O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bayonotida so‘z boradi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ichki afg‘on kuchlarining inklyuziv hukumat shakllantirishga tayyorligi haqidagi bayonotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Dohadagi afg‘onlararo muzokaralar doirasida keng ko‘lamli tinchlikka erishilishiga umid bildiramiz.

Umid qilamizki, mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini inobatga olgan holda umumiy konsensus asosida tinch yo‘l bilan amalga oshiriladi. Ishonchimiz komil, vaziyatning bu yo‘nalishda rivojlanishi milliy kelishuvga erishishga olib keladi hamda kuchli va layoqatli davlatni shakllantirish uchun sharoit yaratadi.

O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashga va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga sodiqligini qat’iy bildiradi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonning Kobul va Mozori Sharifdagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda ishlamoqda.

O‘zbekiston tomoni chegara himoyasini ta’minlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo‘yicha “Tolibon” harakati vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi.

Shuni qat’iy ma‘lum qilamizki, O‘zbekiston davlat chegarasini buzishga bo‘lgan har qanday urinishlar milliy qonunchilikka muvofiq keskin ravishda bartaraf etiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi

Avvalroq O‘zbekistonga bir kunda 158 nafar Afg‘oniston fuqarosi va harbiy xizmatchisi Amudaryodan o‘tib, noqonuniy kirib kelgani, Sherobodda O‘zbekiston va Afg‘oniston harbiy samolyotlari to‘qnashgani to‘g‘risida xabar berilgandi.