Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida Afg‘onistondagi vaziyat, “Tolibon” bilan olib borilayotgan muloqot haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Tolibon bilan kecha yoki bugun emas, ikki yil oldin muloqotni boshlagandik. Televizorda ko‘rgan bo‘lsangiz, ularning Dohadagi rahbari Mulla Abdul G‘ani Birodar janobi oliylari ham o‘shanda O‘zbekiston xalqiga, O‘zbekiston tomoniga birorta o‘q otilmasligi bo‘yicha va’da bergandi. Va’dasini bajarayotgani uchun ham ular bilan muloqot qilishimiz tabiiy.

Menga xalqimning tinchligi kerak, osoyishtaligi kerak. Faqat va faqat o‘zbek xalqimning, jonajon O‘zbekistonning tinchligiga ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar, muloqotga kirishishga tayyorman.

2 yil oldingi tahlillarimiz toliblarning kuchayishidan dalolat bergan edi. Shuning uchun ikki yil oldin ular bilan muloqotlarni boshlagandik”, —  deya uning so‘zlarini keltirib o‘tdi bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov amerikalik teleboshlovchi Dennis Uoli bilan This Is America TV teleloyihasi doirasida bo‘lib o‘tgan intervyusida O‘zbekiston “Tolibon” yetakchilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani o‘rnatgan birinchi mamlakat bo‘lganini aytib o‘tgandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa mamlakat Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib borayotgani, chegara himoyasini ta’minlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo‘yicha “Tolibon” harakati vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lib turganini ma’lum qildi.