Yaponiyaning Tokio shahrida 25-avgust kuni XVI Paralimpiya o‘yinlarida musobaqalar start oldi.

Foto: MOQ

Dastlabki kungi bahslarda besh nafar o‘zbekistonlik suzuvchi ishtirok etdi.

Erkaklar o‘rtasida 100 metrga batterflyay usulida suzish (S12 klass) musobaqasida Islom Aslanov bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi uchun Tokio o‘yinlaridagi ilk medal bo‘ldi. Xuddi shu yo‘nalishda qatnashgan Muzaffar Tursunxo‘jayev marraga beshinchi bo‘lib yetib keldi.

Ayollar o‘rtasida 100 metrga batterflyay usulida suzish (S13 klass) bahslari finalida Shohsanamxon Toshpo‘latova to‘rtinchi o‘rinni egalladi. U saralash bahslarini birinchi o‘rin bilan yakunlagandi.

Mazkur yo‘nalishda qatnashgan Nigoraxon Mirzohidova va Muslima Odilova esa saralashdan o‘ta olmadi.