki bolalar va ularning murabbiylari hamda ota-onalar karantin qoidalariga rioya qilmasa, bu omil kasallik tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bilamizki, har bir maktabda bolalar salomatligi va holatini nazorat qiluvchi filtrlar mavjud. U yerda o‘quvchilarning tana harorati o‘lchanadi. Bolalar maktabga niqobda borish, qo‘llarni sovunlab yuvish kabi qoidalarga to‘liq rioya qilishi zarur.

Bolalarga tushlik uchun ota-onalar uydan imkon qadar vitaminlarga boy ovqatlarni berib yuborishlari maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, o‘quvchilarda ko‘proq suyuqlik ichish imkoni bo‘lishi kerak.

Ota-onalar farzandlariga maktabdan qaytgach, albatta, yuz-qo‘llarini sovun bilan yaxshilab yuvishi zarurligini o‘rgatishi lozim. Shuningdek, bolalar uyda ustki kiyimlarini yechganlaridan keyin, tomoq va burunlarini oddiy iliq suvda 2-3-marta chayganidan so‘nggina oila a’zolari yoniga kirsalar, ularni himoyalagan bo‘ladi.

Shu o‘rinda mamlakatimizda vaksinatsiya jarayonlarining dastlabki bosqichlarida xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini emlashga bejiz alohida e’tibor qaratilmaganini ta’kidlash kerak. Hozirda maktab o‘qituvchilari va boshqa xodimlarning deyarli barchasi vaksina olgan. Tabiiyki, bu ularning COVID-19 koronavirus infeksiyasidan himoyalanganini bildiradi.

Sevara Ubaydullayeva, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi 

Avvalroq O‘zbekiston maktablarida darslar to‘liq an’anaviy tarzda boshlangani, o‘quvchi qizlarning maktabga ro‘mol o‘rab kelishiga ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi.